Va’dalarga ishonib, oqibatda ko‘chaga quvilayotgan tadbirkor qonunlar ishlashini kimdan talab qilsin?
Jamiyat
−
08 yanvar 2020
11871QALAMPIR.UZ tahririyatiga Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi “ALL SOLAR” xususiy korxonasi direktori Muzaffar Tilavov va “Asra prom textile” MCHJ direktori, turkiyalik investor Albayrak Ramazon murojaat qildi. Murojaatda ular faoliyat yuritib kelayotgan binoni noqonuniy tarzda ayrim mutasaddilar tomonidan tortib olinayotgani bayon qilingandi.
2017 yilning fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Toshkent shahridagi Yakkasaroy kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Mazkur uchrashuvda korxona rahbari Muzaffar Tilavov bilan shaxsan Prezident suhbatlashib, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan quyosh nuridan energiya olish asosida ishlaydigan zamonaviy uskunalarga e’tibor karatilgan, faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi ishchi o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar belgilangan.
Shundan so‘ng, ularga Toshkent shahar hokimligi va Davlat raqobat qo‘mitasi rahbariyati tomonidan Yakkasaroy kichik zonasiga qarashli Shota Rustavelli ko‘chasi 53B, 52-blok manzilida joylashgan 3 qavatli binodan foydalanish taklif qilingan. 2017 yil 3 mart kuni taraflar “ALL SOLAR” korxonasi (ijaraga oluvchi) va “Toshkent shahar davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat korxonasi (ijarachi) hamda “Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi” davlat unitar korxonasi (balansda saqlovchi) o‘rtasida uch taraflama investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi tuzishgan. Xuddi shunday shartnomani turkiyalik investor bilan ham tuzishgan.
Shartnomaga ko‘ra, “ALL SOLAR” korxonasi zimmasiga binoning 2300 metr kv joyi uchun 10 yil muddatga ijara to‘lovlarini to‘lash va 590 million so‘mlik ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda 2 milliard 113 million so‘mlik zamonaviy ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish majburiyati belgilangan.
Korxona 590 million so‘m o‘rniga zamonaviy va belgilangan talablarga javob beradigan bino qilish uchun 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan. Kapital ta’mirlashdan so‘ng bino talab darajasidagi ko‘rinishga kelgan.
“HAMKORBANK”ning Chilonzor filialidan 100 ming AQSH dollari miqdorida kredit olib, bunga qo‘shimcha shaxsiy mablag‘lari hisobidan jami 310 ming AQSH dollariga ishlab chiqarish uskunalarini sotib olib o‘rnatishgan. Hozirda korxonada 23 nafar malakali yosh mutaxassislar tomonidan 100/150/200 litr hajmdagi quyosh nuri orqali suv isitish qurilmalari, 300 vattdan 10 kilovattgacha quyosh foto elektro stansiyalari (FES) va ularning ehtiyot qismlari ishlab chiqarilmoqda.
O‘tgan 2017-2018-yillar va 2019-yilning 11 oyi davomida davlat byudjetiga korxona tomonidan 1,7 milliard so‘mlik soliq to‘lovlari amalga oshirilgan.
Biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 sentyabrdagi “Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining 11-bandida Toshkent shahar hokimligiga “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga mahalliy to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘rgazma maydonchasi tashkil qilish uchun Toshkent shahar, Yakkasaroy tuman, Bobur ko‘chasidagi 44-b uy manzilida joylashgan 3 qavatli binoni unga tutash hududi bilan balans qiymatida topshirish belgilanganligi ularni juda og‘ir ahvolga solib qo‘ygan.
Demak mazkur manzildagi bino Prezident qarori loyihasi tayyorlanayotganda tashabbuskorlar tomonidan to‘liq o‘rganilmagan. Aks holda, Yakkasaroy kichik sanoat zonasi balansidagi ishlab turgan bino ko‘rgazma zali sifatida boshqa shaxslarga berib yuborilmasdi.
“Ushbu bino taqdiri bunday bo‘lishini bilganimda men unga milliardlar sarflab ta’mirlatmagan bo‘lardim. Mening qo‘limga shartnomani tutqazib, investitsiya shartlarini bajarishimni aytishdi. Investitsiya kiritmaganimda menga millionlab jarimalar qo‘llashardi. Biz o‘z vazifamizni bajarib, faoliyatimizni endi to‘liq yo‘lga qo‘ya boshlaganimizdan keyin bunday muammolar sodir bo‘lmoqda”, dedi Muzaffar Tilavov.
Direktorga ko‘ra, “O‘zto‘qimachiliksanoat” olmoqchi bo‘lgan binolarining yuridik manzilini Shota Rustavelli 53B, 52-blok emas, balki xatolikka yo‘l qo‘yib Bobur ko‘chasi 44B deb noto‘g‘ri ko‘rsatishgan. Qizig‘i, hujjatda ularning binoni ta’mirlash uchun sarflagan mablag‘lari umuman hisobga olinmagan.
Yaqinda mazkur holat yuzasidan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Muhammadsaidov jurnalistlarga bergan intervyusida ushbu manzilda ko‘rsatilgan bino uyushmaga qarashli bo‘lgani va keyinroq davlatga samarali foydalanish uchun berib yuborilganini aytgan.
Biroq ko‘chmas mulk inventarizatori R.Po‘latov bergan ma’lumotnomada “O‘zbekto‘qimash” davlat ishlab chiqarish birlashmasi (hozirgi “O‘zto‘qimachiliksanoat”ning eski nomi) va “SATEKS TASHKENT TEKSTIL” MCHJ shaklidagi chet el korxonasi o‘rtasida 2006 yil 15 va 18 iyulda tuzilgan o‘zaro oldi-sotdi shartnomasiga asosan, 2006 yil 9 oktyabr kuni kadastr hujjatlari korxona nomiga rasmiylashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ikkala korxona rahbarlari va “O‘zto‘qimachiliksanoat” rahbariyati o‘rtasida muammoni bartaraf etish yuzasidan 2019 yilning 13 noyabrida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Ammo taraflar umumiy kelishuvga erisha olishmagan. Tadbirkorlar amaliy yordam so‘rab, bir nechta tashkilotlarga murojaat qilishgan. Lekin natija bo‘lmagan.
Toshkent shahar davlat mulkini ijaraga berish markazining Yakkasaroy tumani bo‘yicha mas’ul xodimi Muhiddin Meliqulov jurnalistlarga bergan intervyusida, o‘rtada tuzilgan 10 yillik shartnomalar qonuniy ekani, yuridik kuchidaligi, u bekor qilinmagani va bekor qilish bo‘yicha yuqori tashkilotlardan topshiriq kelmaganini bildirgan. Ammo davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga va Yakkasaroy kichik sanoat zonasiga binoni berilishini tezlashtirish va bu borada qanday yordam zarur bo‘lsa, tashkilot tomonidan berilishi taklif qilingan xat chiqarilgan.
Yuqoridagi holatga turk investori Albayrak Ramazon ham o‘z munosabatini bildirdi.
“O‘zbekistonda qonun ishlamayapti. Orada ko‘p odam bor. Davlat tashkilotlaridan amaliy yordam so‘radik, lekin yordam berishmayapti. Elchixona javobini ham kutyapmiz. Bunaqa holatlar bo‘laversa kim keladi bu yerga ishlagani?”, deya o‘z e’tirozlarini bildirdi Albayrak Ramazon.
Nega mutasaddilar Prezidentga imzolash uchun huquqiy hujjatni olib kirishayotganda barchasini aniq hisobga olishmadi? Nega o‘rtada huquqiy kuchga ega bo‘lgan shartnoma bo‘lsada, ular tadbirkor va investorni ko‘chaga haydab chiqarishmoqchi? Nega “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ushbu holatda ikki xil harakatlanmoqda? Uyushmasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Muhammadsaidov bino hududi “SATEKS TASHKENT TEKSTIL” MCHJga sotilganini indamay davlatga samarali foydalanish uchun berilgan demoqda?
Nega bir tarafdan Toshkent shahar davlat mulkini ijaraga berish markazining Yakkasaroy tumani bo‘yicha mas’ul xodimi bo‘shatish bo‘yicha topshiriq yo‘qligini aytib, boshqa tarafdan davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga va Yakkasaroy kichik sanoat zonasiga binoni berilishini tezlashtirish va bu borada qanday yordam zarur bo‘lsa, tashkilot tomonidan berilishini taklif qilmoqda? Nega ular murojaat qilgan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar va boshqa davlat tashkilotlari ularning murojaatini chetda qoldirmoqda? Nega bu holatda qonun ishlamayapti? Milliardlar sarflagan tadbirkorlar taqdiri endilikda nima bo‘ladi? U yerdan rizq topib oilasini boqayotganlarchi? Kelishuvga erishiladimi?
Savollar ko‘p. Javoblar esa yo‘q. QALAMPIR.UZ sayti hozircha voqealar rivojini kuzatadi.
LiveBarchasi