O‘zbekistonning yagona elektr yetkazib beruvchisi borgan sari qarz botqog‘iga botmoqda

Tahlil

image

O‘zbekistonda elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi funksiyasini amalga oshiruvchi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 2022 yil 1 chorak yakunlarini 1,5 trillion so‘m zarar bilan yakunlagan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi ma’lum qildi. 

Bizgacha yetib kelgan hisobotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-mart  oylarida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ishlab chiqaruvchilardan jami 18,6 mlrd kVt soat elektr energiyasi o‘rtacha QQS bilan birga 378,2 so‘mdan xarid qilib, hududiy elektr tarmoq korxonalariga o‘rtacha 320,9 so‘mdan sotgan (har bir kVt soatdan 57,3 so‘mdan zarar ko‘rgan).

Jamiyat moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha hozirda amaldagi sotib olish va sotish tariflari saqlangan holda, ya’ni qimmat narxlarda elektr energiyasini sotib olib, arzon narxlarda sotishi natijasida 2022 yilda jamiyatning moliyaviy xo‘jalik faoliyati 5,3 trln so‘m miqdorida zarar bilan yakunlanishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, jamiyat shu yilda o‘z mablag‘lari hisobidan 492,5 mlrd so‘m miqdorida investitsiya loyihalarini moliyalashtirishi va xalqaro moliya institutlari, respublika tijorat banklaridan jalb qilingan kreditlar bo‘yicha 362,6 mlrd so‘m miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi belgilangan. Dard ustiga chipqon deb shuni aytishsa kerak.

QALAMPIR.UZ bilan muloqotda bo‘lgan mutaxassislarning qayd etishicha, ishlab chiqaruvchilardan qimmatga olib, arzonga sotish holatlarining davomiyligi kelgusida Jamiyat xarajatlarining to‘liq moliyalashtirilmasligiga, xodimlarga ish haqi va to‘lovlar o‘z vaqtida berilmasligiga, Davlat byudjetiga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklar hosil bo‘lishiga olib kelishi hamda eng asosiysi iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash jarayonlari va xizmatlar sifatiga putur yetishiga olib kelishi mumkin.

Buning asosiy sababi, Aksiyadorlik jamiyati Respublikada elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi va sotuvchi hisoblanadi.

Jamiyatning moliyaviy faoliyati – elektr energiyani ishlab chiqaruvchilardan xarid qilib olish va hududiy elektr tarmoqlariga sotish hisobiga shakllanadi.

Tariflar Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan belgilab berilgan bo‘lib, elektr energiyasini xarid qilish va sotish tariflari asosida amalga oshiriladi.

QALAMPIR.UZ’da mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 2021 yilda ham o‘z faoliyatini qariyb 2,1 trln so‘m, “O‘ztransgaz” AJ esa 2,5 trln so‘m zarar bilan yakunlagan. Bunga asosiy sabab, elektr energiyasi va tabiiy gazni yakuniy iste’molchilarga sotishning amaldagi tariflari sohaning jami xarajatlari va investitsion loyihalar doirasida jalb qilingan kreditlar bo‘yicha majburiyatlarini qoplashga yetarli emasligi bilan izohlanadi. Xususan, Jahon banki konsultantlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, amaldagi elektr energiyasi tariflari jami xarajatlarning 66 foizini qoplasa, tabiiy gaz tariflari esa bor yo‘g‘i 46 foizini qoplaydi.

Muammo shundaki, O‘zbekistonda elektr energetika sohasi korxonalari mahsulot va xizmatlarni davlat tomonidan tartibga solingan narxlarda sotishi oqibatida tarmoqlarni modernizatsiya qilish uchun kapital xarajatlarni amalga oshirish imkoniyatlari cheklanib qolmoqda. Bu haqida Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev jurnalistlar bilan uchrashuvda shunday degan edi:

“Investor biror loyihani amalga oshirish uchun ma’lum bir mablag‘ sarflashga tayyor. Lekin, u sarflagan investitsiyasini kafolatlangan tarzda qaytarib olishiga, ko‘zda tutgan ma’lum me’yordagi foydani olishiga kim kafolat beradi? Biz har qanday bitmalarni imzolashda davlat kafolat beradi, desak ham investor birinchi navbatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning bozorda sotilishiga qaraydi. Har qanday kafolat iqtisodiy jihatdan davlatga og‘ir yuk bo‘ladigan bo‘lsa, vaqti soati kelib bu kafolatdan voz kechish yoki shartlarni qayta ko‘rib chiqish ehtimoli bor.

Shu sababli ham biz, investor o‘zini ko‘zi bilan saflangan mablag‘ qaytib kelishini ko‘rishi uchun muhit yaratishimiz kerak”.

Ma’lumot uchun, so‘nggi bor yoqilg‘i-energetika resurslariga yangi narxlar va tariflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyulda qabul qilingan 633-son qaroriga ko‘ra, 2019 yil 15 avgustdan boshlab belgilangan edi va qariyb 3 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmadi.

2017 yil sentyabr oyida aholi uchun elektr energiyasi tarifi 2,5 sentni tashkil qilgan bo‘lsa, 2018 yil aprel oyida – 2,8 sent, 2018 yil noyabrda – 3,0 sent, 2019 yil avgust oyida – 3,3 sent edi. Bugungi kunda esa 2,6 sentni tashkil qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

580

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing