O‘zingdan chiqqan baloga: Rossiyalik olim Putindan ovozini o‘chirishni so‘radi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan davlatlar uni tark etayotganda rus xalqining “sovg‘alari” bilan ketgani haqidagi iddaosi keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi.

RF Prezidenti “Rossiya. Kreml. Putin” hujjatli filmi uchun bergan intervyusida SSSR tarkibida bo‘lgan davlatlarning yerlari aslida Rossiyaga tegishli bo‘lganiga shama qilgan. 

Putinning ushbu iddaosiga Rossiyalik taniqli olim, tarix fanlari doktori Sergey Abashin keskin e’tiroz bildirdi. U “azaliy yer” tushunchasi bo‘lmasligini va hududlar xalqlar o‘rtasida qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turishini ta’kidladi.

“Kimdir unga (Prezident Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) “azaliy yerlar” bo‘lmasligini tushuntirganda edi. Barcha hududlarni tarixning turli davrida turfa qabila va xalqlar bir-birining o‘rnini egallash, ko‘chish va bosib olish orqali zabt etgan. U “azaliy” deb atayotgan Moskoviya, keyinroq Rus imperiyasining yerlari ham qachondir bosib olingan va mustamlakaga aylangan, mahalliy aholi esa qirib tashlangan, bo‘ysundirilgan yoki assimilyatsiyaga uchragan”, deydi Abashin.

Olim so‘zida davom etib, "rus xalqi" g‘oyasi XIX asrda paydo bo‘lganini va imperiyaning tanazzuliga olib kelganini aytgan.

“Kimdir unga Rossiya imperiyasining yerlari “rus xalqi”ga tegishli emasligini, ular XVIII asrdan beri asli kelib chiqishi nemis bo‘lgan Romanovlar oilasiga tegishli bo‘lganini tushuntirganda edi. “Rus xalqi” g‘oyasi bu XIX asrda yuzaga kelgan va imperiyaning qulash omillaridan biri bo‘lgan”, deydi olim.

Abashinning ta’kidlashicha, SSSRning parchalanishi uzoq davom etgan muzokaralar mahsuli bo‘lgan. 

“Kimdir unga imperiyaning (SSSR nazarda tutilmoqda – tahr.) milliy respublikalar va muxtor o‘lkalarga bo‘linishi “sovg‘a” emas, balki murakkab muzokaralar va o‘zaro yon berishlar, manfaatlar muvozanatini tiklash yo‘lidagi izlanishlar mahsulini ekanini tushuntirganda edi. O‘shanda “ruscha” fikrlashdan yiroq bo‘lgan markaz mahalliy aholi kayfiyati bilan hisoblashishga majbur bo‘lgan va buning evaziga muayyan bonuslarni qo‘lga kiritgan edi”, deydi Abashin.

Va nihoyat, tarixchi RF Rossiya imperiyasi yerlariga hech qanday shaklda da’vo qilolmasligini aytgan va Putinni esa tarixni sharmanda qilishda ayblagan.

“Kimdir unga hozirgi Rossiya Federatsiyasi Rossiya Imperiyasining yerlariga tarixiy yoki yuridik huquqqa ega emasligini tushuntirganda edi. Bu o‘zga g‘oya, o‘zga siyosiy tizim va o‘zga qonuniylikka ega boshqa davlat. U tarix, mamlakat va madaniyatni sharmanda qilish va zo‘rlashni to‘xtatishi uchun ovozini o‘chirganda edi”, deya nadomad bilan fikrlarini bildirgan olim.

Eslatib o‘tamiz, Dmitriy Peskov Putinning aytganlariga izoh berib, Rossiya qo‘shnilariga hudud da’vosi bilan chiqish niyatida emasligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vldimir Putin Sergey Abashin

Baholaganlar

1810

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar