O‘zbekistonliklarning inflyatsion kutilmalari keskin o‘sdi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2023
5929O‘zbekiston aholisining inflyatsion kutilmalari keskin o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan avgust oyi uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalariga oid infografikada keltirilgan.
Markaziy bank o‘tkazgan aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalarini o‘rganish bo‘yicha so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning o‘rtacha inflyatsiya prognozi 14,2 foizni tashkil etgan. Ularning 30 foizi narxlarning o‘sish sur’ati 9−12 foiz oralig‘ida bo‘ladi deb taxmin qilmoqda.
Aholi narxlar o‘sishiga asosan valyuta kursining o‘zgarishi (70 foiz), yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishi (43 foiz) hamda ish haqi va nafaqalarning oshishi (36 foiz) ta’sir qilishini bildirgan.
Inflyatsiya omillarining keyingi qatorida bozorda monopoliyaning mavjudligi (33 foiz) va narxlarning sun’iy oshirilishi (32 foiz) joylashgan. Kommunal xizmatlarning qimmatlashi ham (27 foiz) sanab o‘tilgan.
Ma’lumot o‘rnida, avgust oyi yakuni bo‘yicha aholi tomonidan sezilgan inflyatsion daraja esa 11,7 foizni tashkil qilgan.
Go‘sht va sut (45 foiz), benzin va yoqilg‘i (40 foiz) hamda qurilish mollari (33 foiz) narxlari yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlar sifatida qayd etilgan.
Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsiya Toshkent shahri (16,4 foiz) va Sirdaryo viloyati (16,2 foiz)da sezilgan.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi