O‘zi och va birovning qo‘liga qaram bo‘lgan matbuot qanday qilib erkin va xolis bo‘ladi? – Shayxov

Jamiyat

“O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, xususiy OAVning ko‘plari iqtisodiy jihatdan birqaror emas. Ularning hammasini to‘plasangiz, bir yillik buyudjeti “Ozodlik”ning O‘zbekistondan axborot olish uchun yillik sarflayotgan 2,5 million dollariga yetmaydi”, deydi Qamariddin Shayxov bugungi OAV sohasi haqida tanqidiy fikr yuritarkan. 

Xabaringiz bor, kuni kecha Toshkentdagi “Hyatt ragency Tashkent” mehmonxonasida “OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov, direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, parlament a’zolari, O‘zbekiston media bozorining ko‘zga ko‘ringan vakillari, davlat organlari matbuot kotiblari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur anjumanda QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov so‘z olib, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining rivojlanish tendensiyalari haqida tanqidiy fikrlarini bildirdi. 

“Menga yaqinda bir savol berishdi: mamlakat Qurolli kuchlar va Mudofaani nimaga saqlaydi, sizningcha? – Xo‘sh nimaga? – Albatta, tashqi bo‘ladigan xavflardan himoyalanish uchun. Buni OAV misolida olib qarasak, bizning OAVning generali, leytenanti, mayori bormi? 

Bu savolga mening javobim shunday bo‘ldi: birgina “Ozodlik”likning O‘zbekistondan axborot olish uchun ajratgan mablag‘i yiliga 2,5 million dollarni tashkil etsa, bizning xususiy ommaviy axborot vositalarimizning deyarli hammasini to‘plasa bunday buyudjetga ega bo‘lmasa, bu moliyaviy holat bilan qanaqa general, qanaqa mayor, qanaqa leytenant chiqishi mumkin?”

Qamariddin Shayxov so‘zida davom etarkan, bu savol bilan unga Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev murojaat qilganini ochiqladi

Jurnalist oxirgi ikki yilda mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida matbuotga katta e’tibor qaratilayotgani, erkinlik berilayotganini qayd etdi va ularni iqtisodiy barqarorlikka olib chiqish uchun ayrim takliflarni o‘rtaga tashladi. Shayxovga ko‘ra, ma’lum muddat OAVni soliqlardan ozod qilish ularning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. 

“Men xususiy ommaviy axborot vositalarini biznes sifatida ham, davlat mafkurasini himoya qiluvchi vosita sifatida ham, nodavlat tashkilot sifatida ko‘rmayapman. Ular bu borada hali o‘z o‘rnini topmagandek. OAV – biznes bo‘lib biznes emas. Shunisi aniqki, OAV davlat mafkurasini himoya qiluvchi eng katta kuch va vosita. Ana shu vositadan unumli foydalangan holda, OAVga soliq imtiyozi berilsa, yaxshi bo‘lar edi. Endigina oyoqqa turib kelayotgan OAVga xodimlar uchun 24% soliq to‘lash, reklamadan tushgan oz mablag‘ning qaysidir qismini soliqqa jamg‘arish, qiyinchilik tug‘diryapti. Buning ortidan OAV mustaqilligini yo‘qotib, moliyaviy jihatdan kimningdir qo‘liga qaram bo‘lib qolyapti. Agar ularga soliq imtiyozlari berilsa, ularni bir yerga to‘plash mumkin va davlat mana, biz OAVga erkinlik yaratib bera oldik, desa bo‘ladi. O‘zi och va birovning qo‘liga qaram bo‘lgan matbuot qanday qilib erkin va xolis bo‘ladi?”.

Qamariddin Shayxov mikrofonsiz suhbatlarda mamlakatda OAV uchun ajratilayotgan grantlarni qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini qo‘shimcha qiladi. Unga ko‘ra, mamlakatda o‘z o‘rniga ega QALAMPIR.UZ, KUN.UZ, DARYO.UZ kabi nashrlar allaqachon iqtisodiy jihatdan barqaror holatga kelib bo‘lgan. “Ularda kamida 10-15 nafar xodim ishlamoqda. Biroq, bu nashrlar daromad topish darajasiga 2-3 yil deganda yetgan. Ungacha esa juda katta mablag‘lar sarflangan. Holbuki, katta-katta mablag‘lar sarflanib, iqtisodiy tanglik va yetishmovchilik sabab uzoqqa bormay, yopilib ketayotgan ommaviy axborot vositalari ham kam emas”, deydi Shayxov.  
 


Maqola muallifi

Teglar

Qamariddin Shayxov

Baholaganlar

76

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made

Mavzuga doir yangiliklar