O‘zbekistonning tashqi qarzi qanchaga yetgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

2022 yilning 1 oktyabr holatiga davlat qarzi 26,2 milliard AQSH dollarini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 34,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi”da ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, davlat qarzining YAIMga nisbati 2021 yil boshida 39,0 foizdan 2022 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra 34,1 foizgacha pasaydi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining mamlakatlar iqtisodiyotiga bag‘ishlangan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi bugungi kunda “mo‘’tadil” darajada hisoblanadi.

2022 yilning III choragida O‘zbekistonda YAIM real o‘sish sur’ati 5,8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, yil boshidan davlat tashqi qarzi qoldig‘i 1,7 foizga kamaydi. Bunda davlat byudjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan birga 823 mln dollar miqdoridagi davlat tashqi qarzi so‘ndirildi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekiston Respublikasi nomidan umumiy qiymati 2058,9 mln AQSH dollari miqdoridagi 16 ta tashqi qarz bitimi imzolangan. Mazkur mablag‘lar energetika, aholini toza ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlash, avtomobil yo‘llarni rivojlantirish, temir yo‘l va boshqa muhim loyihalarni moliyalashtirish uchun nufuzli xalqaro moliya institutlaridan imtiyozli shartlardagi uzoq muddatli kreditlari hisobidan jalb qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

473

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing