“Vazirlar, hokimlar o‘zini qiynamaydi”. Prezident Davlat dasturi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 fevral kuni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu takomillashgan Davlat dasturi Prezidentning joriy yil 3 fevraldagi farmoniga muvofiq qabul qilindi. Unda 273 ta band bor. Bu chora-tadbirlarni bajarish uchun qariyb 30 trillion so‘m, 2 milliard 600 million AQSH dollari va 57 million yevrodan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Xabarga ko‘ra, Davlat dasturining asosiy maqsadi – yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalq farovonligini oshirishga qaratilgan.

“Bu dasturni hanuz davom etayotgan pandemiya sharoitida, global inqiroz kuchayib borayotgan murakkab bir vaziyatda amalga oshirishimizga to‘g‘ri keladi. Har qancha qiyin bo‘lmasin, 500 ming nafar yosh va 200 ming ayolni ish bilan ta’minlash hamda 300 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish lozim. Agar “mahallabay” tizimni joyiga qo‘yib, davlat idoralari dasturdagi vazifalarni qunt bilan, ilm bilan, aql bilan bajarsa, keskin o‘zgarish bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu bilan birga, rivojlanishdan ortda qolayotgan 33 ta tuman va og‘ir ahvoldagi 970 ta mahallaning yo‘li, ichimlik suvi va elektr ta’minoti, irrigatsiya tarmog‘ini yaxshilash, tibbiyot va ta’lim tizimidagi islohotlarni eng uzoq qishloqlargacha yetkazish zarurligi qayd etilgan.

“Rahbar ko‘p, mas’ullar ko‘p, lekin xalqning dardi bilan shug‘ullanadigan odam yo‘q. Hamma qarorlarni bajarsa bo‘ladi. Eng katta kamchilik – nazorat yo‘q, vazirlar, hokimlar o‘zini qiynamaydi”, deydi Prezident.

Videoselektor yig‘ilishida Davlat dasturidagi ikkita katta yo‘nalish – iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga oid vazifalar haqida so‘z borgan.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha 113 ta chora-tadbir belgilangan. Bunda eng katta e’tibor yangi ish o‘rinlari tashkil etishga qaratilgan.

Xususan, o‘z ishini boshlamoqchi bo‘lganlarga 7 million so‘mgacha subsidiya, kasbga o‘qimoqchi bo‘lgan ehtiyojmand aholiga 1 million so‘mdan kompensatsiya berilishi ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda utasaddilarga ushbu mablag‘larni ajratish tartibini tasdiqlab, tezroq amaliyotga kiritish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Bu orqali birinchi yarim yillikda 10 ming nafar, yil yakunigacha jami 20 ming nafar aholini ish bilan ta’minlash mumkin.

Ma’lumki, dehqonchilik bilan shug‘ullanishni istagan yoshlarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratish boshlandi. Davlat rahbari bu jarayonda adolat va halollik bosh mezon bo‘lishi, jamoatchilik fikri inobatga olinishi zarurligini ta’kidlagan.

Oilaviy tadbirkorlik uchun ajratiladigan 6 trillion so‘mlik kredit mablag‘larini samarali yo‘naltirish, har bir mahallaning “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib, tadbirkorlik salohiyatini oshirish muhimligi qayd etilgan.  

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda 23 milliard dollar qiymatidagi investitsiyalarni o‘zlashtirish hamda 226 ta yirik sanoat va infratuzilma ob’ektlarini ishga tushirish belgilangan. Davlat rahbari bu boradagi barcha jarayonlarni doimiy monitoring qilib borib, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 22 ta yirik ziyorat ob’ekti atrofini obodonlashtirish va infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan. Shuningdek, aviatashuvchilarga ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviachipta narxining 25 foizini, turoperatorlarga havo va temir yo‘l chiptalari narxining 15 foizini hamda mehmonxona xizmatlari narxining 10 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi. Ushbu yangi mexanizmlar orqali joriy yilda 1,7 million nafar xorijiy hamda 7,5 million nafar ichki turistlarni jalb qilish mumkinligi ta’kidlangan.

Davlat dasturida belgilangan bunyodkorlik ishlari ko‘lami ham keng. Jumladan, yil yakuniga qadar 10 ming kilometrdan ortiq ichki va qishloq yo‘llarini ta’mirlash, 15 ming kilometr elektr tarmoqlari hamda 4 mingta transformatorni yangilash, 700 dan ortiq aholi punktiga toza ichimlik suvi yetkazish vazifasi belgilangan. Shaharlarda 21 mingta, qishloqlarda 8 ming 800 ta uy-joylar barpo qilish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda ushbu chora-tadbirlar hududlar kesimida muhokama qilinib, mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi. Kommunal xizmatlar tizimini yanada yaxshilash, ko‘p qavatli uy-joy fondini va liftlarni ta’mirlash, ko‘priklarni rekonstruksiya qilib, kadastrini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari joylardagi “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib, shakllantirilishi hamda mahalliy kengashlarga kiritilishi belgilandi. 

Joriy yilda jami 320 ming gektar yangi yerlarni qayta foydalanishga kiritish hamda ularga ekinlarni oqilona joylashtirish, nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish va suvni tejash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish, buning uchun joriy yilda qiymati 6 trillion so‘mlik 1 ming 500 ta yangi loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat dasturida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot, ta’lim hamda boshqa gumanitar sohalarni rivojlantirishga qaratilgan 93 ta band bor. Videoselektor yig‘ilishida ularning eng muhimlariga to‘xtalib o‘tilib, ijrosini ta’minlash choralari belgilandi.

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondini tashkil etib, unga byudjetdan 100 milliard so‘m ajratish, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari grantlarini jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Joriy yil 1 sentyabrga qadar mehribonlik uylarining muhtoj bitiruvchilarini uy-joy bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Bu yil 1 iyundan boshlab, pensiya tayinlashda 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish stajini shaxsning mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida, tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblash tartibi joriy etilmoqda. Buning natijasida, yil yakuniga qadar 100 ming, kelgusi yilda yana 200 ming fuqaro ortiqcha sarson bo‘lmay pensiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Joriy yilda byudjet hisobidan 22 ta bolalar bog‘chasi va 31 ta yangi maktab qurish, har bir tumanda fizika faniga ixtisoslashgan bittadan maktab tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Aholi salomatligi haqida so‘z borar ekan, koronavirusga qarshi emlash boshlanishi aytildi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga birinchi navbatda emlanishi zarur bo‘lgan aholi toifasini belgilab, elektron ro‘yxatini shakllantirish, oilaviy poliklinika va qishloq shifokorlik punktlaridagi 3 mingdan ziyod emlash bo‘limlari va qo‘shimcha 800 ta mobil brigada tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Madaniyat markazlari, muzeylar va teatr binolarini ta’mirlash hamda jihozlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.  

“Davlat dasturidan asosiy maqsad qog‘oz yoki hisobot emas, balki amaliy natijalarga erishish, odamlar hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilish. Buning uchun har bir rahbar o‘z faoliyatida natija ko‘rsatishi zarur va shart”, deya ta’kidlagan Prezident.

Yig‘ilishda viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari kengashlari Davlat dasturini o‘z hududida amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi, Adliya vazirligi dasturning har bir bandi ijrosi bo‘yicha “tumanbay” nazorat o‘rnatishi zarurligi ta’kidlandi.

Vazirlar Mahkamasi har oyda dastur ijrosini tanqidiy muhokama qilib, vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishiga ko‘maklashadi. Oliy Majlis palatalari har chorakda Bosh vazir va hukumat a’zolarining Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan axborotlarini eshitadi hamda bu borada vazirlik va idoralar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar beradi.

Videoselektor yig‘ilishida Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar Davlat dasturi ijrosini tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

67

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing