“O‘zbeknavo”ning sobiq rahbari vafot etdi
Jamiyat
−
22 iyul 2021
18663O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori siyosiy fanlar nomzodi, professor, “Shuhrat” medali sohibi Azamat Haydarov 64 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Marhum 2017 yildan bugunga qadar O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Azamat Haydarov 1957 yil 20 may kuni Navoiy viloyatining Nurota tumanida tug‘ilgan. 1980 yil Toshkent davlat Madaniyat instituti, 1996 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Bir necha yillar mas’uliyatli vazifalarda, xususan, Madaniyat ishlari vazirligining Akademik va xalq badiiy jamoalar boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Malaka oshirish” fakulteti dekani, “Siyosiy fanlar” kafedrasi mudiri, Madaniyat va sport ishlari vazirining o‘rinbosari, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi bosh direktori, Madaniyat va sport ishlari vazirligining Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar respublika ilmiy-metodika markazi direktori kabi lavozimlarda jonkuyarlik bilan mehnat qilib, soha rivojiga katta hissa qo‘shgan fidoyi mutaxassis edi.
QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
LiveBarchasi