O‘zSQBning yashil moliyalashtirish yo‘nalishidagi faoliyati ikkinchi marotaba e’tirof etildi

Biznes

image

Joriy yilning 10-12 may kunlari Marokashda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilari Kengashining 2022 yilga mo‘ljallangan an’naviy yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida YeTTB a’zo-mamlakatlarining ishbilarmon doiralari uchun xalqaro biznes-forum tashkil etildi.

Yig‘ilish “Joriy notinch dunyoda tahdidlarga javob choralari” mavzusiga bag‘ishlanib, YeTTBga a’zo-mamlakatlar vakillariga iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, YeTTB investitsiya kiritayotgan mintaqalarda biznes muhitni yaxshilash kabi global masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat tug‘dirdi.

Tadbir davomida YeTTBning o‘tgan yildagi eng yaxshi hamkor banklarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zsanoatqurilishbank ikkinchi marotaba “Yashil moliyalashtirish yo‘nalishidagi eng yaxshi loyiha” (Deal of the Year – Green Trade) nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.

Ushbu mukofot davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan 2019-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasining yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasiga muvofiq yashil investitsiyalarni jalb qilishga bank tizimi vakillarini qiziqtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning xalqaro moliya hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi hisoblanadi.

Mazkur strategiyada belgilangan ustuvor vazifalarga to‘liq muvofiq ish yuritish maqsadida muassasa tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) bilan hamkorlikda olib borilgan transformatsiya jarayonida Markaziy Osiyo mintaqasida yashil moliyalashni rivojlantirish imkoniyatiga ega ilk Bank sifatida tashabbus olg‘a surildi.

Xususan, bank tizimida “Green banking” departamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. XMK ekspertlari bilan hamkorlikda “Ekologik va ijtimoiy xavflarni boshqarish tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib, uni amalga oshirish mexanizmi tasdiqlandi.

Shu bilan bir qatorda, XMK mutaxassislari bilan “yashil bozor” tadqiq qilindi. O‘rganishlar asnosida korporativ va ulgurji, kichik va o‘rta biznes toifasidagi mijozlar uchun yashil moliyaviy mahsulotlar ishlab chiqildi.

Ekspertlar tavsiyalariga ko‘ra, Bank yashil loyihalarni baholash uchun CAFI dasturidan foydalana boshladi. Umumiy hisobda dastur yordamida 121 ta loyiha moliyalashtirildi.

Bundan tashqari, O‘zsanoatqurilishbank Jahon banki, YeTTB hamda Yevropa investitsiya banki bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha energiya samaradorligiga oid dastur hamda loyihalar doirasida ham yaqindan hamkorlik qilib keladi.

Ushbu yo‘nalishda YeTTB Bankka Markaziy Osiyodagi ilk “Yashil bank”ni ta’sis etish borasida ko‘maklashib kelmoqda. 2021 yilda “GEFF – Green Economy Financing Facility” dasturi doirasida 25 mln. dollar hajmidagi kredit liniyasi ajratildi.

Umuman, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, yashil loyihalarni moliyalashtirish borasida amalga oshirilayotgan faol ishlar nafaqat hukumatimiz, balki jahon hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.

O‘tgan yilda “Astana” moliya markazining Yashil moliya markazi tomonidan har yili an’naviy tarzda o‘tkaziladigan “Green Finance Awards” mukofoti sovrindorlarini aniqlash marosimida Bank “2021 yilning eng yaxshi yashil investitsiyaviy banki” nominatsiyasi bo‘yicha rag‘batlantirilgani  bunga misol bo‘la oladi.

Bank Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

7

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing