Vaksina olishga yo‘q deganlarni ish joyida nimalar kutmoqda?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, Mehnat kodeksining 113-moddasiga xodim karantinli va yuqumli kasalliklar tahdidi bo‘lganda Bosh davlat sanitariya vrachi qarori asosida profilaktik emlashdan o‘tishni rad etsa (qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda), ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligiga oid ko‘shimcha kiritildi.

Yuqorida keltirilgan Qonun loyihasi e’lon qilinganda, aholi orasida “Vaksina olmagan davlat idoralari xodimlari endi ishdan butunlay bo‘shatiladimi”, degan turli xil bahsli savollar paydo bo‘ldi

Ishdan chetlashtirish nima degani? 

Xodim Mehnat kodeksining 113-moddasida nazarda tutilgan “ishdan chetlashtirish” bilan 100-moddasidagi “ishdan bo‘shatish” singari tushunchalar boshqa-boshqa holatlarni aks ettiradi. Bunda ishdan chetlashtirishning mehnat shartnomasini bekor qilishdan asosiy farqi shundaki, ishdan chetlashtirilganda, xodimning mehnat faoliyati bekor qilinmaydi, balki vaqtincha to‘xtatib turiladi. Shuningdek, xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmaydi. Bundan ko‘rinadiki, Mehnat kodeksining 113-moddasida nazarda tutilgan tartib 100-moddadagi, ya’ni Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.

Vaksina olmagan xodimlarni ishdan chetlatish nafaqat ish joyida yoki ish beruvchi-tashkilot hududida, balki mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan boshqa joylarda ham bo‘lishi mumkin. Masalan, olis ish ob’ektida, ish beruvchining topshirig‘i bilan yuborilgan boshqa tashkilotda, xizmat safarida va boshqalarda.

Vaksina olishga majburlash mumkin emas!

Mehnat kodeksining 113-moddasiga muvofiq xodim majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan yoki o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari bo‘yicha tibbiy komissiya tavsiyalarini bajarmagan taqdirda, ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqlidir. Lekin ish beruvchi xodimni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga yoki emlashga majburlay olmaydi, xodim esa undan bosh tortishga haqlidir. Mazkur holatda, albatta, tibbiy ko‘rikdan bosh tortganlik haqida dalolatnoma tuziladi va ushbu dalil qayd etiladi.

Ta’kidlash joizki, bunday rad etish nizo sudgacha yetib borgan taqdirda, xodimga qarshi dalil bo‘ladi. Xodimni ishdan chetlashtirish uning to vaksina olguniga qadar davom etishi mumkin. 

Mehnat kodeksida asos yo‘q!

Mehnat kodeksida ishdan chetlashtirish mexanizmi aniq bayon etilmagan, buning uchun qaysi hujjatlar asos bo‘lishi, qaysi hujjatlar bilan rasmiylashtirilishi ko‘rsatilmagan. Ishdan chetlashtirish qonuniy bo‘lishi va xodim kelgusida e’tiroz bildirishiga imkoniyat bo‘lmasligi uchun mazkur tartib-taomilni to‘g‘ri rasmiylashtirish muhimdir.

MKning 113-moddasida ishdan chetlashtirishni majburiy tartibda yozma shaklda rasmiylashtirish nazarda tutilmagan. Biroq, kelgusida xodim bilan nizolar va ziddiyatlar bo‘lmasligi uchun ish beruvchining harakatlarini hujjatlashtirish tavsiya etiladi.

Ishdan chetlashtirishga oid buyruq qanday rasmiylashtiriladi?

Buyruq tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha olingan xulosa, u mavjud bo‘lmaganda esa  mavjud boshqa hujjatlar asosida chiqariladi. Buyruqda quyidagilar ko‘rsatiladi:

•    xodimning F.I.O. va lavozimi (kasbi) ko‘rsatilgan ishdan chetlashtirish uchun asoslar;
•    xodim ishga qo‘yilmagan davr (ish kuni yoki smena oxirigacha);
•    xodim mehnat majburiyatlariga qayta kirishgan vaqt.

Bundan tashqari, buyruqda buxgalteriyaga xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmasligi haqida ko‘rsatma berilganligi qayd etiladi.

Ma’lumot uchun, dunyoning rivojlangan  top “yigirmatalik” mamlakatlaridan faqat Indoneziya va Saudiya Arabistonida  koronavirusga qarshi majburiy emlash joriy qilingan.  Indoneziyada emlashdan bosh tortganlar jarimaga tortilsa, Saudiya Arabistonida barcha davlat va xususiy korxonlarning xodimlariga emlash majburiy etib belgilangan. Qirollikda vaksina olmagan fuqarolarga ma’muriy jarima qo‘llanishi belgilanamagan bo‘lsa-da, vaksina olmagan fuqarolar musassalarga, tadbirlarga, jamoat tranportlariga va savdo markazlariga kiritilmaydi. 

Jumladan, bugungi kunda Hindiston, Xitoy, Rossiya va Italiyada  hukumat allaqachon aholining ayrim toifalariga yoki ayrim hududlarga majburiy emlashni joriy qilgan. Yevropa Ittifoqida Italiya majburiy emlash joriy qilgan birinchi va hozircha yagona davlat bo‘lib qolmoqda. Italiyada  Parlement qaroriga ko‘ra, may oyidan boshlab majburiy emlash joriy qilingan. 

Avstraliya, Fransiya va Buyuk Britaniya esa faqat qariyalar uyi xodimlari majburiy emlash talablari qo‘yilgan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

141

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing