Vazir hokimlarning yer ajratish bo‘yicha vakolatini bekor qilish taklifini bildirdi
Jamiyat
−
19 dekabr 2020
4564O‘zbekistonda hokimlarning yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qilish institutini bekor qilish taklif qilindi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotidagi mavjud muammolar va ularni yechimlariga oid axboroti vaqtida shunday taklif bildirdi.
Ta’kidlanishicha, 2020 yil davomida vazirlik tomonidan 142 ta shundan, 31 ta qonun, 19 ta Prezident farmonlari va 15 ta Prezident qarorlari hamda 64 ta Hukumat qarori loyihalari ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Birgina litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan farmon tadbirkorlik sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur Farmon bilan litsenziyalarning 26 foizi va ruxsat beruvchi hujjatlarning 25 foizi to‘liq bekor qilindi.
Tarixda birinchi marta elektron shaklda qonun hujjati qabul qilindi hamda bugungi kunga qadar 70 dan ortiq elektron shakldagi idoraviy hujjatlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu orqali, vazirlik va idoralarga ko‘plab yengillik va qulayliklar, shuningdek ortiqcha sarf-xarajatlar kamayishiga, vaqtning tejalishiga imkoniyat yaratildi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan qonun hujjatlarini “Tartibga solish gilotinasi” usuli joriy etildi. Bu usul orqali 2019 va 2020 yilning o‘tgan davri davomida jami 800 dan ortiq idoraviy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.
Qolaversa, adliya vaziri tomonidan vazirlik va idoralarning norma ijodkorligi faoliyatida kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Joriy yil o‘tgan davri davomida vazirlikka ekspertizadan o‘tkazish uchun jami 2 478 ta loyiha kelib tushgan ulardan 2 310 tasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan, 168 tasi esa o‘tkazilmasdan Reglamentga muvofiq qaytarilgan.
Bunga sabab: loyihalarda ko‘tarilgan muammolar, chuqur tahlil qilinmayapti va taklif etilayotgan yangi mexanizmlarni huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’siri baholanmayapti, sohani tartibga soluvchi hujjat bo‘la turib, aynan shu masalada yangi hujjatlar ishlab chiqilmayapti, shu bilan birga davlat organlari tomonidan loyihalarni iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy va boshqa turdagi ekspertizalarini o‘tkazishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
Shuningdek, yer qonunchiligiga oid normalarni amaliyotda qo‘llashda mutassadi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ko‘plab kamchiliklar aniqlanmoqda. Misol tariqasida mutasaddi idoralar tomonidan tizimga faqat eng chekka va zarur infratuzilmaga ega bo‘lmagan yerlar nomigagina hamda rasmiyatchilik uchun kiritilib kelinayotganligini keltirish mumkin.
Bundan tashqari, hozirgi kunda tepadan quyi pog‘onagacha bo‘lgan davlat xizmatchilarining funksional vazifalari va amalda bajarayotgan ishlari bir biriga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlandi.
Mazkur muammoli holatlarni bartaraf etish maqsadida adliya vaziri tomonidan bir qator takliflar ilgari surildi.
Jumladan,
hokimlarning yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qilish institutini bekor qilish;
yer uchastkalarini toifasiga qarab tadbirkorlar va fuqarolarga elektron onlayn-auksion, tanlov, eng yaxshi taklifni tanlash orqali hamda davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida ajratish;
yer qonunchiligini buzganlik uchun birinchi navbatda iqtisodiy hamda ma’muriy choralar qo‘llash hamda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni tugatishning asoslarini keskin kamaytirish;
tegishli qonunlarda barcha darajadagi davlat xizmatchisining funksional vazifalarini aniq belgilash.
Majlis davomida adliya vaziri tomonidan Qonunni nafaqat aholiga, balki davlat xizmatchilariga ayniqsa davlat boshqaruvining eng quyi bo‘g‘inlardagi huquqni qo‘llovchilariga to‘g‘irlab tushuntirish kerakligi alohida ta’kidlandi.
LiveBarchasi