O‘zbekistonning beshta aeroportida Tax Free tizimi joriy etildi
Jamiyat
−
03 yanvar 2023
6103Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch aeroportlarida Tax Free xizmati shoxobchalari ochildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovini qaytarish uchun “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tish va u orqali xaridlar uchun olingan cheklarni skanerlash lozim. Aeroportdan jo‘nab ketayotganda, yo‘lovchi reysga ro‘yxatdan o‘tishi, so‘ngra Tax Free xizmatiga borib bortga chiqish taloni va tovarning o‘zini ko‘rsatishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tgan tovarlarni qo‘l yukida tashish uchun qoldirish yoki ro‘yxatdan o‘tish joyiga qaytib, bagaj sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
Qayd etilishicha, Tax Free xizmatidan foydalanish uchun sotib olingan tovarlarning umumiy summasi 1 million so‘mdan yuqori bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, mahsulot ochilmagan va ishlatilmagan bo‘lishi kerak. Soliq qo‘mitasi xodimlari tovarlarning barcha mezonlarga muvofiqligini tekshirgandan so‘ng, “keshbek”ni rasmiylashtiradi.
Turli toifadagi tovarlar uchun yo‘lovchi QQS summasining 90 foizigacha “keshbek” qaytarishi mumkin. “Keshbek” yo‘lovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va ro‘yxatdan o‘tgan oydan keyingi oyning 25-kunidan so‘ng to‘lab beriladi.
Ma’lumot uchun, Tax Free tizimi xorijiy fuqarolarga O‘zbekistonda chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni xarid qilishda to‘langan QQS summalarini qaytarishni nazarda tutadi. “Keshbek” to‘lanadigan tovarlarga suvenirlar, yong‘oqlar, ho‘l va quruq mevalar, charm va mo‘ynali mahsulotlar, gilamlar, tekstil mahsulotlari va boshqalar kiradi.
LiveBarchasi