Uzun bo‘yin, mitti oyoq, plastinkali lablar va semiz kuyovlar – g‘alati go‘zallik standartlari
Tahlil
−
03 mart
9371Dunyoning turli nuqtalarida go‘zallik turli yo‘llar bilan ifodalanadi. Bir mamlakatdagi standart boshqa mamlakatdagidan butkul farq qilishi mumkin. Chiroy hamma joyda bir xil ma’noni anglatadi, ammo turli xususiyatlarga nisbatan qo‘llanadi. Maqolada ba’zi xalqlarning uzoq yillardan buyon qo‘llab kelayotgan va boshqalar uchun g‘alati tuyuladigan bir qancha go‘zallik me’yorlari haqida so‘z boradi.
Uzun bo‘yinli go‘zallar
Myanma ayollari bo‘yinni uzaytirish uchun taqiladigan metall halqalari bilan mashhur. Bu nafaqat chiroy, balki ayolning ijtimoiy holati va yoshi haqidagi ma’lumot hamdir. Oilaning moddiy imkoniyatiga qarab, qizaloqlar 5-6 yoshdan halqa taqishni boshlaydi. Mahalliy aholi fikricha, bo‘yin qancha uzun bo‘lsa, ayol shuncha go‘zallashib boraveradi. Kayan xalqi bu urf-odat dastlab ayollarni kamroq jozibador, ya’ni xunukroq qilib ko‘rsatish va shu orqali ularni dushman qabilalar tomonidan o‘g‘irlab ketilishining oldini olish uchun joriy qilinganini aytadi. Keyinchalik davrlarga qarab tushunchalar ham o‘zgargan va hozir bu an’ana madaniy merosni saqlash maqsadida davom ettirilmoqda. Biroq halqa taqishning salbiy tomonlari ham bor. Masalan, ularning soni ortgani sari vazni ham og‘irlashib boradi va hatto 20 kilogrammgacha yetgan holatlari ham bo‘lgan. Bundan tashqari, og‘ir bo‘lmagan halqalar ham asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi ayollarga dala ishlarini qiyinlashtirib, og‘riq beradi. Bundan ham dahshatlisi, uzoq yillar taqib yurilgan halqalar olib tashlanganida bo‘yin umurtqasi sinib ketishi oqibatida hattoki, o‘limga ham olib kelishi mumkin.
“Go‘zal erkaklar”
Afrikaning besh mamlakatida tarqalgan Vodabe qabilasi erkaklarining o‘ziga xos mashhur urf-odatlari bor. Gap shundaki, ular turmush qurish uchun butun tanalarini bo‘yab, nafis raqslar ijro etish orqali ayollarni o‘ziga jalb qilishga harakat qiladi. Erkaklarga “imkoniyat”dan foydalanib, o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatish uchun bir hafta vaqt beriladi. Bu davrda ayollar eng “go‘zal erkak” uchun bahslashadi.
Dunyodagi eng “bejirim” qabila sifatida tanilgan Vodabe erkaklari doimo yonlarida oyna olib yuradi va hatto chorva boqishga chiqishdan oldin har kuni ertalab tashqi ko‘rinishlarini tartibga keltirish uchun vaqtlarini ayamaydi.
O‘tkir tishlar
Qanchalar mantiqsiz tuyulmasin, ko‘pgina xalqlar ham o‘z ajdodlarining urf-odatlarini haligacha davom ettirib keladi. Shuningdek, rivojlangan mamlakatlar ham bundan mustasno emas. Masalan, boshqalardan farqli o‘laroq, Yaponiya ayollari uchun qiyshiq va uchi o‘tkirlangan tishlar go‘zallik timsolidir. Ba’zi ayollar minglab dollar sarflab, o‘z tishlarini “vampirlarniki”ga o‘xshatishga harakat qiladi. Ushbu jarayon “yayeba” deb nomlanadi va yapon erkaklari uchun bu jozibadorlik demakdir. Qolaversa, ularning nazdida bunday tishlar ayollarni “bolalar kabi beg‘ubor va yoqimtoy” ko‘rsatadi. Yaponiya stomatologlari orasida vaqtinchalik yoki doimiy yopishtiriladigan sun’iy tish qoplamlarini o‘rnatish amaliyoti eng ommalashgan va talabga mos hisoblanadi.
Plastinkali lablar
Afrikadagi Mursi, Chay va Tirma qabilalari hali ham pastki labga yirik keramik plastinka joylashtirish an’anasini saqlab qolgan kam sonli jamiyatlardan biridir. Bu odat ayollarni yanada go‘zalroq ko‘rsatish uchun qo‘llaniladi. Qizlar mazkur urf-odatga taxminan 15 yoshdan murojaat qila boshlaydi va yuzning cho‘zilish jarayoni uzoq yillar davom etadi. The shscourier nashri ma’lumotlariga ko‘ra, plastinkaning kattaligi qabilalar o‘rtasida ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega. Biroq inson terisining tabiiy elastikligi tufayli ko‘pincha plastinka kattaligi kishining turmush sharoiti va tana xususiyatlariga bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.
Loy o‘raladigan sochlar
Himba qabilasi ayollari orasida juda muhim rol o‘ynovchi mazkur soch turmagi go‘zallikdan tashqari, ularning oilaviy holati, yoshi, boyligi hamda jamoadagi mavqeini ham aks ettiradi. Bunday soch turmaklarini yaratish hamda murakkab va ijtimoiy ramziy ma’nolarni aks ettirish uchun qabiladosh ayollar soatlab vaqt sarflaydi. Uzun soch o‘rimlariga erishish uchun echki yungidan foydalanish yoki sun’iy soch qo‘shish mumkin. O‘rilgan sochlarni bezash uchun butalardan foydalaniladi va qizil tuproqdan tayyorlangan maxsus loy o‘raladi. Qalin va jilodor o‘rimlar unumdorlik belgisi hisoblanadi, shuningdek, qabila erkaklari bunday soch turmaklarini juda jozibali deb biladi.
Semiz kuyovlar
Dunyo aholisi ortiqcha vazndan qiynalib, undan qutulish uchun harakat qilayotgan bir paytda Bodi qabilasi orasida semirish go‘zallik belgisi hisoblanadi. Shu sababli, qabila yigitlari oila qurishdan oldingi olti oyda uydan chiqmay, faqat hayvon qoni va sut ichish bilan “shug‘ullanadi”. Bu orqali ular maksimal darajada vazn yig‘ishga harakat qiladi. “Yeb-ichib yotish” mazza bo‘lsa kerak, deyishga shoshilmang, Efiopiyaning jazirama issig‘i tufayli ikki litrlik qon va sut aralashmasini tezda ichib tugatish kerak, aks holda u quyuqlashib ketadi. Bunday aralashmani esa ichish oson emas va qayt qilib yuborish mumkin.
“Semirish marafoni” nihoyasiga yetgach, bo‘lajak kuyovlar qabila ahliga o‘zlari orttirgan vaznni namoyish qiladi. “Tanlov”da g‘olib bo‘lgan “semiz chempion” butun umri davomida qahramon sifatida e’zozlanadi.
Ayollarni rom qilish uchun badanga naqsh chizish
Efiopiya nafaqat to‘ydan oldin semirtiriladigan kuyovlari, balki bir umr ayollarni jalb qilish maqsadida tanasiga naqshlar tushirib yuradigan erkaklari bilan ham tanilgan. Umuman olganda, bu yerda inson tabiati aslini namoyon qiladi, deyish mumkin. Chunki boshqa jamiyatlardan farqli o‘laroq, mazkur hududda “e’tibor” uchun ayollar emas, erkaklar kurashadi. Bu yerda ayollar chinakam qadrlanadi va erkaklar har doim nozik jins vakillarini jalb qilish uchun o‘z usullarida kurashadi. Masalan, Karo qabilasi erkaklari bu ishni tanaga naqsh chizish orqali amalga oshiradi. 500 yildan buyon saqlab kelinayotgan ushbu an’ana oq bo‘r yordamida badanga chizgilar tushirish bilan namoyon etiladi. Mahalliy aholi madaniyatida yorqin ranglar jasorat va mardlik timsoli demakdir. Shu sababli, qabila erkaklari ayollarni rom etish uchun o‘zlariga shunday oro berib yurishadi. Ularning tanasiga chiziladigan naqshlar har kuni o‘zgarishi mumkin: yulduz kabi oddiy shakllardan tortib, qo‘l izlari va hayvon suratlarigacha.
Mitti oyoqlar – boy kuyovga kafolat
Bugungi xitoyliklar o‘zlarini dunyoning eng aqlli odamlari deb hisoblashsa-da, yaqin yillargacha ularning madaniyatida ayollarga nisbatan adolatsiz go‘zallik standarti urf edi. Yuzlab yillar davom etgan bu odat oyoqni “qolipga solish” demakdir. Ayollar oyoqlari o‘sib ketmasligi uchun o‘ta kichik poyabzallarga sig‘dirishga majbur bo‘lgan, shuning uchun qizlarning oyoqlarini bog‘lash besh yoshidanoq boshlashgan. Bu azobga chidash uchun sabab o‘sha paytdagi Xitoy jamiyatida kichik oyoq go‘zallik va noziklik timsoli hisoblangani edi. Oyoqlari kichkina shakldagi ayollar boshqalarga qaraganda yuqori mavqega ega hisoblanib, ularda nufuzli erkaklar bilan turmush qurish imkoniyati yuqori bo‘lgan. Turmushga chiqish yoshiga yetgan qizlar uchun oyoq o‘lchami boylik va ijtimoiy mavqeni oshirish vositasi sifatida ko‘rilgan. Oyog‘i eng kichkina qizlar eng talabgir kelinlar hisoblangan.
Global miqyosda go‘zallik me’yorlari tez-tez o‘zgarib turadi, ammo yuqorida keltirilganlari bir necha yuz yillardan beri saqlanib qolgan. Zamonaviy dunyo odamlari uchun bu an’analar aql bovar qilmas tuyulishi mumkin, biroq ayrim jamiyatlarda murakkab va qiyin talablarga javob bera olgan xususiyatgina go‘zallik hisoblanadi hamda shartlarni bajara olganlar yuqori darajada qadrlanadi. Nima deb o‘ylaysiz, Siz aql bovar qilmas go‘zallik standartlaridan qay birini uddalay olardingiz?
LiveBarchasi