Voyaga yetmagan shaxslar katta yoshli mahbuslar bilan bir kamerada saqlanayotgani aniqlandi
3-sahifa
−
13 avgust
10073Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hibsxonada voyaga yetmagan shaxslar katta yoshli mahbuslar bilan bir kamerada saqlanayotgani aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani tomonidan joriy yilning 18-19 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan monitoring davomida mazkur hududda joylashgan 2-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan 2 nafar voyaga yetmagan X.X. va R.T. lar sharoitlari ko‘zdan kechirilgan va ular bilan alohida suhbatlashilgan.
Monitoring davomida mazkur voyaga yetmaganlar katta yoshli mahbuslar bilan bir kamerada saqlanayotganligi aniqlangan.
“Xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka ko‘ra, hibsxonalarda voyaga yetmaganlar kattalardan ajratilgan tarzda saqlanishi shart bo‘lib, alohida hollardagina bunga prokuror roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi”, deyiladi xabarda.
Bolalar ombudsmani monitoring doirasida aniqlagan ushbu qonun buzilishi yuzasidan yo‘llagan alohida so‘rovi asosida hibsxonadagi mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganildi. O‘rganishda aniqlanishicha, tergov hibsxonasi ma’muriyatining mutasaddi mansabdor shaxslari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2011 yildagi “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 41-moddasi talablariga rioya qilinmasdan, prokuror roziligini olmasdan turib, voyaga yetmaganlarni katta yoshli shaxslar bilan bir kamerada saqlanganligi uchun bu qonun buzilishiga yo‘l qo‘yganlarga “qattiq hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Tekshiruvda katta yoshli mahbuslar tomonidan voyaga yetmaganlar huquqlariga zarar yetkazish faktlari aniqlanmagan. Ayni paytda voyaga yetmaganlar katta yoshli shaxslardan alohida kameraga joylashtirilgan bo‘lib, hibsxona ma’muriyati qonun talablariga qat’iy rioya qilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
“Bolalar ombudsmani monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlari buzilishi holatlari bartaraf etilishi ustidan o‘z kuzatuvini davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi