YHXB sayti buzib kirilib, jarimalar haqidagi ma’lumotlar o‘chirib yuborilgani rostmi?
Jamiyat
−
23 dekabr 2022
12261Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi sayti buzib kirilib, unda avtomobillarning jarimalari haqidagi ma’lumotlar, videokuzatuv moslamalari yordami tuzilgan bayonnoma qaydlari o‘chirib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov tarqalgan xabarlarga izoh berdi.
Uning qayd etishicha, tarmoqdagi ma’lumotlar haqiqatga mos kelmaydi.
“Hozirgi kunda Toshkent shahar IIBB YHXB sayti mavjud emas. 2018 yilda IIBB YHXB saytini yuritish uchun test rejimida platforma ishlab chiqilgan, lekin o‘rnatilgan talablarga, shu jumladan xavfsizlik normalariga javob bermaganligi uchun sayt faoliyati to‘xtatilgan”, deydi G‘iyosov.
Bayonotda alohida urg‘ulanishicha, Ichki ishlar vazirligining barcha rasmiy resurslari xavfsizligi to‘liq ta’minlangan.
“Ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deydi G‘iyosov.
LiveBarchasi