“Voyenkomat”ga aylangan “rus uylari”

Tahlil

Ayrimlarga uy to‘ridan joy bersang, o‘zini yo‘qotib, chorpoyasi bilan chiqadi. Bu ibora bugun so‘z yuritiladigan, gumanitar va madaniy sohani niqob qilgan holda siyosiy qurolga aylanib borayotgan “rus uylari”ning so‘nggi paytdagi faoliyatiga mos keladi deb aytish mumkin. Ko‘plab davlatlar dunyoning turli nuqtalarida o‘zlarining madaniy markazlariga ega. Bunday markazlar o‘zi joylashgan davlatdagi diasporani mahalliy aholi bilan integratsiyalash, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, madaniy tadbirlar tashkil qilish, qadriyatlarni yaxshi tomondan ko‘rsatish va shunga o‘xshash ijobiy vazifalarni bajaradi. Bu odatda mamlakatlar va yaqin hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, yangi darajaga olib chiqish uchun xizmat qilishi lozim.  Ammo har doimgidek Rossiya rakursidan ijobiy ko‘rinishda bo‘lishi kerak bo‘lgan jarayon aksincha tus oladi. O‘tgan kunlar davomida Qirg‘iziston misolida bu o‘zining isbotini topdi. Ko‘plab davlatlarda Rossiya madaniy markazi negizida tashkil qilinadigan “Rossotrudnichestva” yoki “rus uyi” deb ham nomlanuvchi sub’ektda xunuk va qabul qilib bo‘lmas ish bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. “Rus uyi” xodimlaridan biri qirg‘izlarni Rossiyaning Ukrainadagi bosqin harakatlariga yollashda gumonlanib, qo‘lga olindi. Asl vazifasi gumanitar faoliyat bo‘lgan “Rus uyi”dan bunday harakatlar amalga oshirilishi umuman olganda kutilmagan hodisa emas. Chunki Ukrainaga bosqin boshlangandan buyon bu tashkilot O‘zbekistonda ham bir necha bor bosqinni qo‘llovchi artistlarning konsertlarini o‘tkazishga urinishi ortidan og‘izga tushgandi. Mana oradan vaqt o‘tishi bilan, barcha ko‘rib turganidek, “Rus uyi” bundan-da battar amaliyotlar bilan aloqador bo‘lib boryapti. 3 yil oldin “Rossotrudnichestvo” Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga tushgandi. Joriy yil boshida esa Ozarbayjondan “quvildi”. Bugun esa  Qirg‘iziston misolida Bryussel va Bakuning ushbu qarorlarida jon borligi ayon bo‘ldi.

Qirg‘izistondagi “rus uyi” “voyenkomat”mi?

Joriy yil 19 aprel kuni Qirg‘izistonda Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga askar yollash ayblovi bilan O‘sh shahrida joylashgan “rus uyi”da faoliyat olib boruvchi jurnalist hibsga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan yollash ishi doirasida ushbu shaxsdan tashqari yana 3 kishi, jumladan, O‘sh shahar hokimiyati matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin ham qo‘lga olingan. Lapushkin noqonuniy tarzda armiyaga yollash va hatto o‘qitishni tashkil etish bilan ayblanmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi aynan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining tergov boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan. 22 aprel kuni Bishkekdagi Pervomay tuman sudi esa bu jarayondagi asosiy qahramonlardan biri hisoblanadigan “rus uyi”da ishlovchi jurnalist Natalya Sekerinaga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida 17 iyungacha hibsda saqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Gumon qilinuvchiga Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining eng so‘nggi, 416-moddasi 1-qismida qayd etilgan “boshqa davlatlarning qurolli to‘qnashuvlarida foydalanish, davlat hokimiyatini ag‘darish yoki hududiy yaxlitlikni buzishga qaratilgan zo‘ravonlik harakatlari uchun yollanma askarlarni yollash, moliyalashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish, shuningdek, harbiy mojarolar yoki harakatlarda yollanma askarlardan foydalanish” ayblovlari tahdid solmoqda. Hozirda unga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda va Sekerina bu vaqt davomida hibsda qoladi. “Rus uyi” xodimasining yollash ishiga aloqadorligi isbotlansa, uni Qirg‘iziston qonunchiligi bo‘yicha 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda. Sekerina haqida hozirgacha ma’lum bo‘lgani uning Qirg‘iziston fuqarosi ekani, 2024 yil iyul oyidan beri “rus uyida” ishlab, tashkilotning O‘shdagi filialida ommaviy axborot vositalari bilan aloqaga mas’ul bo‘lgani kabi ma’lumotlardir.

Eng qizig‘i, u hibsga olinganidan so‘ng “rus uyi” bu haqda bayonot berdi va o‘zini ishchisining aynan nima bilan ayblanayotganidan xuddi bexabarday tutdi. Barchasi aniq-ravshan bo‘lishiga qaramay, “Rossotrudnichestvo”ning Bishkekdagi idorasi Sekerinaning hibsga olingani haqida to‘liq ma’lumotga ega emasligi va xolis tergov o‘tkazilishiga umid qilishini bildirdi. Bishkekdagi “rus uyi” tashkilot xodimasi Natalya Sekerinaning hibsga olinishi to‘g‘risida quyidagicha bayonot berdi va kamiga “hukumatlararo bitim bilan belgilangan doirada faoliyat yuritadi” deb qo‘shimcha qildi. Xuddi bunday hukumatlararo bitimlar ichida, Qirg‘iziston yerlarida ruslar va ularga aloqador shaxslarga qandaydir kartblansh huquqi berilgan yoki ular istalgan ishini qilishi mumkindek.

“Afsuski, bizda ayblovning mohiyati to‘g‘risida to‘liq ma’lumot yo‘q, lekin xodimimiz va o‘rtog‘imizning taqdiridan xavotirdamiz. Ishonchimiz komilki, bizning xodimimizning huquqlari himoya qilinadi va uning xavfsizligi kafolatlanadi. Biz tergov masalaning mohiyatini yaxshilab tushunishiga ishonamiz”, deyiladi bayonotda.

“Rossotrudnichestvo” – Rossiya targ‘ibot quroli

Shu o‘rinda ko‘pchilikda “Rossotrudnichestvo” yoki “rus uyi” nima va qanday tashkilot ekani, u xorijiy mamlakatlarda qanday ishlarni amalga oshirishi yuzasidan savol tug‘ilishi tabiiy. Shunday ekan, uning faoliyatini ta’riflashni bir nechta so‘zlar bilan boshlash o‘rinli. Ya’ni “rus uyi” bu Rossiyaning tashqi dunyodagi ta’sirini oshirishga ixtisoslashgan diplomatik quroldir. Deylik, qaysidir davlatlarda rus tilini davlat tili maqomi darajasiga olib chiqish, Ukrainadagi bosqinni olqishlovchi Kreml saroyining sodiq xizmatkori bo‘lmish san’atkorlarning konsertlarini tashkil qilish kabi ishlar ortida turishi mumkin bo‘lgan tashkilot. Unga jurnalist, davlat va jamoat arbobi, uchinchi toifali davlat maslahatchisi Yevgeniy Primakov rahbarlik qiladi. Mazkur agentlik 2008 yilda o‘sha paytda nomigagina bir muddat Rossiya Prezidenti sifatida faoliyat yuritgan Dmitriy Medvedev qaroriga ko‘ra tashkil qilingan. Uning dastlabki maqsadi asosan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi Rossiya ta’sirini saqlab qolish va Rossiyaning siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish kabi vazifalardan iborat bo‘lgan. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, chet elda yashovchi ruslar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentlik – “Rossotrudnichestvo” Rossiya Federatsiyasining federal ijroiya organi hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar, boshqa xorijiy davlatlar bilan xalqaro munosabatlarini ta’minlash va rivojlantirish sohasida, shuningdek ,xalqaro gumanitar hamkorlik sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish va davlat mulkini boshqarish funksiyalarini amalga oshiradi. Ammo vaqt o‘tishi bilan “Rus uyi”ning ko‘lami faqat MDH bilan cheklanib qolmadi. Ayni damda agentlik 71 ta davlatda faoliyat yuritadi. U Markaziy Osiyo, Lotin Amerikasi, Sharqiy Yevropa va boshqa hududlarda mavjud. Lekin “rus uyi” baribir ko‘proq MDHda Rossiya o‘z ta’sirini saqlab qolish yo‘lida xizmat qiladi. Buning uchun milliardlab pullar ham sarflanadi. Xorijda Rossiyaning ob’ektiv g‘oyasini tarqatishga qaratilgan bu tashkilot mavjud mamlakatlarda turli tadbirlarni tashkil qiladi, festivallar, ko‘rgazmalar, konsertlar, konferensiyalar o‘tkazadi. Grantlar ajratish, rus madaniyati haqida ma’lumotlar tarqatishga mo‘ljallangan axborot markazlarini yaratish ham “rus uyi” funksiyalariga kiradi.

Ammo endi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lganidek, bu agentlikka yana bir qo‘shimcha vazifa yuklangan bo‘lishi ham mumkin. Bu o‘zi joylashgan mamlakatlar fuqarolarini bosqinga yollashmi? Har holda Qirg‘izistondan “rus uyi” xodimasi aynan shu ayblov bilan hibsda. Shuning uchun bu haqda biror narsa deyish qiyin. Bishkek va Moskva o‘rtasidagi so‘nggi tushunmovchiliklardan xabardor bo‘lganlar, Natalya Serekinaga qo‘yilgan ayblovni Rossiya poytaxtidagi “Bodrost” nomli hammomda OMON tomonidan kaltaklangan qirg‘izlar voqeasiga bog‘lab talqin qilishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, Rossiya TIV vazirligi Bishkekning mazkur holat bo‘yicha bergan e’tirozlariga javoban o‘z huquq-tartibot idoralari xodimlari “aslida to‘g‘ri va qonuniy ish qilgan” deya javob qaytargandi. Ikki voqelik o‘rtasidagi vaqt oralig‘i esa atigi 1 hafta. Bu ham qandaydir shubha-gumonlarni urchitishi tabiiy. Ammo “Rossotrudnichestvo”ning yaqin tarixiga nazar tashlansa, tashkilot qog‘ozda yozilgan vazifalardan tashqariga ham chiqib turish holatlariga ko‘zingiz tushadi. Masalan, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan ko‘p o‘tmay, tashkilotning faoliyati global miqyosda nazarga tushdi. Chunki “rus uyi” aralashuvi gumoni bilan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlash uchun 2022 yil aprel oyida Yevropa bo‘ylab sinxron tarzda rossiyaparast ommaviy mitinglar, namoyishlar va avtomobil konvoylarini tashkil etish kabi holatlar kuzatilgani qayd etildi. Shu bois, 2022 yil iyul oyida Yevropa Ittifoqi “Rossotrudnichestvo”ga Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazadigan yoki tahdid soladigan harakatlar va bosqin siyosatini qo‘llab-quvvatlash aybi bilan sanksiyalar kiritdi. Keyinchalik Kanada ham Rossiyaning Ukrainaga asossiz hujumini qo‘llab-quvvatlagani uchun agentlikka nisbatan xuddi shunday chora ko‘rdi. Ukrainaning o‘zidagi “rus uyi” esa allaqachon, 2021 yildan beri sanksiyalar ostida edi. Joriy yilda esa Rossiyaning ushbu diplomatik quroli bilan sodir bo‘lgan eng shov-shuvli voqea Ozarbayjonda kuzatildi. Fevral oyida rasmiy Baku mamlakatdagi “rus uyi”ni yopish haqida ma’lum qildi. Ozarbayjon hukumati “rus uyi”ning yopilish sababi sifatida uning yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganligi bilan izohladi. “Rossotrudnichestvo” rahbari Yevgeniy Primakov esa ko‘p yillar mobaynida bir necha bor ro‘yxatdan o‘tishni so‘rab rasmiy idoralarga murojaat qilingani, ammo ularning bu murojaatlari javobsiz qolganini iddao qildi.

“Gap shundaki, Rossiyaning Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonasi, vakolatxonamiz va Tashqi ishlar vazirligi bu yillar davomida ko‘p marotaba Adliya vazirligiga, Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ro‘yxatdan o‘tishda yordam so‘rab murojaat qilgan. Biz har doim bunga tayyor edik, ammo bizning murojaatlarimiz javobsiz qoldi”, deydi u.

Amerikalik mashhur tadbirkor J.P Morganning bir mashhur iqtibosi bor. U bir paytlar “insonda doim biror ishni qilishda ikkita sabab bo‘ladi, biri aytish uchun chiroyli sabab, ikkinchisi esa asl sabab” degan edi. Baku o‘zining bu qarorini huquqiy doiradagi kamchiliklar bilan bog‘laganiga qaramay, ushbu qaror ortida mamlakatning xorij ta’siriga toqatsizligi turganini ko‘pchilik anglagandi. Chunki Ozarbayjon “rossotrudnichestvo”ni yopishidan oldinroq, AQSH taraqqiyot agentligi – USAID faoliyatini ham tugatgandi. Bundan tashqari, “rus uyi” yopilishidan ikki oy avval Aqtauda qulagan Ozarbayjon samolyoti ortidan Aliyev va Kreml orasiga sovuqchilik tushgandi.

O‘zbekistondagi “rus uyi”

Ha, aytgancha, bu tashkilot MDHning bir qancha mamlakatlari qatorida O‘zbekistonda ham mavjud. “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi o‘z faoliyatini Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi umumiy rahbarligi va nazorati ostida amalga oshirishi belgilangan. Tashkilot rasmiy saytida yozilishicha, “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasining O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati 2001 yildan buyon shu yerda faoliyat olib boradigan Rossiya fan va madaniyat markazi negizida quyidagi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi:

  • O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida davlatlararo munosabatlar, do‘stlik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi 1992 yil 30 maydagi shartnoma;
  • Rossiya Federatsiyasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida 1998 yil 6 maydagi axborot-madaniy markazlarni tashkil etish va faoliyat ko‘rsatish shartlari to‘g‘risidagi bitim;
  • Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2009 yil 13 noyabrdagi 1283-sonli “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishlari bo‘yicha Federal agentligi, chet elda yashovchi vatandoshlar va Rossiya Federatsiyasidan tashqarida xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha vakolatxonalar to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni.

Qizig‘i shundaki, tashkilotning rasmiy saytida “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi o‘z faoliyatida Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi, federal konstitutsiyaviy qonunlar va federal qonunlar, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Rossiya Federatsiyasi hukumatining qarorlari va farmoyishlari, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining normativ-huquqiy hujjatlari, “Rossotrudnichestvo” qarorlari va rahbariyatining ko‘rsatmalari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining xalqaro shartnomalari va eng oxirida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga amal qilishi yozib qo‘yilgan. O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga qaramay, o‘z saytida Rossiya Federatsiyasining o‘nlab qonun va normativ-huquqiy hujjatlarini qatorlashtirib tashlagan “Rossotrudnichestvo” shunchaki bir og‘iz so‘z bilan “O‘zbekiston qonunchiligiga amal qiladi” degan holda, milliy qonunchilikdagi qaysi hujjatlar va qonunlarga bo‘ysunishni qayd etishga eringan chog‘i.

“Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi rahbari o‘z faoliyatini Rossiya Federatsiyasining Favqulodda va Muxtor elchisi bilan muvofiqlashtiradi, unga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda yordam beradi va o‘z ishi to‘g‘risida muntazam ravishda xabardor qiladi. 2022 yil iyul oyida tashkilot YeI sanksiyalariga kiritilgan paytda uning Toshkentdagi vakolatxonasi yangi binoga ko‘chib o‘tdi va hozirda Toshkent markazida Kosmonavtlar metrosidan 5 daqiqalik piyoda masofada joylashgan Yunus Rajabiy ko‘chasi 63-uyda faoliyat yuritib keladi. 2023 yil avgust oyidan boshlab Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi darajasidagi “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasining rahbari etib Irina Aleksandrovna Staroselskaya tayinlangandi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan to bugunga qadar bu bosqinni qo‘llovchi rus qo‘shiqchilari yoki boshqa san’at vakillarining O‘zbekistonda konsert berishi e’lon qilinganda ijtimoiy tarmoqlarda bunga qarshi chiqilgani va faollar tomonidan norozilik chellenjlari o‘tkazilganiga ko‘p bor guvoh bo‘ldik. Ba’zida esa shu tadbirlar ortida “Rossotrudnichestvo” turgani haqida xabarlar tez-tez uchraydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing