O‘zbekistonliklarning qarzga botib, chet elga ishlagani ketishi sabablari aytildi
Jamiyat
−
07 Oktabr 2019
11573O‘zbekistonliklarning ko‘p qismi dabdabali to‘ylar ortidan qarzga botyapti. Oqibatda bu qarzlarni to‘lay olmay, chet elga chiqib ketishiga, pul ishlab kelishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorida ro‘y-rost aytilgan.
Unda shunday deyiladi:
So‘nggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettirgan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda.
Bunday salbiy illatlarga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, shuningdek fuqarolar yig‘inlarida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzildi.
Biroq o‘rganishlar tahlili, shuningdek aholi bilan bevosita o‘tkazilgan muloqotlar, jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali to‘y marosimlari va ularni o‘tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.
Ba’zi fuqarolar to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni dabdaba bilan o‘tkazishni qo‘shnilar, qarindoshlarning tanqidlaridan, qoralashidan, umuman olganda, jamoatchilik bosimidan xalos bo‘lish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar o‘rtasida qarzdorlikning vujudga kelishiga va oqibatda keskin ziddiyatlarga olib kelmoqda.
Aksariyat aholi, ayniqsa, xotin-qizlarning ongida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda qiz tomonning sarf-xarajatlari qanchalik yuqori bo‘lsa, qaynona-kelin munosabatlari shunchalik yaxshi bo‘ladi, degan noto‘g‘ri tasavvur tobora mustahkamlanib bormoqda.
“Charlar”, “aqiqa marosimi”, “muchal to‘yi”, “qiz majlis”, “kuyov chaqiriq”, hayitda “kelin ko‘rish” kabi marosimlar aholi tomonidan ortiqcha, deb baholanmoqda. Biroq bunday marosimni tashkil etayotgan shaxslarda tadbirlarni obro‘liroq joyda o‘tkazishga, o‘zining yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilishga, moddiy mavqei bilan maqtanishga intilish kuchaymoqda.
Aksariyat to‘yxona egalari ixcham va kamxarj o‘tkazish niyatida bo‘lgan fuqarolardan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda belgilangan qoidalarga zid ravishda to‘y xarajatlarini ikki-uch baravar miqdorda asossiz undirib olmoqda.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda san’atkorlar haddan ziyod baland narxlarda xizmat ko‘rsatmoqda, o‘z tomosha xizmatlarini ko‘rsatish davomida milliy mentalitetimiz, qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga mos kelmaydigan, “ommaviy madaniyat” illatlarini targ‘ib qiladigan hamda yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlar namoyish etilmoqda.
Yuqoridagi salbiy holatlarning tobora avj olishi ming-minglab oilalarning nafaqat ijtimoiy ahvoliga, balki butun hayotiga, qolaversa, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mazkur holatlarga chek qo‘yish, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni qat’iy tartibga solishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
LiveBarchasi