O‘zbekistonning Jenevadagi vakili BMT IHK raisi o‘rinbosari etib saylandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisining o‘rinbosari etib saylandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Endilikda O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarixida ilk bor BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK) byurosi faoliyatida ishtirok etadi. Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy guruhiga a’zo davlatlar O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili nomzodini 2022 yil uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi byurosi tarkibi IHK raisi hamda uning turli geografik guruhlardan saylangan to‘rtta o‘rinbosaridan tashkil topgan.

O‘zbekistonning doimiy vakili nomzodi ko‘rsatilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi BMT IHK tizimidagi eng yiriklardan biri hisoblanadi. Guruhda 56 ta davlat bor.

“O‘zbekiston vakilining ushbu lavozimga saylanishi respublikamizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy baholanayotganining ifodasidir”, deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda O‘zbekiston 2021-2023 yillar mobaynida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining to‘laqonli a’zosi etib saylangan va tashkilot doirasida faol ish olib bormoqda. 

Joriy yil oktyabr oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan Kengash tomonidan Pandemiya davrida yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi birinchi rezolyutsiyasi qabul qilindi. Mazkur hujjat BMT IHKning barcha a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 60 ga yaqin davlat unga hammualliflik qildi.

BMT IHK tarkibiga 47 davlat kiradi hamda butun dunyo bo‘ylab inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilishga mas’ul tuzilma hisoblanadi. Kengash vakolatiga inson huquqlari sohasidagi e’tiborga molik bo‘lgan barcha masalalar va vaziyatlarni muhokama qilish kiradi.

Kengash majlislari BMTning Jenevadagi vakolatxonasida o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

33

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing