O‘zbekistonlik xonandalar Ozarbayjon sahnasini “yondirdi”

Olam

Ozar va o‘zbek. Bu ikki xalqni birlashtirib turuvchi nuqtalar bisyor. Bir tomonda Navoiy, bu tomonda Ganjaviy. Bir tomonda Qodiriy, bu tomonda Shayxzoda. Bir tomonda Botir Zokirov, bu tomonda Muslim Magamayev. Ular xalqlar o‘rtasida asrlar oshgan munosabatlarning nodir sayqali, javohirlaridir.

44 yil deganda Ozarbayjon xalqi o‘zbek madaniyati va san’atidan bevosita bahramand bo‘lyapti. 1-4 avgust kunlari Bakuda O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tkazilmoqda.

Dastur avvalida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Ozarbayjonning siyosiy arboblari, ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarining buyuk namoyondalari mangu qo‘nim topgan Faxr xiyoboniga borib, marhumlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Keyingi manzil – Shahidlar xiyoboni. Bu yerda Ozarbayjon ozodligi shahid ketgan azizlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi. 

So‘ngra O‘zbekiston madaniyat kunlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimni kirish so‘zi bilan ochgan Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vaziri Odil Karimli ushbu tarixiy kun ikki mamlakatlar madaniy aloqalari rivoji uchun yangi sahifa ekanini aytdi. 

Nazarabekov o‘zbek xalqi Ozarbayjonni g‘oyat yaxshi ko‘rishini aytarkan, hatto oila a’zolari ham Bakuni ko‘rish niyatida qolganini qo‘shib ketdi. 

Konsert dasturiga alohida tayyorgarlik ko‘rilgan. Qariyb 300 kishilik delagatsiya, jonli ijro va O‘zbekistonning qaynoq harorati… Shunga yarasha Baku markazidagm Haydar Aliyev san’at saroyiga o‘zbek san’atini qadrlaydigan muxlislar yig‘ilgan. Ular tasodifiy tomoshabin emas, san’atning – o‘zbek san’atining haqiqiy muxlislari. 

Konsert dasturida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, shuningdek, O‘zbekiston xalq artistlari Farruh Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Samandar Alimov, Gulsanam Mamazoitova, Jenisbek Piyazov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ilyos Arabov, Yulduz Turdiyeva, xonandalar Ozoda Nursaidova va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanoq Mammedova ishtirok etdi.
Ayniqsa, Ozoda Nursaidova, Farruh Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Samandar Alimov va Jenisbek Piyazovni tomoshbinlar qo‘yib yuborgisi kelmadi. O‘zbekistondagi kabi tomoshabinni zalda kuylayotgan xonanda emas, xonandani tik turib qarsak chalayotgan tomoshabin kuzatib qo‘ydi. 

Nasiba Abdullayeva uchun bu kun oddiy kun emas. U Ozarbayjonning 30 yillik dardini kuyga soldi. Hayajon ham shunga yarasha. Qorabog‘ haqida kuylayotgan xonanda sahna libosini shunga yarasha tanladi. U yelkasiga onasi kelin bo‘lgan kunda boshiga tashlagan oq shoyi ro‘molni tutib chiqdi va Qorabog‘ haqida kuylayotib, askar o‘g‘li shahid bo‘lgan, bolasi beshikda o‘lgan, ham moli, ham turmushidan ajralgan onalar hasratini aks ettirdi.

Konsertdan taassurotlar talay, hatto, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanoq Mammadovada ham. U sahnada Sevara Nazarxon ijodiga mansub “Vatanim” qo‘shig‘ini ijro etdi. 

Madaniyat kunlari doirasida tadbirlar talaygina. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanining ozar tilidagi tarjimasi taqdimotidan tortib, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrining “Qaynona” spektakligacha. QALAMPIR.UZ’da qoling.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing