O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegarasida yashirin tonnel qazigan shaxslarga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
17 iyun 2022
14977O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegarasiga yaqin hududda yashirin yer osti yo‘llari qazigan shaxslarga sud hukmi o‘qildi. Hukmga ko‘ra, ular 6 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 22 yanvar kuni Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahridagi “Zahiriddin Muhammad Bobur” MFYda yashovchi 32 yoshli fuqaroning hovlisidan eni 1m kvadrat, chuqurligi 12-12,5 metr va uzunligi 150 metr bo‘lgan yer osti yo‘li topilgan. Bu yo‘l Qirg‘iziston Respublikasiga noqonuniy o‘tish uchun maxsus qazilgan.
Bundan tashqari, mazkur tumanning “Birlik” MFYda yashovchi fuqaroning hovlisidan eni 1m kvadrat, chuqurligi 10-12 metr, uzunligi 400-420 metr atrofidagi ikkinchi yer osti yo‘li borligi aniqlangan. Ushbu yer osti yo‘liga qo‘lbola po‘lat izlarda harakatlanuvchi kichik hajmli, elektrodvigatelli aravacha o‘rnatilgan.
Xabarga ko‘ra, 2 nafar O‘zbekiston va 6 nafar Qirg‘iziston fuqarosidan iborat uyushgan jinoiy guruhga 1974 yilda tug‘ilgan qirg‘izistonlik shaxs yetakchilik qilgan.
Ular mazkur tonnellardan katta miqdordagi chet el valyutalarini noqonuniy ravishda xorijga chiqarish bilan shug‘ullangan. 22 yanvar kuni ularning navbatdagi 1 mln 641 ming 106 AQSH dollarini Qirg‘iziston Respublikasiga noqonuniy chiqarish rejasi fosh etilgan.
Guruh a’zolari huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushmaslik maqsadida, o‘zaro muloqotda shartli so‘zlashuv usulini qo‘llagan va Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara-bojxona postidan deklaratsiya to‘ldirgan holda katta miqdordagi valyutalarini O‘zbekiston hududiga olib kirib, so‘ngra pullarni yer osti yo‘li orqali Qirg‘izistonga qaytarib, olib chiqib ketgan. To‘ldirilgan deklaratsiyadan esa Toshkent va Qo‘qon shaharlaridan xorijiy valyutalarni tashishda yo‘llarda kuzatiladigan ehtimoliy tekshiruvlarda foydalangan.
Joriy yilning 25 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudining hukmiga ko‘ra, qonunbuzarlarga nisbatan 6 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, joriy yilning 5 fevral kuni Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahridagi “Zahiriddin Muhammad Bobur” MFYda yashovchi boshqa bir fuqaroning uyida ham qo‘shni davlat hududiga olib o‘tuvchi yashirin yer osti yo‘li borligi aniqlangan.
U ham qirg‘izistonlik shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini ajratib turuvchi “Shahrixonsoy” kanali ostidan o‘tuvchi, chuqurligi taxminan 16 metr, uzunligi 70 metr bo‘lgan yer osti yo‘li qazib, uni maxsus elektr yoritgich tizimi va kislorod bilan ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlagan.
Xabarga ko‘ra, hozirda mazkur fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu uchta yer osti yo‘llari orqali katta miqdordagi chet el valyutalari O‘zbekistondan qo‘shni davlatga olib chiqilib, turli xil tovar-moddiy boyliklar mamlakatga olib kirilgan.
“Ta’kidlash lozimki, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari doirasida joriy yilning aprel oyida Qirg‘iziston Respublikasi huquq-tartibot idoralari nomiga, aniqlangan uchta yer osti yo‘llarining Qirg‘iziston tomonida joylashgan manzillari va ularning tashkilotchilari to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar yuborilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan”, deyiladi xabarda.
Keyinchalik, joriy yilning may-iyun oylarida qo‘shni davlat vakillari tomonidan o‘z hududlarida o‘tkazilgan tekshiruv harakatlari natijasida, ushbu yashirin yer osti yo‘llari faoliyatiga chek qo‘yilgan.
LiveBarchasi