Rossiyadan kelgan shifokorlar O‘zbekistonda nimani qotiryapti?

Jamiyat

image

Avvalroq, Rossiyaning nufuzli tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan 40 nafarga yaqin mutaxassisdan iborat nufuzli tibbiy guruh O‘zbekistonga kelgani haqida xabar bergan edik. 

Reanimatolog, pulmonolog, infeksionist, virusolog, kardiolog, endokrinolog kabi mutaxassislardan iborat delegatsiya guruhlarga bo‘linib, turli hududlarda, jumladan, Toshkent shahri, Jizzax, Buxoro, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyatlarida koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda o‘zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikda faol ish olib borishmoqda.

Ular kecha Samarqand shahridagi koronavirusga chalingan va gumon qilingan 98 nafar bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularning kasallik varaqalarini o‘rgangan holda davolash jarayoniga tegishli qo‘shimchalar kiritgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi. 

35 nafar bemor holatidagi ijobiy o‘zgarishlar sababli uyiga ruxsat berishga tavsiya berilgan.

Shuningdek, shu kuni mehmonlarning bir guruhi Termiz shahridagi Saralash va taqsimlash markazida koronavirusga chalingan va gumon qilingan 25 nafar bemorni ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan.

Bundan tashqari, uyida davolanayotgan 6 nafar bemorning holidan xabar olib, zarur tibbiy maslahatlarni berishgan.

“O‘zbekistonga kelganimizdan buyon har kuni turli shifoxonalarda bo‘lib, “COVID-19”ga chalingan bemorlarni davolash jarayonida ishtirok etayapmiz. Jumladan, 24 avgust kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. Saturatsiyasi 90 dan past bo‘lgan 21 nafar, shuningdek, reanimatsiya bo‘limida davolanayotgan 7 nafar bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. E’tiborli jihati, bu yerda bemorlarni davolash taktikasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, reanimatsiya bo‘limida ularni parvarishlash sifati yuqori darajada ekan”, deydi rossiyalik shifokor M.Zamyatin. 

Mehmonlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham bo‘lib, reanimatsiya bo‘limidagi 39 nafar ahvoli og‘ir bemorlarni davolash jarayonida bevosita ishtirok etdi. Mahalliy shifokorlar bilan birgalikda kasallik va uning asoratlaridan vafot etish holatlarini kamaytirish choralarini muhokama qilishdi.  

Qayd etilishicha, Rossiyalik mutaxassislarning mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikdagi faoliyati davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

429

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing