O‘zbekistonga Tojikistondan olib kirilayotgan qariyb 100 kg narkotik moddasi to‘xtatib qolindi

Jamiyat

image

Bugun, 25 avgust kuni O‘zbekistonning Tojikiston bilan chegarasida joylashgan “Sariosiyo” postida qariyb 100 kilogramm giyohvandlik moddalarini Surxondaryo viloyatiga olib kirayotgan yuk mashinasi haydovchisi qo‘lga olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Bojxona boshqarmasiga qarashli “Sariosiyo” chegara bojxona postiga qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi Mersedes-Benz rusumli yuk mashinasi kirib kelgan.

Mazkur yuk mashinasiga ortilgan yuk tegishli tartibda ko‘zdan kechirilganda haydovchi unga 20 tonna og‘irlikdagi ip-kalava yuklanganini ma’lum qilib, bu haqdagi hujjatlarni taqdim etgan.

Bojxona xodimlari tomonidan yuk mashinasining tirkamasi xizmat iti ko‘magida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida uning old tomoni pastki qismiga 93 dona polietilen o‘ramlar yashirilgani aniqlangan.

Polietilen o‘ramlar ochib ko‘rilganida 82 ta o‘ramga 85 kilogramm 505 gramm og‘irlikdagi geroin hamda 11 dona o‘ramga 11 kilogramm 425 gramm og‘irlikdagi gashish giyohvandlik moddalari joylangani ma’lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmatining ma’lumot berishicha, bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 300 dan ortiq qonunbuzarlik holatlarida og‘irligi 260 kilogrammdan ziyod giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 avgust kuni Toshkent shahri Sergeli tumanidagi zavodlardan birida respublika huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan 1 tonna 350 kg narkotik moddalar yo‘q qilindi.

Narkotik moddalarini yoqib yuborish tadbiri jarayonida O‘zbekistondagi narkovaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omil sifatida qo‘shni Afg‘onistonda hanuzgacha giyohvandlik vositalari ko‘p miqdorda yetishitirilishi, dunyoning turli mintaqalariga O‘zbekiston hududi orqali eksport qilinishi keltirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

125

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing