Uyg‘urlar sabab boykot qilinayotgan Olimpiada va UEFA’dagi sharmandalik... Dunyo sportida nimalar bo‘ldi?

Sport

image

Yakuniga yetayotgan yilda sport olamida juda ko‘p voqealar sodir bo‘ldi. Koronavirus tufayli 2021 yilga qoldirilgan Formula 1 mavsumi, Kopa Amerika va Yevropa chempionati, Olimpiya o‘yinlari, Messining “Barselona”ni tark etishi, Ronalduning MYUga qaytishi, “Oltin to‘p” atrofidagi mojarolar hamda o‘nlab charm qo‘lqop ustalari ishtirokidagi yorqin boks janglari sport ixlosmandlarini zeriktirib qo‘ymadi.

An’anaga ko‘ra oxirlab qolgan yilda dunyo sport olamidagi eng yorqin va shov-shuvli voqealarni yodga olamiz.

“Virusli Olimpiada”

Aslida Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari 2020 yilning yozida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq koronavirus tufayli Yer sayyorasining asosiy sport marosimi joriy yilga qoldirildi.

Shunga qaramay, ko‘pchilik Olimpiya o‘yinlari 2021 yilda ham o‘tkazilmasligidan qo‘rqdi. Ammo, barchasi muvaffaqiyatli bo‘ldi. Sport rasmiylari Yaponiya hukumati va aholisining noroziligiga qaramay, o‘yinlarni o‘z vaqtida o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishdi.

Olimpiada ancha yuqori saviyada o‘tdi, deyish mumkin. Asosiy kamchilik – tribunalarda tomoshabinlarning yo‘qligi bo‘ldi. 750 ta musobaqaning 724 tasi yoki 96 foizi yopiq sharoitda o‘tdi. Shu sababli, Olimpiya o‘yinlarini emas, balki ma’lum bir sport turi bo‘yicha qandaydir saralash turnirini tomosha qilayotgandek taassurot paydo bo‘ldi.

Nima bo‘lishidan qat’i nazar, rasmiylar ushbu Olimpiadani o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Medallar reytingida AQSH terma jamoasi g‘olib chiqdi – 39 ta oltin, 41 ta kumush, 33 ta bronza. Xitoy 88 medal bilan ikkinchi, yaponiyalik sportchilar esa (58 medal) uchinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi 3 ta oltin va 2 ta bronza medali evaziga 32-pog‘onani band etdi. Og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiada rekordini o‘rnatgan Akbar Jo‘rayev yil so‘ngida Jahon chempionligini ham qo‘lga kiritdi, bokschi Bahodir Jalolov esa professional boksda o‘zining 9-jangini o‘tkazib birinchi zarbadayoq raqibini nokautga uchratishni uddaladi.

Kopa Amerika va Yevropa chempionati. Yuragi to‘xtab qolgan Eriksen

Afsuski, koronavirus boshqa turnirlarga ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Futbol bo‘yicha Yevropa chempionati va Amerika kubogi ham 2020 yilda o‘tkazilishi kerak edi, ammo barchaga ma’lum sabablarga ko‘ra har ikki musobaqa 2021 yilning iyul oyiga qoldirildi.

Yevropa chempionati tashkilotchilari haqiqatan ham aqlbovar qilmaydigan ishni amalga oshirishdi. Ular turnirning barcha 11 (!) mezbon mamlakatlari bilan kelishmovchiliklarni bartaraf etishga va Yevro-2020 o‘yinlari o‘tkaziladigan barcha stadionlarga tomoshabinlar kiritilishini ta’minlashga muvaffaq bo‘ldilar. Global pandemiya sharoitida bu ulkan yutuq edi.

Musobaqaning 1-turida Daniya terma jamoasi yarim himoyachisi Kristian Eriksen Finlyandiyaga qarshi o‘yinning 1-taymida yurak hurujiga uchrab, hushidan ketdi. Futbolchilar va shifokorlarning o‘z vaqtida ko‘rsatgan dastlabki yordami sababli uning hayoti saqlab qolindi. Ushbu voqea butun dunyoda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Turnir g‘olibi esa finalda Angliya ustidan penaltilar seriyasida g‘alaba qozongan Italiya terma jamoasi bo‘ldi. Qayd etish joiz, “Skuadra Adzurra” “uch sherlar”ni o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida mag‘lub etdi – hal qiluvchi bahs Buyuk Britaniyaning asosiy stadioni “Uembli”da o‘tkazildi.

Amerika kubogi esa va nihoyat, Argentina terma jamoasiga nasib etdi. Turnir finalida “albiseleste” mezbon Braziliyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Argentinaliklar uchun bu g‘alaba muhim voqelik sifatida qabul qilindi. Jamoa 15-marta, 1993 yildan so‘ng birinchi bor Kopa Amerika oltin medallarini qo‘lga kiritdi. Bu esa Messi uchun terma jamoa safida qo‘lga kiritilgan ilk sovrin bo‘ldi va amalda “Oltin to‘p” taqdirini hal qildi.

Messining ko‘z yoshlari va “salfetka” voqeasi

8 avgust kuni Lionel Messi 21 yillik faoliyatidan so‘ng “Barselona”ni tark etishini ma’lum qildi. O‘tkazilgan xayrlashuv matbuot anjumanida so‘zlagan nutqida jamoadan ketishi sabablarini ko‘zda yosh bilan izohladi:

“Oilam bilan Barselonada, o‘z uyimizda qolamiz, deb ishonardik. Lekin bugun xayrlashishim kerak. 21 yildan keyin uyimdan ketyapman. Bir necha yildan keyin, albatta, qaytib kelaman, chunki bu yer – mening uyim. O‘tgan yili biz pandemiya tufayli tomoshabinlarsiz o‘yin o‘tkazdik. Men muxlislarini bir yarim yildan beri ko‘rmagan klubni tark etyapman. Stadiondagi muxlislar bilan esa boshqacha tarzda xayrlashmoqchiman”.

Marosimda Messi ko‘z yoshini artgan “salfetka” onlayn auksion orqali million dollarga sotilgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Biroq ushbu ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmadi.

Ronalduning uyga qaytishi

Ronaldu avgust oyi oxirida “Yuventus”ni tark etib, “Manchester Yunayted”ga qaytdi. Undan avval 36 yoshli futbolchi “Qizil iblislar”ning azaliy raqibi hisoblangan “Manchester Siti” bilan shartnoma imzolashi kutilayotgan edi. Biroq portugaliyalik forvard muxlislar qarg‘ishiga qolmaslikka qaror qildi va “Orzular teatri”ga qaytib keldi.

Formula – 1 mavsumining fantastik yakuni

Joriy yilning asosiy sensatsiyalaridan biri “Red Bull” piloti Maks Verstappenning Jahon chempionligini qo‘lga kiritishi bo‘ldi. U Abu-Dabidagi poyganing so‘nggi bosqichida “Mercedes” poygachisi va ashaddiy raqibi Lyuis Xemiltonni mag‘lub etdi.

Maks chempionlikni qo‘lga kiritmasligi ham mumkin edi. Poyganing eng oxirgi aylanasida Nikolas Latifi (Uilyams) nosozlik tufayli halokatga uchradi va trekka xavfsizlik mashinasi qo‘yib yuborildi. Verstappen esa to‘xtalishdan foydalanib, shinalarni almashtirishga muvaffaq bo‘ldi va aynan yangi shinalar unga Xemiltonni aylanib o‘tishga yordam berdi.

Xemilton sakkizinchi marta Jahon chempionligini qo‘lga kiritish va afsonaviy Mixael Shumaxerning rekordini yangilash imkoniyatini boy berdi.

UEFA Chempionlar ligasi va qur’a tashlash marosimidagi sharmandalik

Joriy yilning 13 dekabr kuni UEFA shtab-kvartirasida o‘ziga xos voqea yuz berdi. Tarixda birinchi marta Chempionlar ligasining qur’a tashlash marosimi takroran o‘tkazildi.

Gap shundaki, turnirning guruh bosqichida Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi Ispaniyaning “Vilyarreal”iga qarshi bahs olib borgan edi. Qur’ada ishtirok etgan rossiyalik sobiq futbolchi Andrey Arshavin savatchadagi sharni ochganida MYUning raqibi sifatida yana “Vilyarreal” “chiqdi”. Qoidaga ko‘ra, bir guruhdan keyingi bosqichga chiqqan jamoalar 1/8 finalda bir-biriga qarshi o‘ynay olmaydi. Shu sabab boshqa sharcha tanlandi.

Shundan so‘ng, “Vilyarreal”ning raqibi sifatida “Manchester Siti” to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Ronaldu boshchiligidagi “Manchester Yunayted” Messi to‘p tepayotgan PSJga ro‘baro‘ keldi. Asosiy muammo shundaki, MYUning ehtimoliy raqiblari qatorida “Atletiko” yo‘q edi. Bunga ispaniyaliklar norozilik bildirishdi va UEFA buni ma’qulladi. Ikkinchi marosim esa fors-major holatlarisiz o‘tdi.

“Oltin to‘p” mojarosi

“Sovrindor uchun sovrinning ahamiyati yo‘q” – “Oltin to‘p” topshirish marosimini shunday tasvirlash mumkin. Leo Messi 7-marta asosiy mukofotni qo‘lga kiritdi. U bunga loyiqmidi? Savol juda munozarali, chunki nomzodlar orasida Gerd Myullerning Bundesliga mavsumida gol urish bo‘yicha “abadiy” rekordini yangilagan Robert Levandovski, “Real”ning asosiy futbolchisi bo‘lish bilan birga Fransiyaga Millatlar Ligasida g‘alaba qozonishga yordam bergan Karim Benzema va “Chelsi” safida YeCHL va Italiya tarkibida Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lgan Jorjino ham bor edi.

Biroq mukofot Messiga topshirildi. Ko‘rinishidan, Leo o‘z faoliyatida birinchi marta Amerika kubogini qo‘lga kiritgani uchun. Agar shunday bo‘lsa, yana bir savol tug‘iladi: nega sovrin 2021 yilda “Chelsi” bilan Chempionlar ligasida, Italiya bilan esa Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lgan Jorjinoga berilmadi?

Aksariyat mutaxassislar Messi (2021) va chililik Aleksis Sanchesning (2016) ko‘rsatkichlarini taqqosladi. 2016 yilda Aleksis “gol+pas” tizimi bo‘yicha 48 ochko to‘plagan (Leoda 55), APLda “Arsenal” safida 2-o‘rinni egallagan (Leo La ligada 3-o‘rin), Amerika Kubogi chempionligi va turnirning eng yaxshi futbolchisi (Messi kabi) sovrinini qo‘lga kiritgan. Lekin 2016 yilgi “Oltin to‘p” uchun berilgan ovozlar soniga ko‘ra 20 talik ro‘yxatga ham kiritilmagan.

Biroq, haqiqat shuki, “France football” sovrinni Messiga topshirdi va u ayni paytda dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lib turibdi.

Lekin bu hech narsani anglatmaydi. Nashrning eng katta xatosi shundaki, 2020 yil oxirida eng yaxshi futbolchini taqdirlash marosimi bekor qilingan. Garchi futbolchilarning aksariyati Levandovski o‘tgan yilda “Oltin to‘p”ni olish kerakligini ta’kidlagan bo‘lsa ham.

Prof boksda yangi qirol va mutlaq Jahon chempionlik unvoni

Joriy yil professional boksda ikkita mutlaq chempionlik jangi o‘tkazildi. May oyida britaniyalik Josh Teylor amerikalik Xose Ramiresni mag‘lub etib, birinchi yarim o‘rta vazn toifasida (Shahram G‘iyosov va Shohjahon Ergashev ringga ko‘tariladigan toifa – tahr.) mutlaq chempion bo‘ldi.

Noyabr oyida esa barcha unvonlarni bitta vaznda birlashtira olgan yana bir buyuk bokschi paydo bo‘ldi. Meksikalik Saul Alvares amerikalik Kaleb Plantni 11-raundda nokautga uchratdi va super o‘rta vaznda IBF, WBA, WBC, WBO va The Ring kamarlarini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar esa “Kanelo” vazn toifasidan qat’i nazar dunyoning eng yaxshi bokschisi sifatida e’tirof etilar edi.

Bundan bir oy avval Teofimo Lopesdan WVA, WVO, IBF va WVC frenchays kamarlarini tortib olgan Jorj Kambososni ham e’tirof etish mumkin. Ba’zi mutaxassislar uni mutlaq chempion, deb biladi. Biroq WVC yo‘nalishida rasmiy chempionlik kamari Devin Xeyniga tegishli. Ular o‘rtasidagi bahs 2022 yilda o‘tkazilsa, ajab emas.

Jeyk Pol fenomeni

Shou janglari boks muxlislari orasida tobora ommalashib bormoqda. Bundan tashqari, nafaqat Mayk Tayson va Floyd Meyvezer kabi yulduz sportchilar, balki ushbu sport turiga hech qanday aloqasi bo‘lmaganlar ham ringga ko‘tarildi.

Aka-uka Pollar boks olamiga 2019 yilda kirib kelgan, ammo yaqin vaqtgacha ular faqatgina “hech narsaga erisha olmaydigan blogerlar” sifatida tilga olingan. Lekin so‘nggi chiqishlari chindan ham hayratlanarli bo‘ldi.

Keling, Logan Poldan boshlaylik. Joriy yilning iyun oyida u boks olamining so‘nggi yillardagi asosiy yulduzlaridan biri – Floyd Meyvezer bilan ko‘rgazmali jang o‘tkazdi. Sakkiz raunddan iborat bahs durang bilan yakunlandi. Logan juda yaxshi taassurot qoldirdi va ma’lum oraliqlarda raqibidan yaxshiroq jang qildi.

Jeyk esa 2021 yilda uchta jang o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Aprel oyida u MMA jangchisi Ben Askrenni birinchi raunddayoq texnik nokautga uchratdi. Avgust oyida Jeyk yana ringga ko‘tarildi. Bu safar yarim o‘rta vaznda UFC sobiq chempioni Tayron Vudlini hakamlar qaroriga ko‘ra mag‘lub etdi.

18 dekabr kuni Pol va Vudli o‘rtasida revansh jangi bo‘lib o‘tdi. Bu safar Jeyk raqibini nokautga uchratdi. Kim biladi, balki yangi yilda bloger chempionlik unvoni uchun kurashib ko‘rar. Pol endigina 24 yoshga to‘lgan. Hatto, ko‘plab havaskor bokschilar professional boksga nisbatan kechroq kirib kelishadi.

Futbol tashkilotlariga qarshi inqilob – Superliga

Yevropa qit’asining eng kuchli jamoalari kurash olib borishi ko‘zda tutilgan yagona Yevropa Superligasini tashkil etish haqidagi gap-so‘zlar bir necha yillardan beri ommalashayotgan, ammo TOP klublar ushbu turnirni tashkil etishni o‘z zimmalariga olishini hech kim, hatto, tasavvur qilib ko‘rmagan edi.

Shunday qilib, 18 aprel tongida ushbu turnir paydo bo‘lgani haqidagi xabar butun futbol olamini larzaga soldi. Eng kamida 12 ta klub ishtirok etishi rejalashtirilgan loyiha (“Arsenal”, “Liverpul”, “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti”, “Tottenxem”, “Chelsi”, “Atletiko”, “Barselona”,  “Real Madrid”, “Inter”, “Milan” va “Yuventus”) Superliga nomini oldi.

Superliganing tashkil etilgani haqidagi e’lon oddiy muxlislardan tortib, yirik futbol tashkilotlari – FIFA va UEFA shtab-kvartirasidagi mansabdor shaxslarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ushbu tashkilotlarning funksionerlari ishtirokchi klublar barcha mavjud musobaqalardan chetlashtirilishi, bu jamoalar futbolchilari esa terma jamoalarda o‘ynash huquqidan mahrum qilinishi mumkinligi haqida qaror chiqardi. Ushbu masalaga mamlakat rahbarlari ham aralashdi.

Oxir-oqibat, jamoatchilik bosimi ostida loyiha barbod bo‘ldi. Superligani birinchi bo‘lib “Manchester Siti” tark etgan bo‘lsa, undan so‘ng, Angliyaning boshqa jamoalari “ortga chekindi”. Ayni paytga kelib Superliga uchun uchta klub – “Real”, “Barselona” va “Yuventus” kurash olib bormoqda. Bu jamoalar o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun UEFA bilan sudda “hisob-kitob” qilmoqda.

Pekin Olimpiadasiga boykot

2022 yil fevralida Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlari ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqardi. Xitoyda uyg‘urlarga nisbatan inson huquqlarining poymol etilishiga qarshi norozilik sifatida Buyuk Britaniya, Avstraliya, AQSH va Kanada singari mamlakatlar o‘z diplomatlarini ushbu mamlakatga jo‘natmasligini ma’lum qildi.

Shuningdek, AQSH Kongressi kompaniyalardan Shinjonda ishlab chiqarilgan har qanday tovarda majburiy mehnat qo‘llanilmaganini isbotlashni talab qiladigan qonunni ma’qulladi. Chunki Qo‘shma Shtatlar Xitoy hukumatini Shinjondagi asosiy aholi qatlami bo‘lgan uyg‘urlarni genotsid qilishda aybdor deb topgan. 

Qonun loyihasi Shinjonda biznes bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniyalar, jumladan Coca-Cola, Nike va Apple tomonidan tanqid qilindi.

Shuningdek, Sharqiy Turkistonda Xitoy hukumati tomonidan olib borilayotgan tizimli bosim va assimilyatsiya siyosatini o‘rganish maqsadida Buyuk Britaniya poytaxti Londonda tashkil etilgan “Uyg‘ur sudi” Xitoy hukumatini uyg‘ur turklari va boshqa milliy ozchiliklarni genotsid qilishda aybdor deb topdi. Hukm joriy yilning 9 dekabr – Xalqaro genotsidning oldini olish kunida e’lon qilindi.

Xitoy esa Pekinda o‘tkaziladigan qishki Olimpiya o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilgan davlatlarni “xato harakatlari uchun javob berishi” haqida ogohlantirdi. Qo‘shimchasiga AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliya Olimpiadadan siyosiy manipulyatsiya uchun foydalanayotgani hamda boykot e’lon qilgan amerikalik va g‘arb siyosatchilarini musobaqaga taklif qilishni rejalashtirmaganini ta’kidladi.

Musobaqa boshlanishiga bir oydan ko‘proq vaqt bor. Shu sababli voqealar rivoji qanday yakun topishi ma’lum emas.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

632

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing