O‘zsanoatqurilishbank: davlat dasturlari amalda

Biznes

Joriy yilning 18 may kuni Milliy matbuot markazida O‘zsanoatqurilishbank tizimida joriy yilning birinchi choragida davlat dasturlari doirasida olib borilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari Bank tomonidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish yo‘lida bajarilgan ishlar natijalari bilan tanishtirildi.

“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoya siyosati yanada kuchaytirilgan. Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoyalash, ularni ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari hamda munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida qator vazifalar belgilangan.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan davlat dasturlariga doir ustuvor yo‘nalishlar ijrosi yo‘lida faol ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablariga ko‘ra esa, Qoraqalpog‘istondagi tumanlar hokimlari yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi muassasa sifatida, qolaversa, joriy yilgi davlat dasturida belgilangan vazifalar asosida alohida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Bu Bank mas’ullari boshchiligida hududlardagi har bir xonadon xatlovdan o‘tkazilib, “og‘ir” mahallalar va ehtiyojmand oilalarni manzilli o‘rganishga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar hamda aholining ishsiz qatlami bilan tizimli ishlashga zamin yaratdi.  

Natijada, joriy yilning 1 aprel holatiga binoan aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini oshirish bo‘yicha qator ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Yigirma mingdan ziyod fuqarolar ish bilan ta’minlandi, 1094 ta yuridik va 1364 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokimlar yordamchilari tavsiyanomalari asosida 4801 ta loyihaga imtiyozli kreditlar ajratildi.

Tadbirkorlik yo‘nalishida 400ga yaqin kichik loyihalar ishga tushirilib, har bir mahallalarda yangi ayollar va erkaklar sartaroshligi, tikuvchilik, qandolatchilik va savdo do‘konlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

– Ijtimoiy himoyalash borasida eng muhim ish – bu aholi bandligini ta’minlashdan iboratdir, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari F.Abdurahmonov. – Zero, kishilarning muqim ish joyiga ega bo‘lishi ular uchun oylik daromad manbaini kafolatlaydi. Shu bois ayni paytdagi sa’y-harakatlarimizda bandlik masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Joylarda o‘quv markazlari tashkil qilinib, ishsiz aholi muntazam ravishda kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilmoqda, mutaxassisliklaridan kelib chiqib “yetakchi” tadbirkorlarga biriktirilmoqda, korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirilmoqda. 

“Mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha bankka biriktirilgan tumanlarning har biridagi sektorlarda “Boshqaruv ofislari” tashkil etildi. Mingdan ziyod mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholining yashash tarzini yaxshilash maqsadida tizimli ishlar olib borildi.

Matbuot anjumanida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan joriy yilning I choragida qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ham axborot berildi.

Ta’kidlanishicha, yanvar-mart oylarida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan jami 5,1 trln. so‘mlik, shundan 215 mlrd. so‘mlik mahsulotlar mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan. Jumladan, 2,6 mln. tonna sement, 6,5 mln. kv. metr qurilish oynasi, 4,4 mln. kv. metr keramik plitka, 13 mln. kv. metr gipsokarton, 610 ming o‘ram gulqog‘oz kabi mahsulotlar ham mahalliy, ham tashqi bozorga yetkazib berilgan. 

Bunda eksport geografiyasi kengayib, mahsulotlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya kabi qo‘shni davlatlardan tashqari yangi Niderlandiya, Indoneziya, Turkiya, Serbiya mamlakatlariga ham chiqarilgan.

Tarmoqda 275 mln. dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, qiymati 35 mln. dollarlik 77 ta loyiha ishga tushirilgan.

– Bundan tashqari, 2021-2026 yillarda amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli ro‘yxati ham shakllantirilib, ularning 698 tasini ishga tushirish uchun 751,4 mln. dollar miqdorida kredit ajratildi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish departamenti direktori Sh.Yusupov.

– Shuningdek, joriy yilda 420 ta investitsiya loyihani ishga tushirgan holda, 15 mingdan ziyod yangi ish o‘rnini barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning 166 tasi tashabbuskorlar, investorlar hamda bank krediti hisobiga amaliyotga tatbiq etildi.

Tadbirda har bir hududda qurilish materiallari ishlab chiqarishdan boshlab, tayyor ko‘p qavatli uy-joylar qurishgacha barcha jarayonlarni qamrab oladigan qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda zamonaviy uy-joy qurilish klasterlari tashkil etilgani, ular negizida tashkil etilgan korxonalarga tijorat banklari bilan birgalikda qurilish texnikasi va asbob-uskunalarni lizing (yoki kredit) asosida sotib olish uchun 382 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratilgani ma’lum qilindi.

Bugungi kunda har ikki turdagi klasterlar bo‘yicha loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, ayni paytda qurilish ishlari boshlangan Sariosiyo tumanidagi kichik sanoat zonasini tashkil etish ishlari yil yakuniga qadar Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Ohangaron, O‘zbekiston va Buloqboshi tumanlarida faol davom ettiriladi.

Bank Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

13

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing