O‘zbekistonga shampun idishida 12 kg geroin olib kirmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Surxondaryo viloyati “Ayritom” chegara bojxona postida giyohvandlik vositalarini olib kirishning navbatdagi qing‘ir usuli fosh qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1 mart kuni soat 16:35 dan 16:50 ga qadar mazkur postga ketma-ket ravishda 4 nafar qo‘shni davlat fuqarolari piyoda kirib keladi.

Qizig‘i shundaki, ushbu shaxslarning qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, to‘rtalasi ham o‘zlari bilan bir xil tovar, ya’ni shampunlar olib o‘tayotgani bojxona xodimlarining diqqatini tortadi.

Mazkur postga piyoda kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosining qo‘l yuklari belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, sumka ichidagi 14 dona shampun qutilariga shubhali moddalar solingani ma’lum bo‘lgan.

Bojxona ko‘rigi davomida ushbu moddalar 3 kg 149 grammni tashkil qiluvchi suyuq shakldagi geroin giyohvandlik vositasi ekani aniqlangan.

Oradan 5 daqiqa o‘tmay qo‘l yuklari orasida 12 dona shampun olib o‘tayotgan yana bir xorijiy fuqaro to‘xtatib qolingan. Bu gal shampun qutilariga joylangan suyuq geroinning og‘irligi 2 kg 532 grammni tashkil qilgan.

“Shu kuni yaxlit zanjirdek tizilgan qonunbuzarlar 5 daqiqalik tafovut bilan ketma-ket ushlanaverdi. O‘zidan avvalgi sheriklarining qo‘lga olinganidan bexabar tarzda yana 2 nafar xorijiy davlat fuqarosi bojxona postiga bamaylixotir kirib kelishar ekan, ularni ham sheriklarining qismati qarshi oldi”, deyiladi xabarda.

Ulardan biri 13 dona shampun qutisida 3 kg 472 gramm, yana biri esa 14 dona shampun qutisida 3 kg 202 gramm og‘irlikdagi suyuq geroinni olib kirishga uringan vaqtda to‘xtatib qolingan.

Shunday qilib, 4 nafar xorijiy fuqarolardan olib qo‘yilgan 53 dona shampun qutilaridagi jami 12 kg 355 grammni tashkil qiluvchi narkotik moddalar suyuq geroin ekanini ekspertiza xulosasi ham tasdiqlagan.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

107

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing