Vanihoyat! O‘zbekiston va YeI o‘rtasida 3 yildan beri muhokamada bo‘lgan bitim imzolandi

Jamiyat

image

Kecha, 6 iyul kuni Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHHTB) imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston tomondan Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ishtirok etdi. 

Yangi bitim O‘zbekiston va YeI o‘rtasida 1996 yilda imzolangan amaldagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rniga ishlab chiqilgan hamda ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi ko‘zda tutilgan.

Amaldagi Bitim asosan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, madaniy aloqalarni ilgari surish, moliyaviy va texnik hamkorlik, investitsiyalar, tovar va xizmatlar savdosi, shuningdek, intellektual mulkni himoya qilish borasidagi qoidalarni o‘z ichiga oladi.

KSHHTB kengroq masalalarni qamrab oladi. Ular orasida savdo va unga tegishli masalalar, shu jumladan, bojxona ma’murchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, raqobat va davlat korxonalarining faoliyati, davlat xaridlari, nizolarni hal qilish va boshqa sohalar bilan bog‘liq qoidalardan iborat.

Bundan tashqari, yangi Bitim Jahon savdo tashkilotining asosiy qoidalarini o‘z ichiga olgani natijasida investitsiyaviy sheriklik, tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk savdosi sohalaridagi munosabatlar doirasi sezilarli darajada kengaytirilgan.

KSHHTB loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019 yil fevral oyida boshlangan va 2022 yil iyun oyi oxirida yakunlangan. Ushbu davr mobaynida ekspertlar, bosh muzokarachilar hamda hukumat a’zolari darajasida 10 raund muzokaralar va 150 dan ortiq uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Marosim davomida tomonlar Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash va uning kuchga kirishi uchun zarur huquqiy tartib-taomillarni nihoyasiga yetkazish, shundan so‘ng uning to‘liq va sifatli hayotga tatbiq etilishini ta’minlash uchun birgalikda ishlashga tayyorliklarini aytib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1030

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing