O‘zbekistonliklar hayotida 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?

Foydali

image

Davlat xizmatchilarining maoshi oshishi, xodimlarga sayyohlik uchun imtiyoz berish va oilaviy poliklinikalarda ish vaqti uzaytirilishi shular jumlasidan. Quyida kutilayotgan o‘zgarishlar bilan batafsil tanishing.

Ish haqi miqdori oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 12 foizga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida:

• mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 920 000 so‘m;
• bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 300 000 so‘m etib belgilanadi.

Xodimlarga mahalliy sayohat xarajatlarining bir qismi to‘lab beriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida:

• jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;
• sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab beriladi.

Tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-136-son Farmoniga binoan davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:

• oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;
• ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;
• tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshiriladi;
Bunda, tibbiyot muassasasi xodimlarining tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini tegishincha 1,15 va 1,1 barobarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.

Ayrim yoshlar OTMga o‘qishga qabul qilishda test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan:

• “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar OTMga o‘qishga qabul qilishda undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi;
• Markazlarda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi joylar tashkil etiladi;
• davlat xizmatidan foydalanishda undiriladigan to‘lovlarni Markazlarda joylashgan tijorat banklari shoxobchasidan naqd yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirganda ikki foizgacha bo‘lgan tijorat bankining komissiya summasi uchun alohida to‘lov undirilmaydi (bundan davlat boji to‘lovlari mustasno);
• tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish funksiyalari yuklatilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va mas’ul xodimlari davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgar hisoblanadi.

38 turdagi davlat xizmatlarini YAIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi

Oilaviy poliklinikalarda ish vaqti uzaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq:

• oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022 yil 1 iyundan boshlab qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi;
• qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash amaliyoti joriy etiladi.

Volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi

“Volontyorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan O‘zbekiston yoshlar portali negizida yaratilgan volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi.

Platforma quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:

• volontyorlarning ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalardagi ishtiroki, shuningdek, davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashgan davrini qayd etib borish;
• volontyorlar guruhiga kiritilgan volontyorlarni hisobga qo‘yish;
• hududlar va faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha volontyorlik yordamini jalb qilishga qiziqish bildirayotgan davlat organlari ro‘yxati hamda ularning tadbirlari, loyihalari va aksiyalarini joylashtirish;
• davlat organlarining volontyorlar bilan ishlashiga oid metodik tavsiyalarni joylashtirish;
• volontyorlik faoliyatini chet elda amalga oshirish.

Kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi to‘lab beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga muvofiq:

•    “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.

Soliq kodeksiga ko‘ra, ishlab chiqariladigan tamaki, alkogol, neft mahsulotlari va boshqa aksiz to‘lanadigan tovarlar va xizmatlarga nisbatan soliq stavkalari belgilandi.

Xotin-qizlarni davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida kasbga o‘qitishning yangi tartibi joriy etilad

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoniga binoan, davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning yangi tartibi joriy etiladi:

• Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari huzurida malakani baholash markazlari tashkil etiladi;
• malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab chiqadi va salohiyatli ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;
• o‘quv kurslarini tugatgan xotin-qizlar bilimi darajasi malakani baholash markazlari tomonidan aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari beriladi;
• malaka sertifikatini olgan xotin-qizlarga mehnat faoliyatini boshlashi uchun o‘qish xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash markazlari tomonidan subsidiyalar beriladi;
• malakani baholash markazlari tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, kasb-hunar maktablari, akademik litsey va kollejlarning bitiruvchi sinf o‘quvchi-qizlarini axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shimcha kurslarda o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasi beriladi.

Shuningdek, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil qilinadi.

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

320

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing