O‘zbekistonliklar nechta farzand ko‘rishni xohlaydilar

Jamiyat

5 (1)

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “Fuqarolarning reproduktiv qarashlari, reproduktiv salomatlik va reproduktiv huquq haqidagi jamoatchilik fikri” mavzusida so‘rov o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Undan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston fuqarolarining reproduktiv qarashlari, “reproduktiv salomatlik” va “reproduktiv huquq” tushunchalari haqidagi tasavvurlarini aniqlash, fuqarolarning oilani rejalashtirish va aholi salomatligini saqlash masalalaridan xabardorlik darajasini o‘rganishdan iboratdir.

So‘rovda mamlakatning barcha fuqarolari – respublikamizning barcha viloyatlaridagi turli aholi qatlamlari vakillari, barcha yoshdagi xotin-qizlar va erkaklar, turli millat va din vakillari ishtirok etdi.

O‘zbek jamiyatida oila munosib avlodni tarbiyalovchi muhim ijtimoiy institut mavqeiga ega bo‘lib, farzandlar eng muhim hayotiy ne’matlardan biri, baxtli va mustahkam oilaning zarur sharti hisoblanadi. Aksariyat so‘rov qatnashchilari (73,9 foiz) farzand – oila mazmuni va oilaning eng asosiy boyligi, degan fikrga qo‘shiladi.

So‘rovda fuqarolarning oilada farzandlar soniga doir istaklari ham aniqlandi. Masalan, ko‘pchilik o‘zbekistonliklar oilada uch nafar (35 foiz aholi) yoki to‘rt nafar (30,8 foiz) farzand bo‘lishini xohlaydi. So‘ralganlarning 13,2 foizi oilada besh nafar yoki undan ko‘proq farzand ko‘rish tarafdori. Bular asosan Surxondaryo viloyati (34,8), Xorazm viloyati (19 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (18,8 foiz) istiqomat qiluvchi fuqarolardir.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdi, O‘zbekistonning aksariyat oilalarida keyingi farzandning tug‘ilishi haqidagi qaror er-xotin tomonidan birgalikda qabul qilinadi va bu ularning oiladagi bolalar soni haqidagi qarashlariga asoslanadi. So‘rov ishtirokchilari onaning sog‘lom bo‘lishi (22,5 foiz aholi) hamda oilaning moddiy ahvoli (21,7 foiz aholi) keyingi farzandning tug‘ilishida muhim omillardan deb hisoblaydi.

Tadqiqot, shuningdek, aholining “reproduktiv salomatlik” va “reproduktiv huquq” kabi tushunchalardan yetarli darajada xabardor emasligini ko‘rsatdi – 37,2 foiz so‘rov ishtirokchilari “reproduktiv salomatlik” tushunchasi bilan tanishmisiz, degan savolga tasdiq javobini bergan va respondentlar 23 foizining “reproduktiv huquq” tushunchasidan xabari bor. So‘rov bu masalada asosan yoshlarning yetarli darajada xabardor emasligini aniqladi: 

18-19 yoshdagi so‘rov qatnashchilari orasida faqat 19,1 foizigina “reproduktiv salomatlik”, 10,6 foizi “reproduktiv huquq” tushunchalari haqida ma’lumotga ega. Shu bois, yoshlarning huquqiy va tibbiy bilimlarini oshirish, aholi, birinchi navbatda, yoshlar orasida keng targ‘ibot va tushuntirish ishlarini tashkillashtirish va o‘tkazish zarur.

Jamoatchilik fikri monitoringi o‘zbekistonliklar ongida oilani rejalashtirish masalalarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini ko‘rsatdi. Fuqarolar rejalashtirish – oila qurish va uni mustahkamlashda zarur va ijobiy tadbir bo‘lib, u sog‘lom va ardoqli farzandlar ko‘rish, ularni yuqori turmush darajasi bilan ta’minlash va o‘qitish imkonini berishini tushunib yetmoqda. Tadqiqot davomida oilani rejalashtirishni muhim deb hisoblaydigan fuqarolar soni oshgani kuzatildi: 2019 yilda 72,5 foiz so‘rov ishtirokchilari shu fikrni bildirgan (2018 yilda – 63,8 foiz fuqaro oilani rejalashtirish kerak, degan fikrda bo‘lgan).


Maqola muallifi

Teglar

O'zbek jamiyati

Baholaganlar

54

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar