O‘zbekistonning “Ipoteka-bank”i sotildi
Jamiyat
−
12 dekabr 2022
23533O‘zbekistonning “Ipoteka-bank” bankini shtab-kvartirasi Vengriyada bo‘lgan OTP guruhi sotib oldi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.
O‘tgan yilning sentyabr oyida imzolangan kelishuv memorandumidan so‘ng Toshkent shahrida OTP banki nomidan “Ipoteka-bank” bankini xususiylashtirish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi imzolandi. Hujjatni OTP Bank Boshqaruv raisi va Bosh ijrochi direktori Shandor Chani va Bosh direktor o‘rinbosari Laslo Volf, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi nomidan Moliya vaziri Timur Ishmetov, O‘zbekiston Respublikasi nomidan Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev imzolagan.
Qayd etilishicha, OTP Bank O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga tegishli 100 foizlik aksiyalarni (aksiyalarning umumiy paketining qariyb 97%) ikki bosqichda sotib oladi: aksiyalarning 75 foizi hozir, qolgan 25 foizini – birinchi bitim moliyaviy yopilganidan uch yil o‘tgach.
“Birinchi bitimning moliyaviy yopilishi 2023 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda”, deyiladi Moliya vazirligi xabarida.
Aktivlar hajmi bo‘yicha "Ipoteka-bank" banki O‘zbekistondagi beshinchi yirik bank bo‘lib, bozor ulushi 8,5%, chakana mijozlari 1,6 milliondan ortiq, mintaqaviy markazlar vazifasini bajaruvchi 39 ta filiali, 193 ta mijozlarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va muhim korporativ mijozlari hisoblanadi. Mahalliy bank sektorining jadal o‘sishiga muvofiq, so‘nggi uch yil ichida bank aktivlari kredit portfeli bo‘yicha yiliga o‘rtacha 20% va depozit portfeli bo‘yicha 24% ga o‘sgan.
OTP Guruhi Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasidagi yetakchi moliyaviy guruhlardan biri bo‘lib, o‘sish ko‘rsatkichlari, ajoyib rentabellik va kapital va likvidlik bo‘yicha barqaror mavqega ega. 11 mamlakatda 36000 ga yaqin xodim bilan guruh deyarli 16 million mijozga universal moliyaviy xizmatlarni taqdim etadi. Mintaqaning bank sektoridagi eng faol konsolidator sifatida guruh 2000-yillarning boshidan beri 23 ta bankni sotib oldi va birlashtirdi. Bank hozirda Vengriya, Bolgariya, Serbiya va Chernogoriyada bozor yetakchisi ekani aytiladi. OTP Guruhi shtab-kvartirasi Vengriyada joylashgan. Bank guruhi Budapesht fond birjasida 1995 yildan beri ro‘yxatga olingan.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi