Vatandan quvilgan temuriy. Shayboniyxon Boburni qanday tor-mor etgan?
Bu qiziq
−
26 noyabr 2021
27849Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qoldimu?
Xasta ko‘nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?
Zahiriddin Muhammad Bobur
XV asrning oxiri XVI asrning boshlarida Sohibqiron Amir Temur qurgan ulkan saltanat chok-chokidan so‘kilib, mustaqil mayda bekliklarga bo‘linib ketdi. O‘sha vaqtlarda Movarounnahr va Xurosonda turli hokimlar, temuriyzoda shahzodalar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash eng qizigan palla edi. Shunday ziddiyatli davrda hali 15 yoshga ham to‘lmagan Zahiriddin Muhammad Bobur bobosi Amir Temur qurgan saltanatini qayta tiklash uchun kurash maydoniga chiqdi. Taqdirning shafqatsiz kaltagi bu yosh shahzodani bir lahza ham ayamadi.
Bugungi maqolamizda, XVI asrning boshlarida Movarounnahrda yuzaga kelgan siyosiy tarqoqlik, Bobur Mirzoning 12 yoshida podshoh bo‘lishi va Samarqand taxtini egallashi hamda uning hayot yo‘lidagi o‘nqir-cho‘nqirlar haqida so‘z yuritamiz.
Boburning Farg‘onaga hokim bo‘lishi
1494 yil. Ramazon oyining to‘rtinchi kunida Axsi qo‘rg‘onida bir falokat yuz berdi. Farg‘ona ulusi hokimi Umarshayx Mirzo Axsi tepaligida kabutarlariga don berayotgan bir vaqtda, jarlikka qulab, halok bo‘ldi. Uning o‘rnini to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgan 12 yoshli Bobur Mirzo egalladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida shunday yozadi:
“Tangri taoloning inoyati va koinot sarvari bo‘lgan hazrat Rasuli akramning shafoati, pokko‘ngil chahoryorlarning himmati bilan seshanba kuni, ramazon oyining beshinchisida, sakkiz yuz tuqson to‘qqizinchi yili Farg‘ona viloyatiga o‘n ikki yoshda podshoh bo‘ldim”.
Bobur taxtga chiqqan vaqtda Farg‘ona mushkul ahvolda qolgandi. Samarqand hokimi Boburning amakisi sulton Ahmad Mirzo Toshkent hokimi Yunusxo‘janing o‘g‘li Boburning tog‘asi sulton Mahmud bilan o‘zaro ittifoq tuzib, Farg‘ona ustiga lashkar tortib kelayotgandi.
Hukmronlik otiga mingan Boburning qo‘lidagi qalam qilichga o‘zgardi. U Farg‘onaga qo‘shin tortib kelayotgan amakisi sulton Ahmad Mirzo, tog‘asi sulton Mahmudxonga qarshi kurash boshladi. Samarqand qo‘shini Andijonga yetib keldi. Biroq lashkar holdan toygan, sulton Ahmad Mirzoning tobi ham yo‘q edi. Shu sababli Ahmad Mirzo jiyani Bobur Mirzo bilan sulh tuzib ortga qaytdi.
Sohibqiron taxtini egallash yo‘lida
Bobur bobosi Amir Temur saltanatini qayta tiklash hamda markazlashgan davlat qurishni o‘z oldiga maqsad qilgan edi. Yosh hukmdor 1495-1496 yillardagi muvaffaqiyatsiz yurishlardan so‘ng 1497 yilda Samarqand taxtini egalladi. Biroq bu uzoq davom etmadi. Zahiriddin Muhammad Bobur Samarqandda bor yo‘g‘i yuz kungina hukmronlik qildi va tezda Andijonga qaytishga majbur bo‘ladi.
Tarixchilar bu borada turlicha fikr bildiradi. Xususan, bir guruh tarixchilar Samarqand uzoq muddat qamal qilingani oqibatida shaharda oziq-ovqat tanqisligi vujudga kelgan, shu sababdan Bobur shaharni tashlab ortga qaytgan, deb ta’kidlashadi. Boshqa tarixchilarning yozishicha Bobur Mirzoning yo‘qligidan foydalanib, bir guruh amaldorlar Andijonda isyon ko‘tarib, uning ukasi Jahongir Mirzoni taxtga o‘tqazishgan. Oqibatda o‘zboshimcha beklarni tanobini tortib qo‘yish maqsadida Bobur shaharni tark etgani aytiladi.
Movarounnahrga Shayboniyxonning kirib kelishi
Boburni Andijonga ketganidan foydalangan Buxorodagi sulton Ali Mirzo 1498 yilda Samarqandni egallab oladi. Movarounnahr va Xurosondagi bunday boshboshdoqlik, temuriy shahzodalar o‘rtasidagi o‘zaro taxt talashuvi xalqning sillasini quritdi. Shu pallada Dashti Qipchoq (Sirdaryoning yuqori oqimi va Tyan-Shanning g‘arbiy yon bag‘ridan Dnepr daryosining quyi oqimiga qadar yoyilgan dashtlar)dan Muhammad Shayboniyxon boshchiligida o‘zbek deb ataluvchi chorvador qabilalar Movarounnahr hududiga kirib keldi. 1500 yilda sulton Ali Mirzo kaltabinlik bilan Samarqandni Shayboniyxonga jangsiz topshiradi. Bu iltifoti evaziga Shayboniyxon barcha temuriy shahzodalarni qilichdan o‘tkazadi. Bu haqda Bobur Mirzo o‘zining “Boburnoma” kitobida shunday yozadi:
“Deyarli 140 yildan buyon Samarqand shahri bizning uyimiz bo‘lib, uni qayoqdandir kelgan begona, dushman kelib qo‘lga kiritdi”.
Shayboniyxondan norozi bo‘lgan Samarqand beklari Boburga maktub yo‘llab, uni shaharni egallashga da’vat etadi. Zahiriddin Muhammad Bobur 1500 yilning kech kuzida Temur poytaxtiga yetib keladi. Bu vaqtda Shayboniyxon Samarqandda 600 kishini qoldirib, o‘zi yurishga (ba’zi manbalarda dam olishga) ketgan edi. Xalq Boburga shahar darvozalarini ochib berdi va Bobur taxtini egalladi. Samarqand atrofidagi Qarshi, G‘uzor beklari Bobur Mirzoning hukmronligini tan oldi.
Saripul jangi. Shayboniyxon Boburni qanday yengan edi?
Voqealardan xabar topgan Shayboniyxon Turkiston atrofidan qo‘shin to‘plab Samarqand ustiga lashkar tortadi. Bu davrda Samarqandda ahvol og‘ir bo‘lib, shahar aholisi qurg‘oqchilik sababli oziq-ovqat va yem-xashaksiz qolgandi. Bundan xabar topgan Shayboniyxon yurishni tezlashtiradi. 1501 yilning aprel oyida Zarafshon daryosi bo‘yidagi Saripul qishlog‘ida Bobur va Shayboniyxon o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Bu jangda Bobur mag‘lubiyatga uchradi.
Boburning mag‘lub bo‘lishining asosiy sababi yollangan mo‘g‘ul askarlarining xiyonatlarida bo‘lsa-da, bundan boshqa faktlar borligini inkor qilib bo‘lmaydi. Xususan mag‘lubiyatning birinchi sababi Boburning munajjimlar bashoratiga ishonib harakat qilishi bo‘lgan.
Voqea tavsifi shuki, har ikki tomon 5-6 kun davomida jangsiz holatda, turli harbiy taktikalar tuzish rejasi bilan band bo‘lgan. Bobur esa ataylab jangni kechiktirishga uringan. Bunga sabab Hirotdan Husayn Boyqaro tomonidan yuborilgan Qanbar Ali boshchiligidagi ikki ming atrofidagi madad kuchlari Keshga yetib kelgan bo‘lib, ikki kun ichida Boburga qo‘shilishi kerak edi. Bundan tashqari, Boburning tog‘asi Sulton Mahmudxon jiyaniga yordam uchun Sayyid Muhammad boshchiligida 1500 atrofida lashkar yuborgan bo‘lib, bu qo‘shin ham yaqin orada yetib kelishi kerak edi. Shunday vaziyatda masalaga munajjimlar aralashib “shu kunda sakkiz yulduz oraliqda turganligini, agar bir kun o‘tsa, ikki hafta davomida sakkiz yulduz dushmanning orqasida bo‘lishi, bu esa kechiktirmay jangga kirish va g‘alaba qozonish lozimligini anglatadi”, deb bashorat qilib Boburni yordamchi kuchlarni kutmasdan jangga kirishga da’vat etadilar.
Mag‘lubiyatning ikkinchisi sababi harbiy strategiyadagi Boburning xatosi va Muhammad Shayboniyning ustamonligidir. Jang oldidan Bobur Mirzo qo‘shinni odatdagidek safga tizib, eng mohir jangchilar va sarkardalarini qo‘shinning irovul (qorovul, markazda, qo‘shinning oldi qismida boruvchi bo‘linma) qismida joylashtiradi. Shayboniyxon esa qo‘shin qanotlariga tajribali sarkardalari bo‘lgan Mahmud sulton, Hamza sulton va Mahdi sulton rahbarligidagi kuchli otliqlarni joylashtirgan.
Shayboniyxonning harbiy razvedkasi Boburning harbiy kengashi sirlaridan ham voqif bo‘lgani haqida taxminlar bor. Chunki Muhammad Shayboniyxon asosiy e’tiborni qanotlarga qaratib, “to‘lg‘ama” harbiy taktikasini qo‘llagan. Bu o‘z navbatida Shayboniyxon dushmanning harbiy taktikasini oldindan bilganidan va harbiy razvedkasi yaxshi ishlaganligidan dalolat beradi.
Muhammad Shayboniyxon dushmanning kuchi, imkoniyati va jang usullariga qarab o‘z taktikalarini o‘zgartirib turgan. Jang boshlanishi bilan Shayboniyxonning qanot qismlari Bobur Mirzo lashkarining barong‘or (o‘ng qanot) va javong‘or (chap qanot) qismlarini ortga surib tashlab, markaz qismning orqasidan yorib kiradi. Natijada qo‘shinning chindovul (qo‘shinning orqasi) qismida turgan Bobur asosiy qismdan ajralib qolgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida Saripul jangi haqida shunday yozadi:
“Biz saf tortib chiqqach, g‘anim ham ro‘parada saflanib, paydo bo‘ldi. Saflar yaqinlashgach, g‘animning o‘ng qanotining uchi bizning orqamiz sari burildi. Men ham olg‘a qarab, ular sari yurdim. Shu darajaga yetdiki, g‘animning ba’zi qari ulug‘lari Shayboqxonga: “Yurish kerak, to‘xtab turmoqning vaqti o‘tdi“ deyishti. G‘animning o‘ng qanoti bizning chap qanotimizni bosib orqaga aylandi. Bizga ko‘makka kelgan mo‘g‘ul lashkarining urushga toqatlari yo‘q edi. O‘rushmoqni qo‘yib, o‘zimizning elniyoq talab, otdan tushirishga kirishdilar. O‘zbakning urushda bir ulug‘ hunari ushbu to‘lg‘amadir, ya’ni jangga tinimsiz askar solib turishdir. Men bilan o‘n-o‘n ikki kishi qolib edi. Ko‘hak daryosi yaqin edi. O‘ng qanotning uchi daryoga to‘qinib edi. Daryo tomonga yo‘naldik. Ko‘hak daryosining eng to‘lib oqadigan payti edi. Daryoga yetishimiz bilan zirhlangan holatimizda suvga kirdik”.
Shunday qilib jangda Bobur yengildi va Samarqandda yashirindi. Shayboniyxon shaharni uzoq vaqt qamal qilib, Bobur og‘ir vaziyatga tushirdi. Qamal vaqtida Shayboniyxon Boburga shaharni tinch yo‘l bilan topshirish haqida taklif yubordi. Taklifga binoan Bobur opasi Xonzoda begimni Shayboniyxonga uzatishi kerak edi. Bobur Mirzo bu taklifga rozi bo‘lmaydi va Sarmarqandni tunda tark etishni rejalashtiradi. Biroq Xonzoda begim o‘z jigarini o‘ylab, yashirincha shahar darvozasidan chiqib, Shayboniyxon huzuriga boradi.
Bobur Mirzo shaharni tunda tark etib, Toshkent hokimi tog‘asi sulton Mahmudxondan yordam so‘rab boradi. Biroq Muhammad Shayboniyxon, Bobur Mirzo, sulton Mahmudxonning birlashgan qo‘shinlarini yengadi. Mag‘lub bo‘lgan Bobur Mo‘g‘ulistonga qochishga majbur bo‘ladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur 19 yoshida vatandan quvildi. Endi uning na taxti bor edi, na davlati. Hayotning shafqatsiz taqdiri uni goh cho‘lga gohida tog‘u toshlar orasiga tashladi. Ammo Bobur Mirzo bir daqiqa bo‘lsa-da o‘z oldiga qo‘ygan maqsadidan voz kechmadi.
QALAMPIR.UZ Zahiriddin Muhammad Bobur hayot yo‘lini yoritishda davom etadi. Keyingi maqolamizda Bobur Mirzoning bir muddat sargardonlikda yurgani va Kobulni egallab, Hindistonga yurish qilib Boburiylar sulolasiga asos solishi haqida ma’lumot beramiz.
LiveBarchasi