Vengriyada 42 mashina ishtirokida avariya bo‘ldi
Olam
−
13 mart 2023 4090 1 daqiqa
Joriy yilning 11 mart kuni Vengriyada o‘nlab mashinalar to‘qnashib ketdi. Oqibatda 19 ta avtomobil yonib ketgan va 36 kishi jarohat olgan, ulardan birining hayoti xavf ostida, yana 13 nafar bemorning ahvoli og‘ir. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, beshta traktor tirkamasi va yana 37 ta mashina ishtirokidagi to‘qnashuv Vengriya poytaxti Budapeshtdan 25 kilometr g‘arbdagi M1 trassasida sodir bo‘lgan.
Vengriyaning Tabiiy ofatlardan himoya qilish milliy boshqarmasining ma’lum qilishicha, yong‘inlar o‘chirilgan va jarohatlanganlarni davolash uchun to‘rtta qutqaruv vertolyoti hamda yaqin shaharlardan ko‘plab yong‘in va qutqaruv guruhlari voqea joyiga yetib kelgan. Qayta tiklash va tozalash ishlari kechgacha davom etgani sababli M1 trassasining har ikki yo‘nalishida harakatlanish to‘xtatilgan.
Milliy tez yordam xizmati matbuot kotibi Pal Dyorfi esa mahalliy telekanallarga avtohalokat sabablarini aytishdan bosh tortgan. Vengriya avtomagistrallari operatori Facebook'dagi sahifasida hodisaga chang bo‘roni sabab bo‘lgani, uning oqibatida ko‘rish masofasi keskin pasayganini yozgan.
Live
Barchasi