O‘zini o‘zi band qilish tartibi belgilandi
Jamiyat
−
26 dekabr 2020
8598O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga yana bir faoliyat – “Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish” kiritildi. Madaniyat markazlari tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno.
Bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 dekabrda qabul qilingan “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 806-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda belgilandi.
Nizomga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs:
• maxsus mobil ilova;
• soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali;
• davlat soliq organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Bunda so‘rovnoma o‘zini o‘zi band qilgan shaxs tomonidan maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda mustaqil ravishda, davlat soliq organiga kelganda esa soliq organi xodimi ko‘magida to‘ldiriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar doimiy yashash joyidan qat’i nazar, mehnat faoliyatini amalga oshiradigan hudud bo‘yicha davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda haq undirilmaydi.
Mazkur Nizomda maxsus mobil ilova yordamida masofadan turib o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish mumkinligi keltirilgan. Bu “SOLIQ” mobil ilovasi bo‘lib, uni quyidagi havola orqali yuklab olishingiz mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi matritsali shtrix kodga (QR-kod) ega bo‘lgan ma’lumotnoma o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali yuboriladi. Ma’lumotnoma cheklanmagan muddatga beriladi. Nizomda ushbu ma’lumotnoma namunasini ko‘rishingiz mumkin.
Nizomda shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari qayd etilgan. Masalan:
• agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs o‘z mehnat faoliyatini to‘xtatsa, u o‘z faoliyatini to‘xtatguniga qadar davlat soliq xizmati organiga faoliyatni to‘xtatish to‘g‘risidagi bildirishnomani "SOLIQ" maxsus mobil ilovasi yoki shaxsiy kabinet orqali yuboradi;
• tashkilotlar tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni shartnoma asosida bir martalik xizmatlar ko‘rsatish va ishlarni bajarish bo‘yicha faoliyatga jalb qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash ijtimoiy soliqni hisoblab chiqish ob’ekti hisoblanmaydi.
• o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tatbiq etilmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va ularning xizmatlaridan (ishlaridan) foydalanuvchilar o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solish alohida bandda keltirilgan.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi (registr) davlat soliq xizmati organlari tomonidan yaratiladi.
Bu parallel ravishda "Yagona milliy mehnat tizimi" (YAMMT) idoralararo dasturiy-apparat kompleksida shakllantiriladigan jismoniy shaxsning shaxsiy ishga joylashishi tarixiga integratsiya qilinadi.
LiveBarchasi