Hokimlar har bir bolaga o‘z farzandidek qarashi kerak – Mirziyoyev
Jamiyat
−
30 iyun 2600 4 daqiqa
Viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga o‘z farzandidek qarab, sog‘ligi, o‘qishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor bo‘lishi zarur. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Bildirilishicha, respublika bo‘yicha 15 mingga yaqin o‘quv va 7,5 mingta kasbga tayyorlash markazlari mavjud. So‘nggi yillarda ularga 100 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berildi. Fursatdan foydalanib, davlat rahbari ushbu markazlarga ham murojaat qilib, hozirgi ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmaslikka, kengayishga, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarni ko‘paytirishga chaqirdi, buning uchun har qanday sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
Viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga o‘z farzandidek qarab, sog‘ligi, o‘qishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Ular yoshlar bilan doimiy muloqot platformasini yo‘lga qo‘yib, maktab, oliygoh, o‘quv va kasb markazlari, tadbirkorlarni boshini qovushtirib, yoshlarga ko‘maklashadigan tizim qilsa, albatta natija bo‘lishi ta’kidlandi.
“Bu ishlar “kampaniyabozlik” bo‘lmasligi, o‘zgarishlarni har bir mahalladagi har bir yosh har kuni chuqur his qilishi zarur.
Ana shunda Yangi O‘zbekistonda ta’lim olmagan, ishsiz, kasb egallamagan, bir so‘z bilan aytganda, uyushmagan yoshlar degan tushunchalarning o‘zi qolmaydi!”, dedi Prezident.
Shuningdek, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, hududini namunali qilgan viloyat va tumanlar ko‘pligi ta’kidlandi. Masalan, yosh tadbirkorlar tashkil qilgan 261 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshdi.
Ilgari bu borada Toshkent shahri yakka peshqadamlik qilgan bo‘lsa, bugunga kelib Toshkent viloyati, Samarqand, Andijon, Namangan, Farg‘ona yoshlarining biznesdagi natijalari poytaxtdan qolishmayapti. Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Xorazm yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or hududlarga aylandi.
Yoshlarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha Surxondaryo bir yil ichida 11-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarilib, katta sakrash qildi. Jizzax va Sirdaryo ham yaxshi natija ko‘rsatmoqda. Ikki yil oldin xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta hududdan 45 nafar o‘quvchi sovrin olgan bo‘lsa, o‘tgan 6 oyda ularning safiga Jizzax, Andijon, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlari o‘quvchilari ham qo‘shilib, jami 166 ta medal qo‘lga kiritildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yoshlar o‘qitildi. Ayniqsa, Xorazm, Qashqadaryo va Samarqand yoshlari ITdan katta daromad topishni o‘rganib oldi. Boshqa bir misol: o‘tgan yili 150 mingdan ziyod yoshlar xalqaro til sertifikatlari oldi, bu 2023 yilga nisbatan 2 baravar ko‘p. Xorijiy tillarni mukammal bilish bo‘yicha Toshkent shahri, Farg‘ona, Namangan, Buxoro va Samarqand yoshlari ancha ilgarilab ketdi.
“Albatta, yoshlarning tilini yoshlar tushunadi, ular bir-biridan o‘rnak oladi, bir-biriga motivatsiya beradi. Shu bois, 9 mingdan ziyod mahallada yoshlar yetakchilarini tayinladik. Ular uch yil davomida ko‘p narsani o‘rgandi, yetarli tajriba orttirdi. Endi, ular maktab, texnikum, til va kasb markazlari bilan ham ishlashni o‘rganishi kerak”, dedi Prezident.
Mahallalarda 167 ming nafar uyushmagan yoshlar, tarbiyasi og‘ir va huquqbuzarlik qilgan 17 ming o‘quvchi borligi barchani o‘ylantirishi kerakligi qayd etildi. Shu o‘rinda davlat rahbari yangi saylangan mahalla raislariga murojaat qildi:
“Mahalladagi tinchlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, sog‘lom muhit kimga bog‘liq? Avvalo, sizlarga bog‘liq. Mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerak. Shuning uchun, har bir bola haqida, uning taqdiri, kelajagi haqida avvalo sizlar ko‘proq qayg‘urishingiz lozim”.
“Bir narsani aniq tushunib olish zarur. Bolaning yomoni bo‘lmaydi. Ularga kattalarning mehri, imkoniyatlarini namoyon qilish uchun sharoit, o‘ziga ishonch bo‘lishi uchun motivatsiya kerak”, dedi Prezident so‘zining davomida.
Misol uchun, Tadbirkorlik jamoatchilik kengashi a’zolari – 108 nafar “chempion” tadbirkor o‘zlarining 308 ta korxonasi atrofidagi maktablarga borib, yuqori sinf o‘quvchilarini kasbga qiziqtirayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Eng muhimi, bu o‘quvchilarning aksariyati kelajakda hayotini qaysi kasbga bog‘lash haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmoqda.
“Bunday tashabbuskor, fidoyi, vatanparvar tadbirkorlar – mening qanotlarim. Ayting, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasbga yetaklash, ishli va daromadli qilish uchun sizlarga yana qanday sharoit qilib beray? Katta-katta tadbirkorlarimiz hokimlar bilan uchrashib, takliflarini tez kunda shakllantirib bersalar, bularning barchasini ko‘rib chiqishga tayyorman”, dedi Prezident.