O‘zbek xalqining do‘sti Shirin Akiner vafot etdi
Jamiyat
−
10 aprel 2019
6048Kembrij universitetining yetakchi tadqiqotchisi, zamonaviy G‘arb ziyolilarining yorqin vakili, O‘zbekistonning yaqin do‘sti Shirin Akiner 76 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan olimani tanigan va bilgan zamondoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda o‘z ta’ziyalarini bildirib, u qoldirgan ilmiy me’rosning beqiyosligini e’tirof etmoqdalar.
London universitetining professori Sh.Akiner 1990 yillardan boshlab bugungi kunga qadar Markaziy Osiyo hayotiga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan, ko‘zga ko‘ringan ekspertlar sirasidan edi. U O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston haqidagi yuzlab ilmiy asarlar hamda maqolalarga mualliflik qilgan. Ularda mintaqadagi siyosiy va ijtimoiy vaziyat, xususan, madaniyat va din bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratiladi.
Sh.Akiner 2005 yilda sodir bo‘lgan Andijon voqealari to‘g‘risida Jons Hopkins va Uppsala universitetlarida o‘zining mustaqil tadqiqoti natijalarini nashr qildirgan. Londonlik olima o‘sha davrda Andijonga shaxsan tashrif buyurib, mahalliy aholining turli qatlamlari vakillari bilan bevosita suhbat o‘tkazgan. Uning fikriga ko‘ra, ba’zi bir kuchlar ushbu tartibsizliklar orqali siyosiy to‘ntarish hosil qilib, hokimiyatni qo‘lga olishga harakat kilishgan.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu ekspert G‘arbda, jumladan, Londonda ham mazkur hodisani oldindan bilganlar bo‘lganligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishora qilgandi. Muallifning bu boradagi maqolasi va fikrlari 2005 yilning 19 iyul kuni “Pravda Vostoka”, 20 iyul kuni “Xalq so‘zi” va “Ishonch” gazetalarida chop etilgan.
Sh.Akiner keyingi yillarda mintaqamizga ixtisoslashgan “Journal of Central Asian and Caucasian Studies” jurnalining tahrir va maslahatchilar kengashi a’zosi hisoblanardi.
Ro‘ziboy Qo‘ldoshev, telejurnalist:- Bu inson ko‘p ulug‘ zot edilar. Ayniqsa, bizning vatan va vatandoshlarimizga ayricha muhabbat bilan qarar edilar…
Nazira Mambetsharipova, MTRK muxbiri: - Men ham bir necha bor suhbatdosh bo‘lgandim... O‘zbekistonni yaxshi ko‘rardilar...Ollohning irodasi...
Beruniy Alimov, O‘zDJTU dotsenti: - Professor Shirin Akiner keyingi 25-30 yil davomida O‘zbekistonning yaxshi-yomon kunlarida har doim birga bo‘lib kelayotgan G‘arbning eng taniqli olimasi edi.
Opani shaxsan 1996 yildan tanirdim. Turli ilmiy va siyosiy mavzularda suhbatlashib turardik.
Yaqinda Toshkentda ham xalqaro anjuman bahonasida ko‘rishdik. Oxirgi bor ko‘rishganimizda O‘zbekistonning imiji masalasida bafurja suhbatlashdik.
Keyin bu borada o‘zlari yozgan va hali hech joyda e’lon qilinmagan ilmiy maqolaning draft variantini yuborgandilar. O‘qib hayratlandim.
U chinakam ilm ummonining qirolichasi edi. Bundan ikki hafta oldin yozgan maktublarida esa sog‘liqlaridan shikoyat qilgandilar. Lekin ....ishonish qiyin...
Yillar davomida bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgan jonkuyar ustozimiz endi yo‘q…Joylari jannatda bo‘lsin!
Negmatullo Mirsaidov, media ekspert, Tojikiston: - Ha, ajoyib ayol, hech narsadan qo‘rqmaydigan, G‘arbda ko‘p ham uchravermaydigan aql egasi edi. Vijdonini siyosatga sotmas, mamlakatni mavjud siyosiy tizim bahonasida dunyo siyosatidan olib qochishni yoqlamas edi. U bilan shaxsan ko‘rishishga men ham muyassar bo‘lganman. Ilohim uning ruhi o‘zga dunyoda tinch bo‘lsin.
Viktoriya Panfilova, “Nezavisimaya gazeta” muxbiri, Rossiya: - Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. Biz bir oy oldin Toshkentda uchrashib, suhbatlashgan edik. Afsuski, bunday yo‘qotishni tasavvur ham qilmagandim. Yaqin kunlarda unga qo‘ng‘iroq qilishni rejalashtirayotgan edim. Gapimiz oxiriga yetmay qoldi...
Murod Ismoilov, tilshunos: - Juda ham ilmli inson edilar. Bunday olimalar dunyoda kam uchraydi. Oxirati obod bo‘lsin.
Marusa Xosilova, jurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibasi:- Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin. O‘zbekistonni yaxshi ko‘rganlarni biz ham yaxshi ko‘ramiz!
LiveBarchasi