“UzReport” xodimi tahdidga uchradi. IIV noziri asl holatni yashirgan

Jamiyat

Toshkent shahri Chilonzor tumanida “UzReport” telekanalining “No comment” dasturini suratga olish vaqtida telekanal xodimi ikki fuqaro tomonidan hujumga uchragan hamda tasvirga olish kamerasi sindirilgan. 

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning 13 sentyabr kuni Toshkent shahrida YTH yuz bergan. Hodisani yoritish maqsadida jurnalistlar voqea joyiga yetib boradi. O‘sha paytda ikki fuqaro ularga hujum qilgan va tasvirga olish kamerasini yaroqsiz holatga keltirgan. Hodisa yuzasidan sudga murojaat qilingan. 

Telekanal xodimlarining aytishicha, sud asl holatni noto‘g‘ri talqin qilib, qoidabuzarlarga yon bosgan holda hukm chiqargan. Voqeaga guvoh bo‘lgan IIV xodimi esa ishni bosti-bosti qilishga, faktlarga yashirishga uringan. 

“Sud qarorida voqea tafsiloti umuman boshqacha bayon etilgan. Ya’ni, unda “fuqarolar Chilonzor tumani hududida bir-birlari bilan urushib, jamoat tartibini buzishgani aniqlangan”, deb ko‘rsatilgan. Aslida voqea umuman boshqacha bo‘lgan. Xodimimizga qilingan tahdid oqibatida unga tan jarohati yetishi mumkin edi”, deydi telekanal yuristi.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, sudning ma’muriy qarorida huquqbuzarlar tomonidan “UzReport” axborot agentligining kamerasi sindirilib, moddiy zarar yetkazgani va IIV xodimlarining qonuniy talablari bajarilmagani yoritilmagan hamda ushbu holatlarga huquqiy baho berilmagan.

Lavhada aytilishicha, Chilonzor tuman ma’muriy sudiga taqdim qilingan ishda nega holatning asl tafsilotlari bo‘lmagani, tushirib qoldirilgani yoki yashirilgani noma’lum. Sud qaroridan kelib chiqilsa, telekanal xodimi shunchaki, ko‘chada boshqa fuqarolar bilan mushtlashib ketgan bo‘lib chiqmoqda. Aslida esa, u xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida hujumga uchragan.

Qolaversa, lavhada qoidabuzarlar YHXBB Matbuot xizmati rahbari Qahramon Xudoyberganovning ham qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qo‘l bilan uni siltab tashlagani aytilgan.

Shuningdek, lavhada ishni rasmiylashtirib olayotgan uchastka noziri vaziyatni tajovuzkor fuqarolar tomoniga yumshatishga urinayotganini, bu harakatini esa, turli bahonalar bilan izohlayotganini ko‘rish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

644

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing