Vuchich 11 dekabrni prezidentlik davridagi eng og‘ir kun deb atadi. Kosovodagi voqealar rivoji
Olam
−
12 dekabr 2022
4435Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Kosovo va Metoxiyadagi keskinlik nuqtai nazaridan bu yakshanba – 11 dekabr davlat boshqaruvi davrida u uchun eng og‘ir kun bo‘lganini aytdi.
U 11 dekabr kuni Milliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishidan keyin xalqqa murojaati chog‘ida shunday bayonot bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prishtina hukumati Kosovodagi “serb muammosi”ga barham berishga harakat qilmoqda, ayni paytda xalqaro hamjamiyat bunga e’tibor bermayapti.
Vuchichning qayd etishicha, Kosovo politsiyasi ketma-ket uchinchi kundirki, serblar yashaydigan mintaqa hududiga maxsus bo‘linmalar bilan bostirib kirmoqda.
“Bugun – men uchun Serbiya Respublikasi Prezidenti yoki Serbiya hukumati rahbari bo‘lganimdan beri eng og‘ir kun bo‘ldi va ehtimol, eng og‘ir tun oldinda. Siz bu yerda bino (Prezident qarorgohi)da boshqacha muhitni ko‘rdingiz”, deb ta’kidlagan u Serbiya radio va televideniyesi efirida.
Vuchich, shuningdek, kun bo‘yi Yevropa Ittifoqi vakillari bilan aloqada bo‘lganini, Shimoliy Atlantika alyansining Kosovodagi tinchlikparvar missiyasi (KFOR) qo‘mondoni bilan ham suhbatlashganini ta’kidladi. U Serbiya rahbarini Kosovo politsiyasining viloyat shimoliga noqonuniy bostirib kirishiga yo‘l qo‘ymasligiga ishontirgan.
“Ammo bu sodir bo‘ladimi, buni hech kim aniq ayta olmaydi”, deydi davlat rahbari.
Serbiya prezidenti, shuningdek, Belgrad NATOning Kosovodagi tinchlikparvar missiyasidan serb qo‘shinlari va politsiya bo‘linmalarini tan olinmagan respublikaga joylashtirishga ruxsat so‘rashini qo‘shimcha qilgan. Shu bilan birga, Vuchich so‘rov rad etilishiga ishonch bildirgan.
Bundan tashqari, Serbiya rahbari Vashington va Prishtinani Kosovo bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning birortasiga ham amal qilmayotganlikda aybladi. Uning tushuntirishicha, BMT Nizomi, BMT Xavfsizlik Kengashining 1244-rezolyutsiyasi, Bryussel va Vashington kelishuvlari mintaqaga nisbatan bajarilmayapti. Shu bilan birga, Vuchich serblar va albanlarni tinchlikka chaqirgan.
Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi vaziyat
Kosovo (serblari bir qator ommaviy deportatsiya va to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z hududlaridan chiqarib yuborilgandan so‘ng, ular hozirda Kosovoning 1,8 million aholisidan 120 mingga yaqin kishini tashkil qiladi) shimolidagi keskinlik 10 dekabr kuni boshlandi.
Bu mahalliy hukumat sobiq politsiyachi Deyan Pantichni hibsga olganidan keyin sodir bo‘lgan. U bir oy oldin boshqa bir qancha serb hamkasblari bilan birga Kosovoning Belgradda berilgan avtomobil raqamlarini Prishtina raqamlariga almashtirish qaroriga norozilik sifatida o‘z xizmatidan iste’foga chiqqandi.
Bunga javoban 10 dekabr kuni serblar Kosovo shimolida barrikadalar qurishni boshlagan. Keyin Prishtinadan politsiya maxsus kuchlari mintaqa shimoliga kiritildi. 11-dekabr, yakshanbaga o‘tar kechasi Gazivode ko‘li yaqinida, Brnjak nazorat-o‘tkazish punkti yo‘nalishida uchta otishma sodir bo‘ldi.
Rasmiylar Pantichni "terrorizmda" ayblab, u "jinoiy guruhlar a’zolari bilan birgalikda Kosovo politsiyasi xodimlariga hujum uyushtirganini" aytdi. Serblar esa Pantichning Serbiyadan Kosovoga o‘tayotganda nazorat punktida qo‘lga olinganini da’vo qilmoqda. Belgrad vaziyatning keskinlashuvida Kosovo bosh vaziri Albin Kurtini ayblaydi, Serbiya tomoniga ko‘ra, u “uyushgan terror” va etnik tozalashni rag‘batlantiradi. Shuningdek, portlovchi vaziyatga ko‘z yumayotgan Yevropa Ittifoqi ham.
Bugun, 12 dekabr kuni erta tongda o‘zini o‘zi e’lon qilgan Kosovo Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maxsus bo‘linmasi a’zolari Gazivode to‘g‘onidagi ob’ektga bostirib kirib, uni ishg‘ol qildi va u yerdan Serbiya bayroqlarini olib tashladi va serb qo‘riqchisini quvib chiqardi. Bu u yerda joylashgan GES uchun asosiy suv va ombor hisoblanadi. Ko‘lning katta qismi asosan serblar yashovchi Zubin Potok munitsipalitetida, shuningdek, viloyat shimolidagi uchta boshqa hududda joylashgan.
O‘z navbatida Vuchich rasmiy Belgrad Kosovo va Metoxiya masalasi bo‘yicha kurashni barcha qonuniy yo‘llar bilan davom ettirishini ma’lum qildi. U Prishtina 2013 yildagi Bryussel kelishuviga muvofiq Serb jamoalari hamjamiyatini tuzishi kerakligini ta’kidladi. Bir kun avval u Belgrad NATO missiyasi qo‘mondonligiga Serbiya politsiyasi va armiya kontingentini Kosovo va Metoxiyaga taqsimlash bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborishini ham aytgan edi. Vuchich bu harakatlar BMT Xavfsizlik Kengashining 1244-rezolyutsiyasiga mos kelishini ta’kidladi.
Germaniyada Serbiyaning ritorikasi nomaqbul deb topildi
Avvalroq Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Belgradning ritorikasi Kosovo atrofida keskinlikni kuchaytirayotganini aytgan edi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Serbiya kuchlarini Kosovoga yuborish taklifini mutlaqo nomaqbul deb atadi. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqi homiyligidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Serbiya bosh vaziri Ana Brnabich mavjud vaziyatni "hayratlanarli darajada absurdlik" deb hisobladi. Serbiya bosh vazirining eslatishicha, hali may oyida G7 tashqi ishlar vazirlari BMT Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalarini qat’iy bajarishga chaqirgan.
“Endi, ajablanarlisi shundaki, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Serbiya o‘z xavfsizlik kuchlarining ma’lum sonini Kosovoga qaytarishni talab qilish huquqiga ega ekanligini ko‘rsatadigan 1244-sonli BMT Xavfsizlik kengashiga e’tibor bermaslik kerak, chunki bu “qabul qilib bo‘lmaydigan” holat”, deb izohlagan u.
Voqealar rivoji qanday tus olmoqda?
Prishtina 18 dekabrga serblar ko‘p bo‘lgan munitsipalitetlarda mahalliy saylovlar o‘tkazilishini belgilagani haqidagi xabar “olovga yog‘ sepdi”, Serbiyaning asosiy siyosiy partiyasi ularni boykot qilishga chaqirmoqda.
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Kurti boshchiligidagi Kosovo hukumati 2022 yilda Kosovo serblariga qarshi rekord miqdordagi voqealarni sodir etganini aytdi.
“Milliy miqyosdagi hodisalar uchun 2022 yil rekord yil bo‘ldi. 2021 yilda bizda 128 ta holat kuzatilgan bo‘lsa, joriy yilning 8 dekabriga kelib esa 131 ta holat qayd etilgan”, deydi Serbiya rahbari.
Ta’kidlanishicha, bayramoldi tadbirlari bilan vaziyatni nazorat ostiga olishning iloji bo‘lmasa, mintaqada Yangi yil kechasi haqiqatan ham qonli bo‘lishi mumkin.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi