O‘zbekistonlik yigitlarni Rossiya qo‘shinlari safida jang qilishga nima majbur qilmoqda?
Intervyu
−
13 Sentabr 2022
31541Yaqinda Ukraina Qurolli Kuchlari rus qo‘shinlari safida yollanib xizmat qilayotgan ikki o‘zbek yigitini asirga olgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarga ilova qilingan va Telegram’dagi “Butusov Plyus” kanalida e’lon qilingan videoda, asirga olingan yigitlar o‘zini o‘zbekistonlik deb tanishtirgan.
Ikkala o‘zbek asirlari ham samarqandlik va biri 5 yildan buyon Moskvada hujjatsiz ishlab kelayotgani aytilmoqda.
“Moskvada qurilishda ishlardim. Hujjatlarim yo‘q edi, shu holatda 5 yil ishlab kelayotgandim. Meni bu yerga majburlab yuborishdi. Bu yerga kelishni xohlamagandim. Kelishga majbur bo‘ldim. Kechiringlar meni. Biz kelgan mashinada besh kishi bor edi. Komandirning ismini bilmayman. O‘tgan kecha tunagan joyimni aniq bilmayman”, deydi yuziga ko‘k bog‘ich bog‘langan o‘zbek yigiti.
Ikkinchisi esa Moskvadagi oliy o‘quv yurtlaridan birida tahsil olayotgan talaba bo‘lgani qayd qilingan.
“Yoshim yigirma ikkida. Hech qayerda xizmat qilmaganman. “Redut” xususiy harbiy kompaniyasiga minomyotchi bo‘lib yollanganman. To‘g‘risi, qayerdan kelayotganimizni ham, qayerga borayotganimizni ham bilmayman. Bizni bu yerga “KamAZ”da olib kelishdi. Yonimda O‘zbekistondan yana bir yigit bor edi. Rossiyada o‘qirdim, pul kerak bo‘lgani uchun xususiy harbiy kompaniyaga yollangandim”, degan o‘zini Muhriddin Ahmedov deya tanishtirgan o‘zbekistonlik. Shuningdek, videodan yigitning og‘ir yaralanganini ko‘rish mumkin.
Shu va shunga doir ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun QALAMPIR.UZ O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi qoshida faoliyat yuritib kelayotgan Talabalar byurosi “Qalqon” guruhi rahbari Jahongir Xayitov bilan suhbatlashdi.
“Ukrainada o‘zbek yigitlarining qo‘lga olinishi juda achinarli holat. Ular orasida talaba ham bor ekan. Hozir uning shaxs va qaysi universitetda o‘qiyotganiga aniqlik kirityapmiz. Videodagi yigit Ahmedov Muhriddin 22 yosh va Samarqanddan. Biz boshqa ma’lumotlarni aniqlaganimizdan so‘ng, jamoatchilikka xabar beramiz”, deydi Xayitov.
Uning aytishicha, o‘zbekistonliklar asosan beriladigan pul takliflariga aldanib qolmoqda. Talabalarning ko‘pi kontrakt asosida o‘qiydi va pul kerakligi uchun bunday takliflarga rozi bo‘lmoqda.
“Bir gap bilan aytganda, ko‘p muammolar yetishmovchilikdan kelib chiqadi. Ba’zi bir shaxslar esa ana shundan foydalanib bizning fuqarolarimizni mana shu urushga jalb qilishmoqda”, deydi Xayitov.
Jahongir Xayitovning ma’lum qilishicha, bunday hodisalar juda ko‘p sodir bo‘lmoqda. U rahbarlik qilayotgan guruhga talabalardan ko‘plab murojaatlar keladi. Talabalar esa Rossiyadagi xususiy harbiy kompaniyalardan katta miqdorda pul yoki fuqarolik berish evaziga rus qo‘shinlari safida jang qilish haqida taklif tushayotganidan havotir bildirishadi.
Shu paytgacha nechta fuqaroning bu tuzoqqa tushib qolganini esa aniq aytishning imkoni yo‘q. “Qalqon” rahbari bu savolga quyidagicha javob berdi:
“Bilganimiz va bilmaganlarimiz bor. Ularning sonini aniq aytishning iloji yo‘q... Ochig‘ini aytganda? shundaylar bor, lekin hammasi to‘la yoritilgani yo‘q”.
Muxbirning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nega haligacha vaziyatga izoh bermagani haqidagi savoliga esa Xayitov vazirlik yoki elchixona nomidan gapirishni emas, o‘zining shaxsiy fikrini bo‘lishishni ma’qul ko‘rdi.
“Bizning Rossiya Federatsiyasidagi vakillarimiz bu masala bo‘yicha ishlamayapti yoki xabari yo‘q, deyolmaymiz. Tashkiliy ishlar boshlangan va o‘ylaymanki, yaqin orada ular o‘z fikrlarini aytadi.
Masalan bizning ishimiz talabalarga taalluqli bo‘lgani uchun bu masalada juda xushyormiz. Chunki talabalarning orasida bunday takliflar ko‘p tushib boradi. Biz esa kimdan qanaqa taklif tushayotganini aniqlab, organ hodimlariga yoki o‘zimizning rahbariyatga yetkazyapmiz”, deydi mas’ul.
Guruh rahbarining qo‘shimcha qilishicha, talabalarning bunday tuzoqqa tushib qolmasligi uchun Talabalar byurosi muntazam ravishda profilaktik suhbatlar olib bormoqda.
Shuningdek, u bunday qaltis vaziyatda ota-onalar o‘z farzandlariga, har bir odam o‘zi uchun javob berishi kerakligini, har xil aldovlarga uchmaslik, pul uchun jonini xavfga qo‘yib begona yurt qo‘shinlariga qo‘shilish kabi jinoyatni sodir etmaslikka chaqirdi.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biror shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi jinoyat hisoblanadi va bunday harakatni sodir etganlar 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
Shuningdek, bugun O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yubordi.
Undan esa biz yuqorida tilga olgan ya’ni Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan ushbu mamlakat hududida jang qilgan go‘yoki ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olingani aks etgan video yuzazidan batafsil va ishonchli ma’lumot olish maqsad qilingan.
“Ushbu video bo‘yicha tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni va keyinroq e’lon qilinadigan batafsil ma’lumotni kutishingizni so‘raymiz”, deyiladi O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi saytida.
Biz mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni bilish uchun Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati bilan bog‘landik. Ma’lum qilinishicha, vazirlik xodimlari hozirda Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqandda o‘tadigan sammiti tashkiliy masalalari bilan banda va bu bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi