Volodinning tahdididan AQSHning bayonotigacha. O‘zbekiston aql o‘rgatishlarga muhtojmi?

Tahlil

image

Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin O‘zbekistonga tashrif bilan kelganda bir qancha bloger va ijtimoiy tarmoq faoli o‘z xavotirini bildirgan edi. Ayni kunlarda Rossiyaning AQSH va Yevropa davlatlari bilan munosabati buzilgani, Ukrainaga hujumi tufayli xalqaro nufuzi zarba ostida qolgani, Rossiya bilan yaqin hamkorlik O‘zbekistonning imijiga ham salbiy ta’sir qilishi borasida fikrlar bildirilgan edi. Volodin iliq kutib olingani va shaxsan prezident tomonidan qabul qilingani ham ba’zi muhokamalarga sabab bo‘ldi, zero bu Rossiya bilan yaqinlashuv belgisi deb baholandi.

Ammo zarba boshqa tomondan keldi. Rossiya va O‘zbekiston aloqalari yanada mustahkamlanishi, yangi shartnoma va hamkorliklar haqida xabarlar kutilayotgan paytda Rossiya Davlat Dumasining rasmiy saytida O‘zbekistonga nisbatan tahdid aks etgan bayonot chop etildi.

Bayonotda aytilishicha, Volodin O‘zbekistonga tashrifi yakunlariga ko‘ra asosan AQSHning mintaqadagi faoliyatidan xavotir bildirgan, ayni paytda AQSH bilan yaqin hamkorlik O‘zbekistonni “og‘ir oqibatlar”ga olib kelishini uqtirgan.

“Bu yerda dono, savodli insonlar yashaydi, – deyiladi bayonotda, – bu holatlar nimaga olib kelishini tushunishadi”.

Volodinning bu bayonotiga birinchi bo‘lib bloger davletov.uz e’tibor qaratdi. Rossiyalik siyosatchining O‘zbekistonga nisbatan ochiq tahdid ruhidagi so‘zlari ko‘plab blogerlar va faollarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Tashqi ishlar vazirligidan bunga keskin javob berishni talab qilib chiqqanlar bo‘ldi. Ammo vazirlikdan hozircha reaksiya bo‘lmadi.

Bayonotning nimkosasi

Vaziyatni bosiqroq kuzatgan va fikr bildirganlar ham bo‘ldi. Nomini sir tutishimizni so‘ragan siyosatshunosdan izoh so‘raganimda u Volodinning tashrifidan maqsad hamkorlikni muhokama qilishdan ko‘ra ko‘proq boshqa davlatlar bilan hamkorlikni cheklash bo‘lgan, degan xulosa berdi.

“Volodinning bayonotida ham, uning tashrifi borasidagi xabarlarda ham hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga urg‘u berilmadi. Bundan xulosa qilish mumkinki, Volodin o‘ziga xos “elchi” vazifasini bajargan va O‘zbekistonni G‘arb davlatlari bilan yaqinlashishdan qaytarish borasida maqsadida rasmiylarimiz bilan muzokaralar o‘tkazgan”, – dedi u.

Suhbatdoshim yana ikki holatga e’tibor qaratdi.

Birinchidan, Volodinning tashrifi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Fransiyada O‘zbekiston rahbariga markaziy TV efirida, umuman fransuz mediasida, shuningdek, fransuz siyosatida alohida e’tibor qaratilganini ko‘pchilik ekspertlar qayd etib o‘tdilar. Bu o‘rinda Fransiya bilan erishilgan kelishuvlarga va kamera ortidagi muzokaralarga e’tibor qaratmaymiz, aks holda asosiy mavzudan chetlashib ketamiz. Muhimi – shundan so‘ng Rossiya delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi va Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Shunday qilib, Volodinning tashrifi Fransiya safari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, ya’ni Rossiya O‘zbekiston G‘arbga ortiqcha “yaqinlashib” yuborishidan qo‘rqqan va vaziyatni o‘rganish uchun delegatsiya yuborgan bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, o‘sha kuni Rossiyada O‘zbekistonni eslagan faqat Volodin bo‘lmadi. Qozog‘iston prezidenti sifatida qayta saylanganidan keyingi birinchi safarini Rossiyaga amalga oshirgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev RF bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashuvda Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida uch tomonlama ittifoq masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytib o‘tdi. Bu ma’lumot o‘zbek faollarini junbushga keltirib yubordi, zero Volodin aytgan asl “oqibat”lar AQSHda terrorchilik homiysi deb e’tirof etilgan davlat bilan ittifoq bo‘lishdan kelib chiqishi mumkin. Bugungi global siyosiy vaziyatni bilgan odam Rossiya bilan ittifoqqa kirish xalqaro izolyatsiya demakligini juda yaxshi tushunadi.

Keyinroq gap gaz ittifoqi va yana ba’zi iqtisodiy masalalar haqida ekani aytib o‘tildi. Bugun Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida ham ko‘proq iqtisodiy hamkorlik masalalariga e’tibor berilishida ham ko‘pchilik shunga ishora ko‘rdi. Ammo o‘zbek rasmiylari yana bayonot va tushuntirishlar bilan chiqmasligi faollarni xavotirga solmoqda. Zero, xoh iqtisodiy ittifoq bo‘lsin, xoh siyosiy, Rossiyaga qarshi safarbar etilgan xalqaro sanksiyalar O‘zbekistonga ta’sir qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Suhbatdoshimning ta’kidlashicha, o‘zbek siyosiy elitasi ham buni yaxshi tushunishi va bunday ittifoqning plyus-minuslarini baholab, jiddiy tahdid bor bo‘lgan taqdirda mumkin qadar masalani ortga surishga intiladi. Shuning uchun Rossiya rahbariyati Volodinning tili bilan O‘zbekistonni bunday xatti-harakatlardan “ogohlantirgan” bo‘lishi mumkin.

AQSHning “aralashuvi”

Rossiyaning murakkab diplomatik o‘yinlari davom etayotgan bir paytda ro‘y bergan bir holat AQSHning ham O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashuvi masalasini ko‘tardi.

Buxoro viloyat sudida Qoraqalpog‘iston voqealari ishtirokchilari ustidan sud mahkamasi boshlanib, 22 sudlanuvchiga qo‘yilayotgan ayblovlar ro‘yxati e’lon qilindi. Buning fonida AQSHning Toshkentdagi elchixonasi bayonot bilan chiqdi. Unda AQSH sud jarayonini diqqat bilan kuzatishi ta’kidlangan va sud shaffof o‘tishiga chaqiriqlar yangragan:

“Amerika Qo‘shma Shtatlari iyul oyida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan fojiali voqealarga aloqadorlikda ayblangan 22 kishi ustidan bugun Buxoroda boshlangan sud jarayonlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Biz hukumatni ijtimoiy shaffoflik bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga va xavfsizlik kuchlari xodimlari O‘zbekiston qonunchiligini buzgan taqdirda ularni javobgarlikka tortishga undaymiz. Biz ombudsman boshchiligidagi tergov komissiyasini o‘z xulosalarini imkon qadar tezroq e’lon qilishga chaqiramiz”.

Bu bayonotning e’lon qilinishidan so‘ng ba’zi internet foydalanuvchilari AQSH ham O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashayotgani haqida o‘z shubhalarini bildirdi. Ayniqsa Rossiyaga xayrixoh pabliklarda AQSHning aralashuvi Volodinning so‘zlaridan ham xavfliroq ekani ta’kidlandi.

Shunga qaramay, AQSHning bayonoti, avvalo, Volodinning so‘zlaridan ancha yumshoqligini, tahdid yoki aralashuvga o‘tadigan nozik chegarani buzmaganini aytib o‘tish kerak. Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyat yuritadigan xalqaro tashkilotlar, bu borada siyosat olib boradigan davlatlar shu turdagi bayonotlarni berishi ko‘p kuzatiladi.

Nega O‘zbekistonga “aql o‘rgatishyapti”?

Xalqaro qonunchilikda hamda diplomatiyaning qonun-qoidalarida bir davlat boshqasining ichki ishlariga aralashmasligi belgilangan. Ammo bu mavzuda tez-tez bahslar, ixtiloflar kelib chiqadi.

Avvalo, “ichki ish” qanday bo‘lishi va uning aniq chegaralari turli tashkilotlar va ekspertlar nazdida farq qiladi. Masalan, muayyan mamlakatda inson huquqlari rioya etilishiga chaqirish “ichki ishlarga aralashuv”mi? U holda BMT faoliyati to‘liq shunday “aralashuv”dan iborat bo‘lib qolmaydimi?

Ikkinchidan, diplomatik munosabatlar doirasida hamisha muayyan davlat o‘z manfaatlarini himoya qilishga va ta’sirini o‘tkazishga harakat qiladi. Turli davlatlarning AQSHdagi elchixonalari hatto lobbi firmalarini yollab, Kongressga, alohida kongressmenlarga ta’sir ko‘rsatishga, o‘z davlatining manfaatlariga mos qarorlarni o‘tkazishga urinishi soha adabiyotlarida ko‘p tasvirlangan.

Shunday ekan, diplomatik munosabatlar doirasida “aralashuv” muammosi doimo bo‘ladi. Muammo boshqa yoqda. Odatda bunday “aralashuv”lar ma’lum diplomatik etiket doirasida, ma’lum chegaralar ichida olib boriladi, keskinlik esa kamdan-kam hollarda, o‘rtasida real ixtilof bor davlatlarning o‘zaro munosabatlarida kelib chiqadi. Hech qanday dolzarb konflikt bo‘lmagan bir joyda tahdid qilish, keskin bayonot berish ana o‘sha konfliktni keltirib chiqaradigan omil bo‘ladi va bu Rossiya diplomatiyasining, siyosatining bugungi muammosidir.

Umuman, Ukrainada urush boshlaganidan so‘ng Rossiya diplomatik ohangini anchayin keskinlashtirgan va nafaqat O‘zbekistonga, balki boshqa davlatlarga qarata ham ultimativ bayonotlar bermoqda; rus siyosatchilarining xalqaro minbarlarda keskin chiqishlar qilishi odat tusiga kirib qoldi. Boshqa tarafdan, yuqorida tilga olingan siyosatshunos suhbatdoshimning aytishicha, Rossiya nafaqat o‘zi “nodo‘stona” deb bilgan davlatlar, balki yaqin hamkor va ittifoqchilari bilan ham tahdid ohangida gaplasha boshlagani, uning qo‘lida boshqa samarali vositalar qolmayotganidan, ya’ni Rossiyaning pozitsiyalar kuchsizlanib borayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, tahdid qilish boshqa, uni amalga oshirish boshqa.

Rus siyosatchisi va blogeri Maksim Kats chiqishlaridan birida aytgan fikr bilan tahlilimizga yakun yasaymiz. Uning ta’kidlashicha, turli davlatlarning ishlariga aralashishni eng yaxshi ko‘radigan davlatlar AQSH va Rossiyadir. Farqi shundaki, AQSH yuqorida aytilgan etiketni, chegaralarni saqlaydi, o‘z manfaatlarini “yumshoq kuch” vositasida ilgari surishga harakat qiladi, Rossiya kabi keskin harakatlarni kam qiladi. Bundan tashqari, AQSHning ortida real iqtisodiy qudrat, xalqaro tashkilotlarning loyalligi, kuchli ittifoqchilar turibdi. Rossiya bunday resurslarga ega bo‘lmasdan turib o‘zini AQSHday tutishga harakat qilishi uning o‘ziga ziyon keltiradi: ham natijaga erisha olmaydi, ham dushman orttiradi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

408

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing