O‘zbekistonlik olimlar rangli paxta ixtiro qilmoqchi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda tola sifati yuqori bo‘lgan och jigarrang, to‘q jigarrang, qizil, sariq, och yashil va to‘q yashil rangdagi paxta yetishtirish sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazirlik huzuridagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining “G‘o‘za biotexnologiyasi” laboratoriyasi tajriba maydonida olimlar tomonidan molekulyar genetika, fiziologiya, biokimyo va seleksiyaning zamonaviy uslublarini qo‘llagan holda yuqori tola sifatiga ega navlarni yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, tabiatda oppoq paxtadan tashqari yana turli rangdagi g‘o‘za ekinlari ham mavjud. Laboratoriya xodimlari aynan ushbu g‘o‘za navlari ustida tadqiqotlar olib borib, tolasi och qo‘ng‘ir, to‘q qo‘ng‘ir, qizg‘ish, sarg‘ish, och yashil, to‘q yashil va boshqa rangdagi g‘o‘za namunalarining qimmatli xo‘jalik belgilari sifatini oshirishmoqda. Kelgusida yana boshqa ranglarga ega g‘o‘zalar ustida ishlashni maqsad qilib qo‘yishgan. Sababi respublikada ushbu yo‘nalishni rivojlantirish nafaqat qishloq xo‘jaligi iqtisodiy samaradorligini, balki eksport salohiyatini ham  oshirishga xizmat qiladi.

1950-60-yillarda g‘o‘zaning tabiiy rangli (ko‘p rangli) navlarini yetishtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilgan. Biroq, kimyo sanoati rivojlanishi bilan turli xil sifatli bo‘yoqlar yaratildi va bu turdagi paxtaga talab yo‘qolgan.

“To‘qimachilik sanoatida paxta tolasini kimyoviy qayta ishlash katta miqdorda suv, energiya, kimyoviy moddalar va boshqa resurslarni talab qiladi. Matolarni bo‘yash jarayoni kanserogen kimyoviy bo‘yoqlar va qo‘shimcha mahsulotlardan foydalanish tufayli atrof-muhitni ifloslantiradi. Bugungi kunga kelib, to‘qimachilik mahsulotlarini bo‘yash jarayonida hosil bo‘ladigan turli xil kimyoviy chiqindilar va ular bilan bog‘liq ekologik tahdidlarni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Tabiiy bo‘yalgan g‘o‘za navlari tola sifati past bo‘lsa-da, biotik va abiotik stresslarga, ayniqsa, zararkunandalarga, turli kasalliklarga, sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamliligi aniqlangan. Shuning uchun etishtirishda ekologik toza pestitsidlar va insektitsidlarga ehtiyoj ancha kam. Bu, o‘z navbatida, organik paxta yetishtirish imkoniyatini oshiradi. Tabiiy bo‘yalgan paxta tolasining sifati past bo‘lganligi sababli seleksionerlar tola sifatining asosiy ko‘rsatkichlari, ayniqsa, uning uzunligi, mustahkamligi va tola mikroneyrini yaxshilash, shuningdek, unumdorligini oshirish bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

75

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing