Vengriya Turkiyaning Ukraina mojorasidagi vositachiligini qo‘llab-quvvatlaydi
Olam
−
31 yanvar 2023
3530Vengriya Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiradi va Turkiyaning bu maqsad yo‘lidagi vositachilik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda bugun, 31 yanvar kuni Budapeshtda turkiyalik hamkasbi Mevlut Chavusho‘g‘li bilan uchrashgan Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ikki davlat tashqi ishlar vazirlarining muloqotida asosiy masalalardan biri Ukrainadagi vaziyat bo‘lgan. Unda Vengriya diplomatiyasi rahbari Turkiyani qo‘llashini ma’lum qilgan.
“Tinchlik kerak. Tinchlik uchun muzokaralar kerak, muzokaralar uchun vositachilar kerak va hozircha faqat Turkiya urushayotgan tomonlar o‘rtasida muvaffaqiyatli vositachilik qila oldi”, deb yozgan Peter Siyarto Facebook sahifasida.
Shuningdek, Turkiya diplomatiyasi rahbari Vengriya bosh vaziri Viktor Orban qabulida ham bo‘lgan. Vengriya hukumati rahbari matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ular xalqaro hamjamiyat Rossiya-Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan bartaraf etish uchun sa’y-harakat qilishi kerak, degan fikrga kelishgan.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi