Vazirlar Mahkamasiga byudjet bo‘yicha yangi vakolatlar beriladi
Jamiyat
−
24 noyabr 2020
4359Vazirlar Mahkamasiga byudjet masalalari bo‘yicha bir vator vakolatlar berilmoqda. Bugun, 24 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Parlament a’zolariga qonun loyihasi bilan birga 2022–2023 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi ham taqdim etildi.
Qonun loyihasida byudjet sohasiga oid qator o‘zgartirishlar nazarda tutilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasiga koronavirus pandemiyasi davrida birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlash uchun respublika byudjetidan ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga ajratiladigan mablag‘larni boshqa birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish vakolati berilmoqda.
Shuningdek, mahalliy hokimliklarga yuqori turuvchi byudjetlardan ajratilishi rejalashtirilgan byudjetlararo transferlar miqdorlarini inobatga olib, tegishli mahalliy byudjetlar loyihalari balansliligini ta’minlagan holda navbatdagi yil uchun tegishli mahalliy byudjetlarning daromadlar va harajatlar prognozlariga teng miqdorda o‘zgartirishlar kiritish huquqi taqdim etilmoqda.
Byudjet jarayoni shaffofligini yanada oshirish maqsadida, davlat byudjeti ijrosiga doir ma’lumotlarni vazirlik va idoralar tomonidan o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinmagan taqdirda tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul rahbar xodimlariga jarima qo‘llash taklif qilinmoqda.
Majlisda parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari va vakillari so‘zga chiqar ekan, Hukumat tomonidan taqdim etilgan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirdilar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil davlat byudjeti asosiy yo‘nalish va ko‘rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi ehtimoli borligidan kelib chiqib shakllantirilgan.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi