O‘zbekistonliklarga Rossiyada 15 kun “registratsiyasiz” qolishga ruxsat berilishi mumkin
Olam
−
26 yanvar 2022
4426O‘zbekistonliklarga Rossiyada 15 kun ro‘yxatdan o‘tmasdan qolish huquqi berilishi mumkin. Bu haqda “Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida“gi qonun loyihasiga asoslanib, TASS ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2021 yilning 21 may kuni Moskvada, 17 iyun kuni Toshkentda Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining O‘zbekistonda va O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lish tartibi to‘g‘risida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida kelishuv imzolangan.
“Bir tomon davlati fuqarolarining boshqa tomon davlati hududida bo‘lishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida bitim boshqa tomon davlati hududida vaqtincha bo‘lgan fuqarolarni mamlakatga kirgan kunidan 15 kun ichida yashash joyida ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod etishni nazarda tutadi”, deyiladi tushuntirish xatida.
Qonun loyihasiga ko‘ra, hozirda xuddi shunday yondashuv Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Armaniston va Qirg‘iziston fuqarolariga ham tegishli. Bitimning amalga oshirilishi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, hozir o‘zbekistonliklar Rossiyaga kirgandan keyin 7 kun ichida, O‘zbekistonda rossiyaliklar esa 3 kun ichida migratsiya ro‘yxatidan o‘tishlari kerak.
LiveBarchasi