O‘zbekistonlik dizaynerning liboslari Tayland qirolichasi moda haftaligida namoyish etildi
Madaniyat-san’at
−
27 noyabr 2019
12044Joriy yilning 19-24 noyabr kunlari Taylandning Bangkok shahrida "Thai Silk Fashion week 2019" moda haftaligi bo‘lib o‘tdi. Unda 71 davlatdan vakillar ishtirok etdi. Haftalikda o‘zbekistonlik taniqli dizayner, “ANOR”milliy liboslar brendi dizayneri – Yosh dizaynerlar Kengashi raisi Dilnoza Umirzoqova o‘z liboslar to‘plami bilan qatnashdi.
Ushbu moda namoyishi uchun tayyorlangan maxsus to‘plam Tayland ipagi va o‘zbek ikatidan tikilgan bo‘lib, o‘zbekona qadimiy bichimlari, o‘zbek milliy liboslari uslubida va so‘zana naqshlarining yangicha yondashuvi bilan ishlangandir.
Moda haftaligi 2010 yildan buyon Tayland qirolichasi Sirikit homiyligida o‘tkazib kelinadi. E’tiborli jihati shundaki, o‘zbekistonlik dizaynerlar ushbu haftalikda ilk bor ishtirok etmoqda.
Kuni kecha o‘tgan haftalikda 71 mamlakatdan dunyoga yuz tutgan 60 nafar dizayner o‘z liboslarini namoyish etdilar. Liboslarni tikish uchun dizaynerlarga Tayland qirolligi tomonidan 5500 metr qirolliy ipagi taqdim etildi.
Moda haftaligi doirasida Tayland Bosh vaziri Prayut Chan-Ocha ishtirokida "Grand Fashion Extravaganza" moda namoyishining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu namoyishda modellardan tashqari 60 ortiq diplomatik vakolatxonalar rahbarlari dizaynerlar tomonidan tikilgan liboslarni namoyish etdilar. Jumladan, O‘zbekistonning Taylanddagi elchisi Aziz Aliyev rafiqasi bilan Dilnoza Umirzoqova tomonidan tikilgan liboslarni kiyib, podiumga chiqqan.
Haftalikni jahon moda olamidagi asosiy telekanal “Fashion TV” yoritib borgan. Qolaversa, haftalikda “Jimmy Choo” poyabzallar brendi asoschisi, professor Jimmi Chu ham ishtirok etib, dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlagan. Fursatdan foydalanib, Dilnoza Umirzoqova Jimmi Chuni va “Fashion TV” muxbirlarini 2020 yilning aprel oyida O‘zbekistonda o‘tadigan “UZBEKISTAN Fashion week” moda haftaligiga taklif qilgan.
LiveBarchasi