O‘zLiDeP raisi Aktam Haitov yuqorichirchiqlik saylovchilar bilan uchrashdi
Biznes
−
03 Oktabr
4177Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Astrum” IT akademiyasida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi tashviqoti doirasida O‘zLiDeP raisi Aktam Haitov marketing sohasi vakillari va axborot texnologiyalariga qiziquvchi iqtidorli yoshlar bilan uchrashdi. Tadbirda 70 nafardan ziyod IT mutaxassislari va intellektual mulk sohiblari ishtirok etdi.
Muloqotda partiyaning raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalarni rivojlantirish, sun’iy intellektdan unumli foydalanishni rag‘batlantiruvchi huquqiy va moliyaviy sharoitlar yaratish, raqamli sanoatni jadal rivojlantirish dasturlari borasida rejalashtirilgan loyihalar to‘g‘risida batafsil so‘z yuritildi.
Jumladan, partiya raisi raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan korxonalarning eksport faoliyatini jadallashtirish, “Chip sanoati”, sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar kabi ilg‘or tarmoqlarni rivojlantirish O‘zLiDePning diqqat markazida bo‘lishini ta’kidladi.
Saylovoldi uchrashuvida partiya yoshlar uchun manfaatli ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishga ko‘maklashish yo‘nalishlarida tizimli ish olib borishi ta’kidlandi. Xususan, yoshlarni hunar va zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, xorijiy tillarga o‘qitish, ma’naviyatini, ma’rifatini yuksaltirish, kitobxonligini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, IT sohasi va sportga keng jalb etish borasida puxta ishlangan rejalarini amalga oshiradi.
Partiya tarafdorlari yoshlar bandligi va ishbilarmonligi, xususan, ishsiz yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, korxonalar buyurtmasi asosida kasbga tayyorlash amaliyotini joriy qilish tarafdori ekanini qayd etdi.
Aktam Haitov partiya har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni tashkil etish va mazkur markazlar yoshlar uchun chinakam “loyihalar fabrikasi”ga aylanishini ta’kidladi. O‘zLiDePdan yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish va zamonaviy moliyaviy instrumentlardan keng foydalanish uchun imkoniyat yaratish, o‘z biznesini ijaraga olingan binoda boshlayotgan yoshlarga bir yillik ijara xarajatining 50 foizini qoplab berish, talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan stajirovka tizimini joriy etish partiyaning asosiy maqsadi ekanini yana bir karra e’tirof etdi.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari huzurida tashkil qilingan “Karera va stajirovka markazlari” faoliyatini yanada takomillashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida har bir mahallada “Mustaqil rivojlanish” markazlari tashkil qilish kabi vazifalar ham partiyaning ustuvor vazifalari sanaladi.
Qizg‘in savol-javoblar va ochiq muhokama ruhida o‘tgan uchrashuvda iqtidorli yoshlar ham so‘zga chiqib, partiyaning tashkil etayotgan tadbirlari katta taassurot qoldirayotganini ta’kidlashdi. Yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirish uchun “maktab – oliygoh – IT kompaniyasi”dan iborat yaxlit “IT ta’lim” va xizmatlar zanjiri yaratilishini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi va barcha yoshlarni yaqinlashib kelayotgan saylovda O‘zLiDeP uchun ovoz berishga chaqirishdi.
LiveBarchasi