O‘zbekistonning qator hududlariga sel keldi

3-sahifa

image

Bugun, 3 may kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari va toshqin yuzaga keldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani “Hisorak” QFY hududida yog‘ib o‘tgan yog‘ingarchilik tepaliklardagi qum aralash shag‘allarni ichki yo‘llarga yuvib tushirgan. Hodisa oqibatida aholi xonadonlari, ularning mulklariga ziyon yetmagan.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida qisqa muddatli yog‘ib o‘tgan yomg‘ir yog‘ishi natijasida tumanning Machay, Yuqori Machay va Darband qishlog‘ida qisqa muddati sel oqimi kuzatilgan. Sel suvlari Machay, Yuqori Machay qishloqlarining ichki yo‘llariga hamda Darband qishlog‘i hududidan o‘tgan M-39 Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘liga toshgan. Sel suvlari oqibatida aholi xonadonlari, ijtimoiy ob’ektlar va kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetmagan. Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lida transport vositalari qatnovi to‘xtatilmagan.

Shuningdek, Sariosiyo tumani tog‘li hududining “Xonjiza” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Xursandsoy soyida suv hajmi ortib, soy chetiga o‘rnatilgan 2 dona, 110 kVt kuchlanishli metall konstruksiyali ustunlar ostini yuvishi oqibatida ushbu ustunlarni yonboshga yiqilishiga olib kelgan.  Ayni vaqtda ushbu elektr ustunlarini demontaj qilish ishlari olib borilmoqda. Hozirda xavfsizlik nuqtai nazardan vaqtinchalik elektr ta’minotidan uzilgan. Holat “Xonjiza” ob’ekt elektr ta’minotiga ta’sir ko‘rsatmagan, u faoliyatini uzluksiz davom ettirmoqda.

Shu bilan birga, Sangardak soyi tepaliklaridan oqib tushgan yomg‘ir suvlari tuproq va qum-shag‘allarni ichki yo‘llarga oqizib kelgan. Yo‘llarda to‘plangan loyqa va qum-shag‘allar maxsus muhandislik texnikalari  yordamida to‘liq bartaraf etilgan. Yog‘ingarchilik oqibatida aholi xonadonlari va ularning mulkiga ziyon yetmagan.

Hozirda sel oqimidan so‘ng yo‘llarda yig‘ilib qolgan qum-shag‘al va loyqalarni tozalash ishlari FVV va tegishli xizmatlar xodimlari hamda maxsus muhandislik texnikalari yordamida amalga oshirilmoqda.

“Tog‘li va tog‘oldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam olish maskanlarida dam oluvchilar va ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, 3-5 aprel kunlari yog‘ingarchilik oqibatida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

307

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing