O‘zsanoatqurilishbank “O‘zbekistondagi eng ilg‘or bank” deb e’tirof etildi
Biznes
−
16 iyul 2022
5832Joriy yilning 13 iyul kuni Buyuk Britaniyaning London shahrida xalqaro yetakchi nashr – “Yeuromoney” tahririyatining “Euromoney Awards For Excellence” versiyasi bo‘yicha dunyodagi eng ilg‘or banklarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zsanoatqurilishbank “2022 yilda O‘zbekistondagi eng ilg‘or bank” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.
Nashr ekspertlari bankni O‘zbekistonning eng yirik kredit muassasasi sifatida e’tirof etib, uning so‘nggi 12 oy davomidagi faoliyatini tahlil qildi. Hisobot davrida muassasaning moliyaviy ko‘rsatkichlari yaxshilangani ta’kidlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvar holatiga bank tomonidan ajratilgan kreditlar umumiy hajmi mamlakat kredit bozorining 13,2 foizini, umumiy aktivlari qiymati bank sektori umumiy aktivlari qiymatiga nisbatan 12,7 foizni tashkil etganligi, depozit qiymati sohadagi umumiy depozitlar qiymatiga nisbatan 8,1 foiz ekvivalentiga teng bo‘lganligi, shuningdek umumiy daromadi o‘tgan yilga nisbatan 125 foizga o‘sganligi qayd etildi.
Tahlilchilar O‘zsanoatqurilishbank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan transformatsiya ishlariga yuqori baho berdi.
Ushbu o‘zgarishlar bankka biznes ko‘lamini kengaytirish va uni bozor tamoyillarida faoliyat yurituvchi universal moliya muassasasiga aylantirish, investitsiyaviy portfelini kichik biznes va uning chakana segmentlariga urg‘u bergan holda diversifikatsiyalash, marketing va brend jihatdan jamoatchilik o‘rtasidagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qilayotganini e’tirof etdi.
O‘zsanoatqurilishbankning “yashil” bankni rivojlantirish borasida xalqaro moliyaviy institutlar bilan olib borayotgan keng ko‘lamli ishlari alohida qayd etildi.
2021 yilda bank korporativ va chakana mijozlar hamda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun umumiy qiymati 107,6 mln AQSH dollari miqdorida “yashil” kreditlar ajratdi. Istiqbolda bank tomonidan “yashil” kreditlar portfelini 350 mln dollar yoki bankning umumiy kreditlar portfeliga nisbatan qariyb 8,7 foizgacha kengaytirish bo‘yicha katta vazifalar belgilangan.
Shuningdek, “Euromoney” nashriyoti bankning yaqin kelajak uchun belgilagan maqsadlari sifatida XMK, YeTTB va Osiyo taraqqiyot banki kabi yirik xalqaro moliya institutlari ishtirokida xususiylashtirish jarayonlarini muddatidan oldin tugatishini ham ijobiy baholadi.
Mazkur xalqaro moliya institutlarining moliyaviy mablag‘larini bank aksiyadorlik kapitaliga konvertatsiya qilish imkoniyati bilan jalb qilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun. “Euromoney Awards For Excellence” marosimi 1992 yildan boshlab har yili xalqaro nufuzli moliyaviy nashr – “Euromoney” jurnali tomonidan dunyo mamlakatlaridagi eng sara banklar o‘rtasida o‘tkaziladi. Mukofot banklarga taqdim etiladigan sovrinlar orasida o‘ziga xos oltin standart maqomiga ega bo‘lib, g‘oliblar tahririyat hay’ati tomonidan ko‘p oylik tadqiqotlar va so‘rovnomalar asosida aniqlanadi. Joriy yilda nashriyot butun dunyodagi banklarni turli yo‘nalishlar bo‘yicha mukofotlash uchun – 1300 ta ariza qabul qildi.
Bank Axborot xizmati
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi