O‘zbekistonning KXSHTga a’zo bo‘lish xavfi bormi?
Jamiyat
−
13 yanvar 2022
9900O‘zbekiston xalqi, ayniqsa, bilimli, dunyoni ko‘rgan yoshlari davlatning KXSHT kabi bir taraflama maqsadlarga tayangan tashkilotlarga a’zo bo‘lishini istamaydi. Bu haqda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosatshunoslik fanlari doktori Sayfiddin Jo‘rayev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Yaxshi ma’lumki, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi (KXSH) SSSR parchalangach, asosan Rossiyaning tashabbuskorligida 1992 yil 15 may kuni Toshkentda tuzilgan. Bu tashkilotga dastlab O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va Rossiya qo‘shilgan. 1993 yilda Ozarbayjon, Gruziya va Belarus tashkilotga a’zo bo‘lgan.
KXSH 1994 yil 20 apreldan boshlab kuchga kirdi. Imzolangan shartnoma besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uni uzaytirish ham mumkin edi. 1999 yilda Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi va KXSHT a’zoligidan chiqdi. 2006 yilga kelib O‘zbekiston tashkilotdagi a’zoligini davom ettirdi va 2012 yilda yana a’zolikni to‘xtatdi.
Ayni vaqtda ushbu tashkilot va uning faoliyati Qozog‘istondagi namoyishlar fonida kun tartibiga chiqdi.
Sayfiddin Jo‘rayevga ko‘ra, O‘zbekistonning bunday xalqaro harbiy tashkilotlarga a’zo bo‘lmasligi juda to‘g‘ri. Bu holat davlatning bundan keyingi taraqqiyotiga ham asos bo‘ladi.
“O‘zbekistonning harbiy doktirinasi bo‘yicha, davlatimiz hech qanday harbiy tashkilotga a’zo bo‘lmaydi. O‘zbekiston hududiga boshqa davlatlarning harbiylari yoki harbiy qo‘shinlarining kirishga haqqi yo‘q. Bu ham harbiy sohadagi erishgan yutuqlarimizdan biri. Davlatning o‘z harbiy sohasi bo‘lishi, mamlakatdagi har bir fuqaro xavfsizligining kafolatidir. Demak, qonunlarimiz ham bu holatga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, xalqimiz ham buni xohlamaydi”, deydi Jo‘rayev.
Uning ta’kidlashicha, dastlabki terroristik harakatlar bo‘lgan vaqtda KXSHT "O‘zbekistonga bir vagon o‘q jo‘natamiz", deb va’da bergan. Ammo, hali ham o‘sha vagon yetib kelmagan va quruq va’daligicha qolib ketgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston KXSHT bilan aloqalarni uzgan.
“Hozirgi kunda bu tashkilotda bizning milliy manfaatlarimizga javob bera oladigan mexanizm ham, sharoit ham yo‘q. Hozir mamlakatimizga yangi dunyoqarashli, Yevropani ko‘rgan, ko‘p joylarda o‘qib kelgan, fikrlay oladigan yangi avlod kirib kelgan. Mana shu avlod ham buni xohlamayapti. Bizning yo‘limiz to‘g‘ri ekanini biladi. U tashkilotga kirish davlatimizning biron bir dasturi yoki istiqbolida yo‘q. Lekin, ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilish uchun uning tajribasini o‘rganishimiz, muloqotga kirishishimiz mumkin. Tashkilotga a’zo bo‘lish xavfi yo‘q”, deydi Jo‘rayev.
LiveBarchasi