Vatan hasratida o‘tgan Bobur yoxud Boburiylar imperiyasining ibtidosi

Bu qiziq

image

“Bobur – dilbar shaxs. U san’at, adabiyotga mehr qo‘ygan, hayot go‘zalligidan bahramand bo‘lishni biladigan buyuk hukmdor, Uyg‘onish davri odamidir”.

Hindiston birinchi Bosh vaziri Javaharlal Neru

Kuni kecha e’lon qilingan “Vatandan quvilgan temuriy. Shayboniyxon Boburni qanday tor-mor etgan?” nomli maqolamizda Zahiriddin Muhammad Boburning Samarqandga qo‘shin tortgani, Shayboniyxondan yengilib, Mo‘g‘iliston tomonga chekingani haqida ma’lumot bergan edik. Mag‘lubiyatga uchragan Bobur bir muddat Mo‘g‘iliston tomonda quvg‘inda yurdi. Hayotning shafqatsiz taqdiri uni goh cho‘lga gohida tog‘u toshlar orasiga tashladi. Biroq Bobur bir daqiqa bo‘lsa-da o‘z oldiga qo‘ygan maqsadidan voz kechmadi.

Bugungi maqolamizda, Zahiriddin Muhammad Boburning bir muddat sargardonlikda yurgani va Qobulni egallashi hamda Hindistonga qo‘shin tortib, 12 minglik lashkari bilan Ibrohim Lo‘diyning 100 minglik qo‘shinini yer tishlatgani haqida ma’lumot beramiz.

Quvg‘inlikdagi yillar

1499 yildan boshlab O‘rta Osiyoga o‘z harbiy yurishlarini boshlagan Muhammad Shayboniyxon temuriylar o‘rtasidagi o‘zaro ichki nizolardan foydalanib 1504 yilda butun Movarounnahrni egalladi. Bu vaqt oralig‘ida Bobur Mirzo Mo‘g‘uliston va Movarounnahr yerlarida quvg‘inda yurdi. Bobur boshidan juda og‘ir kunlarni o‘tkazadi. Nihoyat lashkar to‘plab, 1504 yilda Hisor tog‘laridan oshib, Qobul shahrini egalladi.

Zahiriddin Muhammad Boburning qizi Gulbadan begim o‘zining “Humoyunnoma” asarida shunday yozadi:

“To‘liq 11 yil davomida Movarounnahr o‘lkasida, chig‘atoy, temuriy va o‘zbek sultonlari bilan shunday janglar va mudofaalar qiladilarki, ularning sanog‘ini batafsil bayon qilishga qalam ojiz va nuqsonlidir. Oxirgi hamrohlari va qarindoshlari bo‘lib, jami 250 ga yaqin kishi, piyoda, yelkalarida chopon, oyoqlarida choriq, qo‘llarida tayoq bo‘lgan holda beyaroq, xudoga tavakkal qilib Badaxshon va Qobulga qarab yo‘l oldilar”.

Qobulning zabt etilishi

1504 yilning sentabr oyida Bobur Qobul shahrini egallab, Afg‘onistondagi tarqoq qabilalarni birlashtirdi. G‘aznani fath etib, hukmronligini mustahkamladi. Bobur o‘zini Afg‘oniston podshohi deb e’lon qildi va Qobulni o‘z davlatining poytaxti etib belgiladi. 

Bobur yetarlicha qo‘shin to‘plagach,  Xuroson hukmdori Husayn Boyqaro bilan birgalikda Muhammad Shayboniyxon ustiga lashkar tortishga kelishib oladi. Biroq 1506 yilda Husayn Bayqaroning kutilmaganda vafot yetishi bu rejani barbod qiladi.

Xuroson hukmdori sulton Husayn vafotidan so‘ng, ikki shahzoda Badiuzzamon Mirzo bilan Muzaffar Mirzolar o‘rtasida toju-taxt uchun kurash avj oldi. Bunday qulay vaziyatni kutib turgan Shayboniyxon 1507 yil Xurosonga lashkar tortdi. Muhammad Shayboniyxon qisqa vaqt ichida parokanda Hirot va Xurosonni qiyinchiliksiz egalladi.

Samarqandning uchinchi bor egallanishi

Shayboniyxon 1510 yilda Marv yaqinida Eron shohi Ismoil Safaviy bilan bo‘lib o‘tgan jangda shafqatsizlarcha o‘ldirildi. O‘z lideridan ajralgan o‘zbek urug‘lari orasida tezda kelishmovchilik boshlanib, Movarounnahrdagi Shayboniylar davlati zaiflashadi. Voqealar rivojidan voqif bo‘lgan Bobur qalbida shoh Ismoil yordamida Samarqandni qaytadan egallash umidi paydo bo‘ladi. Ana shu niyatda Bobur Eron shohi Ismoil Safaviy bilan bitim tuzdi. Bobur Mirzo shoh Ismoil elchilarini Qobulda juda ochiq chehra bilan kutib oldi.

Eron shohi Ismoil yuborgan elchilar va Bobur o‘rtasidagi uchrashuv haqida Rustambek Shamsutdinovning “Vatan tarixi” kitobining ikkinchi qismida shunday ma’lumot beriladi:

“Shoh Ismoil elchilari Boburga sovg‘a tariqasida shialar odatiga ko‘ra o‘ralgan salla tortiq qiladilar. Bu diplomatik o‘yin edi. Atrofdagilarning nigohi Bobur Mirzoga qadalgan, nahotki Bobur Mirzo o‘zi sunniy bo‘laturib shialar sallasini kiysa… Shu payt elchilar shoh Ismoil Boburga birgalikda Samarqandga qo‘shin tortishni taklif qilganligini aytadilar. Bobur Mirzo shoh Ismoil taklifini qabul qiladi va diplomatik mahoratini ishga solib: “Inshoolloh Samarqandni egallasak bu sallani kiyamiz”, deb og‘ir vaziyatdan chiqib ketadi”.

Agar Bobur Mirzo o‘sha vaqtda elchi tortiq qilgan sallani kiyganida atrofidagi yaqinlari undan yuz o‘girishardi. Shoh Ismoil kelishuvga binoan Boburga Samarqandni egallash uchun har tomonlama yordam berdi. 1511 yilda Bobur Mirzo Ismoil Safaviy yordamida Hisor, Ko‘lob, Qunduz, Badaxshon, Qarshi va Samarqand shaharlarini qo‘lga kiritdi.

O‘z orzusiga yetishgan Bobur katta xursandchilik bilan bobosi Amir Temur poytaxtiga kirdi. Biroq uning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Boburning ittifoqchisi bo‘lgan eronlik askarlar Qarshi va Samarqand shaharlarini talon-taroj qilishdi. Bundan tashqari, o‘zbek sultonlari xalq orasida “Bobur Mirzo sunniy mazhabdan voz kechib, shia mazhabiga o‘tgan”, degan mish-mishlarni tarqatishdi. Bundan g‘azablangan xalq Boburni qo‘llab-quvvatlamadi. Qulay vaziyatda Shayboniyxonning o‘g‘li Muhammad Temur va jiyani Ubaydullo sulton Bobur ustiga lashkar tortishdi. 

1512 yil 28 aprel kuni Cho‘li Malikda bo‘lgan jangda Bobur yengilib, Hisorga chekinishga majbur bo‘ladi. Shoh Ismoil Boburni qo‘llash maqsadida amir Ahmad taxallusi “Najmi soniy” (ikkinchi yulduz) boshchiligidagi 12 minglik qo‘shin jo‘natadi. 1512 yilning noyabr oyida G‘ijduvon yaqinida Bobur va shoh Ismoilning birlashgan qo‘shinlari bilan shayboniylar o‘rtasida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tadi. Mazkur jangda amir Ahmad o‘ldiriladi va Bobur Qobulga qaytishga majbur bo‘ladi. Bu mag‘lubiyatdan so‘ng Bobur Movarounnahrdan butunlay umidini uzadi.

Boburning Hindistonga yurishi

1519-1525 yillar oralig‘ida Bobur Qobul va uning atrofida o‘z hukmronligini mustahkamladi. O‘sha davrda Hindistonda Dehli hukmdori Ibrohim Lo‘diy va Panjob viloyati hokimi Davlatxon o‘rtasida ichki ziddiyat kelib chiqqan edi. Davlatxon Ibrohim Lo‘diyga qarshi kurashish uchun Boburdan yordam surab maktub yozadi. Bobur bu taklifga rozi bo‘lib, 12 minglik qo‘shin bilan yo‘lga tushadi.

1526 yilda Bobur o‘z lashkari bilan Hindistonning Panjob viloyatiga kirib keldi. Uning qo‘shini Panjobdan so‘ng Hindistonning markazi tomon yura boshladi. Ibrohim Lo‘diy ham o‘z lashkarini olib yo‘lga tushdi. Ikki qo‘shin Panipat mintaqasida yuzma-yuz keldi. Bobur lashkari tahminan 12-13 ming atrofida bo‘lib, uning qo‘shinida zambaraklar ham bor edi. Bobur Panipat jangida aniq bir taktika asosida jang olib bordi.

Panipat jangi

Bobur Mirzo jang oldidan o‘z lashkarini quyidagicha joylashtirdi. Qo‘shinning old qismida 700 ta arava arqon bilan bir-biriga bog‘langan holda bir chiziqda saf tortdi. Bu aravalar o‘rtasiga zambaraklar joylashtirildi. To‘pchilar ortida kamonchilar, ikki qanotda esa otliq askar hujum uchun shay holatda turgan edi.

Ibrohim Lo‘diyning qo‘shini 100 ming kishilik bo‘lib, lashkar oldida ming nafar fil joylashgan edi. Fillar ortida otliq askarlar, ularning ortida piyodalar saf tortishgandi. 

Ibrohim Lo‘diy hujumga o‘tish uchun buyruq bergach, oldi safda turgan jangovar fillar dushman tomonga haybat bilan yura boshladi. Bobur Ibrohim Lo‘diyning qo‘shinida jangovar fillar borligini bilib, bunga qarshi jang maydonida yuzga yaqin xandaqlar qazdirgan edi. Fillar qo‘shini Bobur lashkariga yaqin kelganida, aravalar ortida turgan zambaraklar o‘q ota boshlandi. Zambaraklarning ovozidan fillar dahshatga tushib, ortga chekindi. Bobur qanotdagi otliq lashkariga dushmanni o‘rab olish uchun buyuruq berdi. Ibrohim Lo‘diy qo‘shinida tartibsizlik boshlandi. Quturgan fillar piyodalarni bosib o‘tdi. Dehli qo‘shini mag‘lubiyatga uchradi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Dehlini egalladi. 27 sentyabr kuni shaharda Bobur nomiga xutba o‘qilib, u podshoh deb e’lon qilindi. 1527 yilning mart oyida Chitora hokimi Rano Sanga bilan bo‘lgan jangda ham Boburning qo‘li balandi keldi. Bu g‘alabalardan so‘ng Bobur Hindistonda o‘z hukmronligini uzil-kesil o‘rnatdi hamda Boburiylar sulolasiga asos soldi. Bu sulola Hindistonda 1853 yilgacha, aniqrog‘i 332 yil hukmronlik qildi.

Afsuski, Zahiriddin Muhammad Bobur bu g‘alabalardan so‘ng ko‘p yashamadi. Vatan sog‘inchi, jangu jadallar, ichki iztiroblar uning sog‘ligiga salbiy ta’sir qildi. Bobur 1530 yil 26 dekabr kuni 47 yoshida Agra shahrida vafot etdi. U avval Jamna daryosi bo‘yidagi “Bog‘i orom” degan joyga dafn etiladi. Keyinchalik Boburning qabri o‘z vasiyatiga ko‘ra Qobuldagi “Bog‘i Bobur” degan bog‘ga ko‘chiriladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

275

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing