Vijdonim toza – “xorijiy agent” deb topilgan Maksim Galkin video-murojaat qildi
Madaniyat-san’at
−
17 Sentabr 2022
23470Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi tomonidan “Ukraina moliyalashtiruvchi xorijiy agent” deb topilgan rossiyalik teleboshlovchi va so‘z ustasi Maksim Galkin ushbu xabarlarga videomurojaat bilan javob berdi.
Uch daqiqalik murojaati davomida Galkin o‘n yildan buyon Ukrainadan pul olmasligi, qolaversa, u siyosatchi emas, siyosiy hazillar aytuvchi qiziqchi ekanini eslatib qo‘ygan.
“Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi meni xorijiy agent deb topganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Bunga sabab sifatida go‘yo siyosiy faoliyatni amalga oshirishim uchun Ukraina tomonidan menga haq to‘lanayotgani aytilgan. Men bu borada nima deyolaman?
Birinchidan, men siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmayman, balki 28 yildan buyon yumoristik janrda ijod qilib, siyosiy satiradan foydalanaman va ushbu faoliyatimni davom ettiraman
Ikkinchidan, men qiziqchi emas, fuqaro yoki inson sifatida o‘z tomoshabinlarimga murojaat qiladigan bo‘lsam, men o‘z ishimni chin dildan bajaraman va mening vijdonim toza. Men o‘z fikr-mulohazalarimni sotmayman va sotib olmayman. Men vijdon savdosi bilan shug‘ullanmayman.
Menga nisbatan nima uchun bunday munosabat bo‘layotgani, bundan nima ko‘zlanganini bilmayman. Bundan 10 yil avval Ukrainada konsert berganimdan buyon u davlatdan bir tiyin ham olmaganman. Men siyosiy farazlar tufayli ijodimdan voz kechishni xohlamayman. Men avval ham siyosiy hazillar qilganman va bundan keyin ham bu yo‘lda davom etaman, bu mening kasbim. Menimcha, bu normal holat. Bu Rossiya konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan so‘z erkinligi. Adliya vazirligi esa konstitutsiyada belgilangan huquqlarni himoya qilishi zarur”, deydi u.
Maksim Galkin murojaati so‘ngida noyabr oyida Rossiyaga qo‘shni bo‘lgan Litvada konsert berishi haqida aytib o‘tgan.
Ma’lumot o‘rnida, kecha, 16 sentyabr kuni Rossiya Adliya vazirligi Maksim Galkinni xorijiy agent sifatida faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslar reyestriga kiritgan. Hujjatda “Siyosiy faoliyatni amalga oshirish”da xorijiy moliyalashtirish manbai sifatida Ukraina ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi