Vakuum ichida qolgan Livan. Beyrutda nimalar bo‘lmoqda?

Olam

image

Joriy yilning 15 yanvar kuni Livan poytaxti Beyrut shahri ko‘chalariga bir guruh namoyishchilar chiqdi. Ular mashina pokrishkalari va chiqindi baklarini yoqib markaziy ko‘chalardan birining harakatini to‘xtatib qo‘yishdi.

Shaharning Korni al Mazraa ko‘chasida sodir etilgan ushbu namoyish oqibatida mashinalar tirbandligi bir necha kilometrga cho‘zildi. Voqea odamlar ishdan qaytayotgan vaqtda sodir etildi, shu sabab transportda harakatlanish holati yanada og‘irlashdi. 

Avvaliga politsiya xodimlari namoyishchilarga qarshi hech qanday chora qo‘llamadi, ular bilan muzokara olib borishga harakat qildi. Ayrim joylarda olovlar o‘chirildi, transport vositalari harakati tiklandi. Ammo namoyish shu bilan to‘xtamadi. Yuzlab odamlar politsiya uchastkasi oldida miting o‘tkazishdi. Vaziyat jiddiy tus ola boshladi.

Namoyishchilar nima istashmoqda?

Livanning LBC telekanalining ma’lum qilishicha, hukumatga qarshi namoyish ishtirokchilari 48 soat ichida mamlakatda yangi hukumatni shakllantirishni talab qilishmoqda.

Ular yangi tayinlangan bosh vazir Xassan Diyabaning uyi oldida yirik miting o‘tkazishgan. Agar ikki kun ichida talablari qondirilmasa “yangi harakatlar” boshlashlarini ma’lum qilishgan. 

To‘qnashuvlar...

Shundan so‘ng, Beyrutdagi Markaziy bank binosida namoyishga chiqqanlar huquq-tartibot xodimlariga qarata tosh otishni boshlashgan. Politsiya esa o‘z navbatida ko‘z yosh keltiruvchi gazlardan foydalangan.

Namoyishchilar chiqindi baklarini yoqishgan va Markaziy bankka olib boradigan yo‘lni yopib qo‘yishgan. Voqea joyiga jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida tez yordam xizmati yetib kelgan. To‘qnashuvlar haqida xabarlar tarqalgach, bankka namoyishchilarning yangi oqimi kela boshlagan. Politsiyaga ham yordamchi kuchlar kelib qo‘shilgan.

Guvohlardan birining ma’lum qilishicha, namoyishchilar Xamradagi banklarning tashqi kuzatuv kameralarini sindirishgan, derazalariga qarata turli buyumlar uloqtirishgan. Oradan bir muncha vaqt o‘tib, politsiya va armiya Beyrutdagi ayrim tumanlarda vaziyatni o‘z qo‘liga olgan, vaziyat barqarorlashgan.

Livandagi “Qizil xoch” jamiyati bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishchilardan 35 kishi, politsiyadan esa 15 dan ziyod xodim jabrlangan. 59 kishi qo‘lga olingan.

Livanning iqtisodiy ahvoli qanday?

Livanda iqtisodiy va moliyaviy holat borgan sari yomonlashib bormoqda. Mamlakat Prezidenti Mishel Aun oktyabr oyining boshidanoq davlat moliyaviy blokada va sanksiyalardan qiynalayotganini ma’lum qilgan edi. Bank sektorida valyuta taqchilligi ham kuzatilmoqda. Xususiy tadbirkorlar naqd pulsiz savdo qilishdan bosh tortishmoqda. Shu bois so‘nggi 30 yil ichida Livan funti dollarga nisbatan pasayishni boshladi. Hozir mamlakatda 1 dollar 2400 funtni tashkil qilmoqda.

Oktyabrda hukumatga qarshi namoyishlar boshlangandi. O‘shanda namoyishchilar iqtisodiy islohotlar va korrupsiya sxemalarida ishtirok etgan amaldorlarni javobgarlikka tortishni talab etishgan edi. 29 oktyabr kuni Saad Xaririy hukumati iste’fo bergan, ammo bu ham namoyishlarni to‘xtata olmagandi. Mamlakat ikki oydan buyon siyosiy vakuum ichida qolgan. Livanda Xassan Diyab bosh vazir bo‘ldi, ammo yangi hukumat hali to‘la shakllantirilganicha yo‘q.

Sarvar Anvar o‘g‘li


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing